Andy Warhol – maishiy chiqindilarni san’at asariga aylantirgan inson

“Men shunchaki oddiy narsalarni yaxshi ko‘rganim uchun shunday bo‘lib chiqdi”

Foto: Unsplash
Foto: Unsplash

Andy Warhol – chiqindi chelagini san’at asariga aylantira olgan inson. U hamma narsa tezda ishlatilib, unutilib ketayotgan, san’at asarlari esa shaklini o‘zgartira boshlagan bir davrda ijod qilgan insondir. U bo‘sh qutilar, eskirgan markalar, g‘ijimlangan qog‘ozlar bilan ichi to‘lgan savatni qo‘liga olishi bilanoq, ularni qiymatga va ma’noga ega bo‘lgan san’at asariga aylantirardi. Warholning XX asrning eng mashhur rassomlaridan biri, Amerikaning “iste’molchilik” ommaviy madaniyatidan ilhomlangan eng mashhur plakatlar va tasvirlar seriyasini yaratgan pop-art rassomi sifatidagi madaniy afsonasi shu tariqa boshlandi.

 U to‘rt qavatli uyda yashar, lekin bu unga kifoya qilmasdi. Shuning uchun unda qo‘shimcha ravishda keraksiz narsalar va boshqalar tashlab yuborgan axlatlarni yig‘ish uchun omborxona paydo bo‘ldi. “Chiqindi tashuvchi” sifatida qashshoqlashgan yosh yigit keyinchalik ota-onasi bilan AQShga muhojir sifatida kelgandan so‘ng, XX asrning eng mashhur va nufuzli san’at olamidagi insonga aylandi. U sirli va daho inson edi, maishiy chiqindilarga shunchalik qiziqardiki, ularni XX asr kishisining holatini umumlashtiruvchi falsafiy talqinlarga ega san’at asarlariga aylantira oldi.

 Andy slovakiyalik muhojirlar oilasida uchinchi farzand edi. Taxminan 8 yoshida u uydan uzoq vaqtga chiqib ketishiga to‘sqinlik qiladigan jiddiy nevrologik kasallikka chalinadi. Andyning onasi iste’dodli rassom edi. Bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun va  bolaning badiiy qiziqishlari, o‘tkir aql-zakovatini rivojlantirish maqsadida onasi  unga badiiy mahoratni o‘rgatadi. Andy to‘qqiz yoshga kirganida, onasi unga birinchi  fotoapparatini olib beradi. Andy bu fotoapparatini endi  hamma joyda o‘zi bilan birga olib yurar va ko‘ziga tushgan hamma narsani suratga olishga harakat qilardi. Shu bilan birga, u katta qiziqish bilan rasm chizdi va taniqli insonlarning suratlarini yig‘di.

O‘rta maktabni tugatgach, Andy Warhol Karnegi texnologiya institutiga o‘qishga kirdi. Uning mutaxassisligi badiiy dizaynga ixtisoslashtirilgan edi. Bu esa unga nashriyotda yangi usullarni kashf etishga yordam berdi. Keyinchalik nashriyotda yaratgan bu usuli chizgan rasmlarining tashrif qog‘oziga aylandi. 1949-yilda Warhol bu usulini ko‘plab reklama roliklarida qo‘llaganligi bilan tanildi. Uning ishlari bu – poyabzallar reklamasi, Rojdestvo bayramiga oid kartochkalar va kitobga chizilgan rasmlar edi.

1950-yillarning boshlarida Andy o‘z familiyasini Varholdan Warholga biroz o‘zgartirishga va ommaga o‘zini tijorat san’atida tajribali jiddiy rassom sifatida tanishtirishga qaror qildi,  bunga uning amerika pop-madaniyatiga singib ketishi turtki bo‘ldi. 1952-yilda Andy Nyu-Yorkdagi Zamonaviy san’at muzeyida o‘zining birinchi shaxsiy ko‘rgazmasini, undan so‘ng 1956-yilda o‘zining birinchi guruh ko‘rgazmasini taqdim etdi. Warholning asarlari u taklif qilgan narsalarning o‘ziga xosligi tufayli ko‘plab zamonaviy va yangi rassomlarning e’tiborini jalb etdi.

Keyinchalik Warhol qog‘oz, varaqalar va sovg‘a qadoqlaridan foydalanishni va ularni zamonaviy Amerika iste’molchisi hayotining mazmunini aks ettiruvchi naqshlarga aylantirishni boshladi. Bu davrda yaratilgan Andy asarlarida abstrakt ekspressionizmning ta’sirini ko‘rish mumkin edi.

Shunga qaramay, "Brillo qutilari" (1946) kabi ancha keyingi asarlarda biz mavhum ekspressionizmdan ommabop san’at tomon aniq burilishni ko‘rishimiz mumkin. 1961-yilda Warhol "pop-art" deb nomlangan badiiy ko‘rgazmalar bilan ishlashga kirishdi, ular sovun, muzqaymoq va shunga o‘xshash boshqa tijorat tovarlari muqovalarini chizishga asoslangan edi. 

Warhol, shuningdek, o‘sha vaqtdan boshlab devorlarda osig‘liq bo‘lgan xolstda suratlarning aksini oshirish uchun qurilmalarni ishlatib zamonaviy rasm texnikasidan foydalanganligi va shundan keyingina elementlarni qalam bilan ajratmasdan rasmni xolstga ko‘chirganligi sababli mashhur bo‘ldi, bu esa ishni grafik dizayndan ko‘ra ko‘proq suratga o‘xshatgan.

Kempbellning sho‘rva bankalari unga yana bir bor g‘ayrioddiy shaxs sifatida qarashlariga sababchi bo‘ldi. Warhol sho‘rva qutisini nafaqat Amerika jamiyatida, balki umuman san’at olamida hukmronlik qilgan iste’molchilik ifodasi sifatida rassomchilikning muqobili sifatida chizdi.

 

Warholning eng mashhur asarlaridan biri bu uning bir nechta gravyuralarda Merilin Monroni tasvirlagan surati va  gravyuraning ustunlik qiluvchi ranglarini Merilin nomi bilan atagani bo‘ldi, masalan, Merilin Monro oltin, bronza, binafsha va shunga o‘xshash nomlar. Ushbu ishlardan maqsad – 1962-yil avgust oyida uyqu dorisini haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish oqibatida to‘satdan vafot etgan Merilin xotirasiga hurmat ko‘rsatish edi. Warholning so‘zlariga ko‘ra, Monro Amerika ommaviy madaniyatining ramziga aylanganidan so‘ng, u do‘kon peshtaxtalaridagi har qanday tovarga o‘xshab qoldi. Vafotidan so‘ng Amerikada uning suratlariga bo‘lgan savdoyilik paydo bo‘lib, u gazeta va jurnallarda keng tarqaldi.

Populistik obrazlardan tashqari, Warhol 1963-yildan 1976-yilgacha bir necha daqiqalik filmlardan tortib 24 soatlik bo‘lgan 600 ga yaqin filmlarni  yaratdi. Ushbu filmlar bilan bir qatorda u mashhur bo‘lgan xarakterli obrazlar uni XX asrning eng mashhur pop-artistlaridan biriga aylantirdi. Uning asarlari iste’molchi madaniyatini ham ulug‘lash, ham tanqid qilishni o‘zida mujassamlashtirgan va bugungi kungacha dunyodagi eng qimmat san’at asarlari ro‘yxatida turadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles