80 yillik umid: ildizlarga yo‘l
Roza Grigorevna Li.O‘zbek yuragida koreys ruhi

Ba’zan ildizlar shunchaki tarjimai holning bir qismi emas, balki bizni o‘tmish bilan bog‘laydigan va bugunga kuch beradigan nozik, ko‘zga ko‘rinmas ipdir.
Ushbu hikoya qahramoni – O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan 80 yoshli Li Roza Grigorevna. Uning hayoti sevgi, mehnat va orzu sukunati bilan to‘la. U qachonlardir chegaraning narigi tomonida qolgan oilasi haqida ko‘proq bilishni orzu qilardi. Roza Grigorevna birinchi marta o‘z shaxsiy qissasini – yo‘qotilgan vatan, tong pallasida yoqib yuborilgan xatlar va uzoq yillar o‘tsa ham so‘nmaydigan umid haqida so‘zlab bermoqda.
O‘nlab yillar davomida tuman poliklinikasida hamshira bo‘lib ishlagan bu ayol hamon sevimli kasbi haqida jo‘shqinlik bilan gapiradi: “Ishlashni davom ettirishni xohlardim, lekin oilam ruxsat bermayapti”, – deya jilmayadi u.
Yoshi o‘tib qolganiga qaramay, Roza Grigorevna g‘aroyib xotirjamlik va ichki kuchga ega. Uning quvvati go‘yo yillar davomida so‘nmaydigan sokin nurga o‘xshaydi. Roza Grigorevnaning hayotida nafaqat boshqalarga, balki o‘ziga ham ongli, teran g‘amxo‘rlik bor. Shunday shaxsiy tanlovlardan biri – u o‘ttiz yildan ortiq shug‘ullanadigan yoga.
ELLE: Yoga bilan shug‘ullanishni qanday boshladingiz?
Yoga amaliyotlarini 47 yoshimda ,o‘zimni yomon his qildim va dori-darmonlar bilan davolanishni istamaganimda boshladim. Men tibbiyot sohasida ma’lumotga egaman, farmakologiya qanday ishlashini tushunaman va o‘zimga yordam berishning tabiiyroq usulini qidirdim. Kolonetikani o‘rgandim, lekin bu yetarli bo‘lmadi. Keyin erim tasodifan “Siz uchun yoga” kitobini olib kelib, “Sinab ko‘r”, dedi.
Avvaliga shubha bilan qaradim, keyin o‘qiy boshlab qiziqib ketdim. Kitobda ko‘plab nazariyalar – tana, ruh, hayot haqida edi va bularning barchasi menga yaqin tuyuldi. Yoga mas’uliyatni, mehribonlikni, boshqalarni ayblamaslikni va nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham o‘z ustida ishlashni o‘rgatadi.
Men aynan o‘zimga mos keladigan asanalarni tanlab, 20 yil davomida har kuni shug‘ullandim. Hozir har ikkinchi kun mashq qilaman va bu endi hayotimning ajralmas qismi. Yoga menga nafaqat kuch va sog‘liq, balki ruhiy muvozanat ham beradi. U ichki intizomni shakllantiradi, tana va ongni tozalaydi. Bu kuch talab qiladigan, ammo evaziga ko‘p narsa beradigan yo‘l.
ELLE: Siz 30 yildan beri o‘z retseptingiz bo‘yicha krem tayyorlab kelmoqdasiz. Ushbu kremning paydo bo‘lish tarixi haqida so‘zlab bering.
Fizioterapiya bo‘limida ishlayotganimda, oldimga bolalar serebral falaji bilan og‘rigan bolani davolash uchun olib kelishdi. Men uning ahvolini ozgina bo‘lsa-da yengillatishni, ya’ni o‘zini oddiy odamlardek his qilishini juda xohlardim. Yordam berish yo‘llarini qidirib, bolgariyalik tabib Vanganing retseptlariga duch keldim. Ular orasida lat yeyish, kuyish va boshqa kasalliklarda yordam beradigan malham tarkibi bor edi.
Men bu kremni tayyorlab, davolashda qo‘llay boshladim. Vaqt o‘tishi bilan bolada yaxshilanish ko‘rindi – u yanada hushyor, faol bo‘lib qoldi, hatto uyda ham o‘zini boshqacha tutadigan bo‘ldi. Keyinchalik malhamni boshqalar – kuyganlar, tovonlarida yoriqlar borlar ham sinab ko‘rishdi va faqat ijobiy fikrlar bildirishdi. Shunday qilib, uni qayta-qayta so‘ray boshlashdi.
Tarkibi butunlay tabiiy: faqat yuqori sifatli zaytun moyi va efir moylari. Kremga 30 yildan oshdi va hali ham uni ko‘plab xaridorlar sotib olishadi – chunki u haqiqatan ham foydali.
ELLE: Bolaligingiz haqida ozgina gapirib bering. U qayerda o‘tdi? Xotiralaringizda ota uy hissi bilan bog‘liq nimalar bor?
Urganchda tug‘ilganman. Otam universitetda dars berardi, o‘sha paytlarda o‘qituvchilar yetishmagani uchun uni tez-tez turli shaharlarga yuborishardi. Urganchdan so‘ng oilamiz Nukusga ko‘chib o‘tdi. Bu shaharda mening eng muhim davrlarim: o‘qishim, birinchi ishim, oilam, farzandlarim, keyin esa nabiralarim hayoti kechdi. Nukus mening uyimga aylandi – barcha muhim voqealar u bilan bog‘liq. Mayli, u poytaxt emas, uzoqda joylashgan deyishsin, men uchun u boshqa har qanday shahardan azizroq. U mening hayotimda alohida o‘rin egallaydi.
ELLE: Ildizlaringizga bo‘lgan alohida intilishni qachon his qildingiz?
Bilasizmi, bu fikr hamisha xayolimda yashab kelgan. Otam qarindoshlarini juda sog‘inardi. O‘sha paytlarda ko‘pchilik Shimoliy Koreyadan ko‘chib kelgan – kimdir O‘zbekistonga, kimdir Rossiyaga, keyin esa omadi chopganlar Janubiy Koreyaga.
O‘shanda otam oilasi bilan birga edi – onasi endi hayotda yo‘q edi, lekin uning ikki akasi va singlisi bor edi. U barcha qarindoshlarini chegaradan olib o‘tdi. O‘zi o‘tmoqchi bo‘lganida esa uni to‘xtatib qolishdi.
Bu oson davr emasdi. Buni qamoq deb bo‘lmaydi, shunchaki unga: “Sen biz bilan qolasan. Bizga odamlar kerak. Sen ishga yaraysan”, deyishdi. U juda halol, vijdonli odam edi – qarshilik ko‘rsatmadi. Shu tariqa u ikki yil xizmat qildi. Uni qo‘yib yuborishgach, Xabarovskda o‘rnashib qoldi. O‘sha yerda onamga uylandi. Ular beshta farzand ko‘rishdi.
Hozir mendan boshqa hech kim tirik qolmagan. Tasavvur qiling, oradan qancha yillar o‘tdi. Ba’zan o‘zimga o‘zim hayron qolaman – sakson yoshgacha yashayman deb o‘ylamagandim.
ELLE: Demak, u bu voqeani siz bilan o‘rtoqlashgan ekan-da?
Ha, u gapirib bergan, bolaligimdan ba’zi narsalarni eslayman. Men o‘n yoshlar chamasida edim, uni to‘satdan chaqirishdi, ertalab soat to‘rtlar edi. O‘sha paytlarda chet eldagi qarindoshlari bilan xat yozishish taqiqlangan, lekin u baribir aka-ukalari va singlisi bilan aloqani uzmagandi.
Ikki soatlik so‘roqdan so‘ng unga: “Uyga qaytganingizda qo‘lingizdagi barcha xatlar va manzillarni yo‘q qiling”, deyishdi. Uning esa xatlar to‘la butun boshli chamadoni bor edi. U halol odam sifatida hammasini bajarishga ahd qildi.
Esimda, u ertalab soat oltilarda uyga qaytib, gulxan yoqa boshladi. Men juda qiziquvchan edim, bolaligimdan nihoyatda kuzatuvchan bo‘lganim uchun u nima qilayotganini tushunolmasdim. U esa bu xatlarni, qarindoshlari bilan aloqasining barcha izlarini jim turib yoqib yuborardi...
Yugurib ko‘chaga chiqdim-da, so‘radim: “Dada, nima qilyapsiz?” U esa sekin javob berdi: “Mayli, senga keyin tushuntirarman... Uyga kir”. Uning ko‘zlari yoshga to‘lgan edi, lekin u indamay xatlarni yoqishda davom etdi. U hamma narsani – manzillarni ham, xotiralarni ham, umidlarni ham yoqib tashladi.
Shu bois biz uning qarindosh-urug‘larining nomlarini ham bilmaymiz. Biroq u doim ularni topishni orzu qilardi. Oilasiga bo‘lgan bu sog‘inch uni hech qachon tark etmagan.
Negadir u doim menga: “Seulga faqat sen borasan, shekilli”, derdi.
Men hayron bo‘lardim: “Menmi? U yerda nima qilaman?”
U esa: “U yerda sening qarindoshlaring bor…” deb javob berardi.
Ammo u bizga hech narsa qoldirmadi – na ismlar, na manzillar. Eng achinarli voqea uning vafotidan so‘ng yuz berdi: u bir umr yuritgan kundalikni uning yoniga qo‘yishdi. U bilan birga hamma narsa ketdi. Bizni uning qarindoshlari bilan bog‘lashi mumkin bo‘lgan so‘nggi ipni yo‘qotdik.
Boshi qayerda-yu, oxiri qayerda – hammasi yo‘q bo‘ldi.
Bir kuni protestant cherkovi ruhoniysi bilan suhbatlashib, ildizlarni topishda yordam bera olasizmi, deb so‘radim. U: “Osonlikcha, faqat ismlarini ayting”, deb javob berdi. Lekin, afsuski, biz aniq ma’lumotlarni bilmaymiz. Yaqinda nabiram ham oila tarixiga qiziqib qoldi – uning va mening farzandlarimning bolalari Janubiy Koreyada yashaydi, shu bois u qidirishga kirishishga qaror qildi. Hozircha faqat Qo‘ng‘irotda qayta rasmiylashtirilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma topildi – unda ismi, familiyasi va ota-onasining ismlari ko‘rsatilgan. Hozir, albatta, faqat nevaralar qoldi, yoshlar esa oila tarixi bilan kamdan-kam qiziqishadi... Shuning uchun ba’zan nimanidir topishga muvaffaq bo‘linadi, ba’zan esa hammasi uziladi-qoladi.
Foto: Nadejda Pak