2025-yilgi Kann kinofestivali: yangi kiyinish qoidalari va ochilish marosimidagi eng chiroyli obrazlar
Liboslardan-da jozibali jihatlar

13-may kuni Fransiyada 78-Kann kinofestivali rasman boshlandi. Bu yil hakamlar hay’atiga Jyulyet Binosh raislik qilmoqda, biroq, ochig‘ini aytganda, jamoatchilik buni emas, boshqa narsani muhokama qilmoqda. Tashkilotchilarning kutilmagan xabari haqiqiy shov-shuvga sabab bo‘ldi: marosimdan bir kun oldin e’lon qilingan yangi kiyinish qoidalari kechaning asosiy mavzusiga aylandi.
Kann qizil yo‘lagi uchun xos bo‘lgan barcha narsalar taqiqlandi: shaffof “ochiq” ko‘ylaklar, uzun dumli liboslar va teatrga xos dabdabali kiyimlar. Tashkilotchilar bunday kiyimlar gilamdan o‘tishga xalaqit berishi va zaldagi o‘tirishni sekinlashtirishini ta’kidlashdi. Qoidabuzarlarni ayamaslikka va kirishdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaytarishga va’da berishdi. Shunday bo‘lsa-da, mashhur mehmonlar qoidalarni buzmagan holda diqqatni tortishning yo‘lini topdilar.
ELLE O‘zbekiston festivalning ochilishidagi eng ta’sirli go‘zallik obrazlarini to‘pladi va ular, shubhasiz, e’tiboringizga loyiq.
Bella Hadid
Bu yil Bella Hadid yana bir bor hayratda qoldirish qobiliyatini namoyish etdi. Model ochilish marosimida yangi soch rangi bilan paydo bo‘ldi, bu uning yangi qiyofasini ajoyib tarzda ta’kidladi. Yumshoq tutunsimon ranglardagi pardoz libosi bilan uyg‘unlashib, ifodali nigohiga urg‘u berdi. Soddalik, nafislik va kecha kayfiyatiga to‘liq mos qiyofa.

fotо: instagram \ @bellahadid
Irina Sheyk
Irina Sheyk haqiqiy go‘zallik tafsilotlarda ekanini yana bir bor eslatdi. Uning soch turmagi hajmdor tugun va erkin tushgan sochlarni uyg‘unlashtirdi, bu eski Gollivud ruhidagi obrazni zamonaviy talqinda yaratdi. Pardoz imkon qadar tabiiy, terining yengil jilosi va yakuniy urg‘uni bergan ifodali “mushukcha” ko‘z chiziqlari bilan bezatilgan.

foto: instagram \ @irinashayk
Izabeli Fontana
Braziliyalik model Izabeli Fontana nafislikka urg‘u berilgan klassik uslubni tanladi. Tartibli tugun, yonlama taralgan kokil va tabiiy pardoz uning qiyofasini ham nafis, ham yangicha ko‘rsatdi. Bir ko‘rinishda nafislik, yengil jilva va benuqson did uyg‘unlashganda, nigohni uzib bo‘lmaydi.

foto: instagram \ @isabelifontana
Eva Longoriya
Bu oqshom Eva Longoriya go‘yo nur sochayotgandek edi. Uning Tamara Ralph libosidagi ko‘rinishini sochlaridagi yumshoq to‘lqinlar va qora tutunsimon ko‘z pardozi to‘ldirdi. So‘nggi shtrix – yengil yaltiroq va konturli baxmalsimon teri.

foto: instagram \ @evalongoria
Barcha cheklovlarga qaramay, Kann festivalining mashhur mehmonlari e’tiborni tortish uchun “ochiq” libos kiyish shart emasligini ko‘rsatishdi. Ba’zan lab bo‘yog‘ining to‘g‘ri tusi, soch tolasining mukammal joylanishi va o‘ziga bo‘lgan ishonchning o‘zi kifoya qiladi.