“Pikasso – zamonaviy san’at qiyofasini o‘zgartirgan daho”
“Rassom – bu sotilishi mumkin bo‘lgan narsalarni chizadigan odam. Yaxshi rassom esa chizgan narsasini sotadi”
Bugun eng “qimmat” ispan rassomi – 1881-yil 25-oktyabrda dunyoga kelgan Pablo Pikasso tavallud topgan kun. Butun dunyoga mashhur, kubizmning asoschisi sanalgan bu usta umrining ko‘p qismini Fransiyada o‘tkazgan. Ikkita jahon urushining guvohi bo‘lgan Pikasso o‘z ijodi bilan nafaqat Yevropa san’atiga, balki butun dunyoga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Xose Ruis rassomchilik iste’dodini otasidan meros qilib olgan. Biroq, shunga qaramay, uning otasi san’at sohasida tan olinmadi va rassomchilik muzeyida nazoratchi bo‘lib ishlashga majbur bo‘ldi. U o‘g‘lining mahoratini rivojlantirishga yordam beradigan tasviriy san’at muhitni yaratdi.
Moviy va pushti davrlar
Pikassoning dastlabki asarlari uning “moviy” va “pushti” davrlarini aks ettiradi.
Pikasso ijodining “moviy davri” boshlangan aniq sana noma’lum. Rassomning o‘zi bu davr do‘sti Kasagemas vafotidan keyin boshlanganligini ta’kidlaydi. Biroq san’atshunos Helen Seckel Pikassoning o‘sha paytda Parijda bo‘lmaganini sabab qilib, bu fikrni shubha ostiga qo‘yadi. U voqealar xronologiyasiga rioya qilish muhimligini ta’kidlaydi va do‘stning o‘limi mavzusi rassom asarlarida o‘sha yilning kuzida vafot etganlarning bir nechta portretlari bilan birga paydo bo‘lganligini ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, ko‘k rangdan foydalanish Pikassoning chiroq yorug‘ida tunda ishlash odati, shuningdek, boshqa bo‘yoqlar sotib olishga imkon bermaydigan moliyaviy qiyinchiliklari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Moviy davrning eng ramziy rasmlaridan biri “Hayot” (La Vie, 1903) bo‘lib, u ma’yus kayfiyat va ruhiy izolyatsiya hissi bilan tavsiflangan moviy davrning mohiyatini ilg‘ab, borliq siklining allegoriyasini tasvirlaydi.
Pablo Pikasso ijodi “ko‘k davri”ning kulminatsion asari Selestina ismli bir ko‘zli ayolning portreti bo‘lib, bu yerda u rang va his-tuyg‘ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni tadqiq qila boshladi.
Pablo Pikasso ijodidagi “pushti davr” yorqinroq va iliqroq palitraga o‘tish bilan tavsiflanadi. Rassom ilgari ustunlik qilgan sovuq ranglar o‘rniga marvarid kulrang, quvnoq zarg‘aldoq, pushti va qizil ranglarning nozik tuslaridan foydalanadi. Pikasso o‘z ijodining bu davrida ko‘plab mashhur san’at asarlarini yaratdi.
Rassom rang-tasvir, gravyura va naqqoshlik bilan faol shug‘ullangan, sirk artistlari: rassomlar guruhlari, qiziqchilar va masxarabozlar tasvirlangan ko‘plab figuralarni yaratgan. Sirk turlari “pushti” davrda uning ijodining asosiy mavzusiga aylandi, bu uning mashhur “Akrobatlar oilasi” asarida yorqin namoyon bo‘ldi.
1905-yilda yaratilgan “Akrobatlar oilasi” kartinasi Pablo Pikassoning o‘sha davrdagi eng mashhur asarlaridan biridir. Asarda kimsasiz hudud bo‘ylab sayohat qilayotgan sirk ijrochilari guruhi tasvirlangan.
Ba’zilar bu asarda jamoaviy izolyatsiya va sog‘inch g‘oyalari aks etgan, deb tahmin qiladi. Qahramonlar figuralari bir-biriga jipslashgan bo‘lishiga qaramay, ular o‘rtasida hech qanday o‘zaro ta’sir mavjud emas.
Ta’kidlash joizki, garchi Pikasso model sifatida sirk artistlaridan foydalangan bo‘lsa-da, ko‘pincha ularni tinch holatda tasvirlashga harakat qilgan.
San’at hayot kundaligi sifatida
Pikasso hayotidagi voqealar uning ijodida o‘chmas iz qoldirdi, aslida bu unga tegishli eng chuqur his-tuyg‘ular, fikrlar va tashvishlarning aniq, ravshan va uslubiy kundaligi hisoblanadi.
Aksariyat ekspertlarning fikriga ko‘ra, Pikassoning asarlari to‘liq avtobiografik xarakterga ega bo‘lgan. U oshiq bo‘lmagan hech bir ayol qahramon portretini chizmagan. Pikasso uchun ayollar shunchaki uning tashvishlarini, qo‘rquvlarini, (hatto eng aql bovar qilmas) istaklarini ifodalash uchun ishlatiladigan vosita edi.
Aynan o‘zining shaxsiy iztiroblarini kuzatish uchun Pikasso o‘z uslubini doimiy ravishda yangilab bordi, moviy davrning she’riy muhitidan pushti davrning uzoqlashgan orzusiga, kubizmdagi inqilobdan klassik realizmga hayratlanarli qaytishga o‘tdi. Faqat shundan keyingina u o‘zining avvalgi uslublarining aniq eklektizmiga keldi.
Bu ham shaxsiy, ham professional tashvish edi. Britaniyalik fotograf ser Sesil Uolter Biton undan: “Janob Pikasso, nega uslubingizni tez-tez o‘zgartirib turasiz?”, deb so‘raganida, usta shunday javob bergan: “Men o‘z san’atimda ishlatadigan turli uslublar evolyutsiya yoki noma’lum idealga qadam sifatida qaralmasligi kerak... Turli mavzular muqarrar ravishda turli ifoda usullarini talab qiladi. Bu evolyutsiya yoki taraqqiyotning isboti emas, balki turli usullar bilan ifodalangan g‘oyalardir”.
1920-yillarda Pikasso yunon-rim san’ati ta’sirida yanada klassik uslubni o‘rgandi. “Raqs” va "Bog‘dagi ayol” ushbu bosqichga misol bo‘lib, ular rassomning bir uslubdan ikkinchisiga mohirona o‘tish qobiliyatini namoyish etadi.
Kubizm va abstraksiya
Kubizm Pikassoning tashrif qog‘oziga aylandi. “Avinon qizlari’ va “Gernika” kabi asarlar rassomning voqelikni parchalash va qayta qurish mahoratini namoyish etadi.
“Gernika” – ispan rassomi Pablo Pikassoning 1937-yilda chizilgan mashhur kartinasi. U Ispaniyadagi fuqarolar urushi paytida Gernika shahrining bombardimon qilinishiga javoban yaratilgan. Surat urushga qarshi kuchli asar va urush keltirib chiqargan azob-uqubat va vayronagarchilik ramzi hisoblanadi.
1910 yillarda Pablo Pikasso kubizmdan yanada mavhumroq uslubga o‘tdi. U o‘z asarlarida abstraksiyani voqelik va ichki dunyoni subyektiv idrok etishni ifodalash vositasi sifatida ko‘rib, soddalashtirilgan va stilizatsiyalangan shakllardan foydalana boshladi. Shunday qilib, rassom tevarak-atrofdagi olamning serqirraligi va rang-barangligini ifodalashga harakat qilgan.
Ijodining so‘nggi davrida Pikasso tajribachi bo‘lishda davom etdi. “Qo‘y tutgan erkak” va “Yig‘layotgan ayol” kabi asarlar uning doimiy rivojlanish va umidlarga qarshi turish qobiliyatini ochib beradi.
Pikassoning asarlari davr doirasidan chiqib, butun dunyo rassomlarini ilhomlantirishda davom etmoqda. Uning butun umri davomida innovatsiya, tajriba va o‘zini qayta idrok etish qobiliyati usta zakovatidan dalolat beradi.