5 maslahat: Sog‘lom hayot tarzi uchun
Nimadan boshlash kerak?
Har birimiz yosh, sog‘lom va go‘zal bo‘lishni xohlaymiz. Biz bu yo‘lda sizga yordam beradigan tavsiyalarni tayyorladik. Unutmang: murakkab bo‘lmagan, ammo muntazam harakatlar doimo katta natijalarga olib keladi.
Uyqu rejimini tiklang
Uyquning asosiy vazifalaridan biri – bu butun organizm hujayralarini umumiy yangilashdir. Sifatli uyqu immunitet, asab tizimi, insonning o‘zini his etishi va tashqi ko‘rinishiga taʼsir qiladi. Sog‘lom uyquning eng muhim qoidasi – har kuni bir vaqtda uxlashga yotish va uyg‘onish. Shu tariqa ichki biologik soatlarimiz ushbu vaqtda kerakli gormonlarni ishlab chiqarish evaziga uyquga to‘yishimizga ko‘maklashadi.
Jismoniy mashqlar uchun vaqt toping
Muntazam sport bilan shug‘ullanish yurak mushaklarini mustahkamlashga, qon aylanishini yaxshilashga va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini kamaytirishga yordam beradi. Sport shuningdek, stressni oson yengishga ko‘maklashib, kognitiv qobiliyatlar rivojiga imkon yaratadi. Avvaliga ertalabki kichik badantarbiya, yengil tortilish yoki yayov yurishni odat qilib olish mumkin. Sportning har xil turlarini sinab ko‘rib, aynan o‘zingizga mosini toping!
Ovqatlanish tarzingizga eʼtibor bering
Biz nimani yesak, o‘zimizda shu natijani ko‘ramiz. Hayot sifati va davomiyligini yaxshilash uchun ovqatlanish tarziga ongli yondashuv o‘ta zarur. Sog‘lom ovqatlanish – barcha aʼzolar quvvatini va ishini muvofiqlashtirish uchun zarur bo‘lgan moddalarning kelib tushishi va so‘rilishi garovidir. Yetarli miqdorda suv ichish, ratsionga ko‘proq meva-sabzavotlarni qo‘shish hamda shakar va tuzni iloji boricha kamaytirish muhim.
Hissiy yuklama bilan shug‘ullaning
Zamonaviy dunyoda har birimiz stressga duch kelamiz. Shaxsiy hissiyotlarga quloq tutish, miya va organizmga vaqtida dam berish zarur. Bundan tashqari, hissiy yuklama kundalik hayotda qulaylik va mamnunlikni his etish uchun muhim. Bu salomatlik haqida g‘amxo‘rlik qilish va eng yaxshi profilaktikadir. Xohishingizga qarab, nafas mashqlari, karaoke, ijodiy mashg‘ulotlar, meditatsiya, tabiatda vaqt o‘tkazish yoki shunchaki yolg‘iz qolishni tanlashingiz mumkin.
Zararli odatlardan voz keching
Chekish, spirtli ichimliklarni isteʼmol qilish va boshqa zararli odatlar salomatligimizga salbiy taʼsir qilib, erta qarishimizga va hissiy beqarorlikka olib kelishi allaqachon isbotlangan. Ulardan voz kechish oson emas – xohish, kuchli iroda va sabr kerak. Bosqichma-bosqich boshlang. Psixologlar birlamchi sabablarni o‘rganishni tavsiya etishadi – balki ishda asabiylashsangiz, beixtiyor chekishga tusharsiz. O‘sha vaqtdagi hislaringizni kuzatib, “yomon” odatingizni “yaxshi” odatga o‘zgartirib ko‘ring – tamaki chekishning o‘rniga olma isteʼmol qiling yoki yong‘oq chaqing. Yangi narsani boshlash doim oson bo‘lmagan, ammo biz sog‘lom hayot sari birinchi qadamni tashlash uchun kuchingiz yetishiga ishonamiz.