Kitoblardagi ayol obrazlari
Arxetiplar va ularning ahamiyati haqidagi kitoblar tanlami
Har bir ayolda kuch, donolik, nazokat va ehtirosni o‘zida mujassam etgan ramzlar va timsollar olami yashaydi. Analitik psixologiyada ular arxetiplar deb ataladi. Shveysariyalik psixiatr Karl Gustav Yung tomonidan birinchi marta taqdim etilgan arxetiplar xulq-atvor va dunyoni idrok etishni belgilaydigan tug‘ma obrazlar va motivlardir.
Ayol arxetiplarining ildizlari mif, madaniyat va jamoaviy ongsizlikka borib taqaladi va ularning har biri o‘ziga xos xarakter xususiyatlarini ochib beradi. Ularni o‘rganish esa o‘zining kuchli tomonlarini yaxshiroq tushunishga, ichki ehtiyojlarni anglashga va o‘zi bilan uyg‘unlikni topishga yordam beradi. ELLE O‘zbekiston tahririyati sizga o‘z tabiatingizga nazar tashlash va uning kuchidan kundalik hayotda foydalanishni o‘rganishga yordam beradigan ayollar arxetiplari haqidagi kitoblar to‘plamini taqdim etadi.
“Hayot baxsh etuvchi. Onalikdagi ayol arxetiplari”, Liza Marciano
Liza Marciano o‘z kitobida onalik yo‘lini – homiladorlikning birinchi oylaridan tortib, bolalar voyaga yetgandan keyingi ajralish davrigacha hikoya qilingan miflar, ertaklar, arxetipik obrazlar va ramzlarni chuqur tahlil qiladi. Muallif o‘quvchini onalik roli va uning arxetiplarini ramziy tadqiq etishga taklif qiladi. Bu arxetiplar o‘z shaxsiyatining turli tomonlarini qabul qilish va ularni birlashtirish orqali qanday qilib ichki uyg‘unlikka va o‘z qadriyatlariga ishonchga erishish mumkinligini ochib beradi.
Liza Marciano – AQSHning Filadelfiya shahrida 25 yildan ortiq tajribaga ega yungian tahlilchidir. U nafaqat mijozlar bilan ishlaydi, balki o‘z bilimi va kashfiyotlari bilan o‘rtoqlashib, ma’ruzalar ham o‘qiydi.
“Yer qizi. Ayollar taqdirining o‘zgarishi”, Regina Jilyaeva
Kitobda har bir ayolning ramzi bo‘lgan qahramonning o‘z qadr-qimmati va kuchini anglash orqali o‘tadigan ichki o‘zgarish yo‘li ochib beriladi. Muallif bizning tanamiz his-tuyg‘ular va xotiralar ombori ekanligini ta’kidlaydi. Muhabbatni baham ko‘rish uchun ayol avval o‘zini to‘ldirib olishi kerak, xuddi ildizsiz darxt meva bermagani kabi. Aynan shu o‘z-o‘zi bilan bog‘liqlikni chuqur his qilish orqali shunday xulosa paydo bo‘ladi: sen o‘zing muhabbatsan.
Regina Jilyaeva – psixolog, jismoniy hamda ovoz amaliyoti mutaxassisi bo‘lib, u minglab ayollarni o‘zlarining ayollik tabiatiga qaytish va o‘z-o‘zini qabul qilish yo‘lida qo‘llab-quvvatlagan.
“Bo‘rilar bilan yugurayotgan ayol. Mif va rivoyatlarda ayol arxetipi”, Klarissa Estes
Har bir ayolda ezgu instinktlar, bunyodkorlik kuchi va ajdodlarning chuqur donishmandligiga ega bo‘lgan tabiiy, intuitiv mavjudot yashiringan. Muallif “psixoarxeologik qazilmalar” – ayolning ongsizligini o‘rganishga murojaat qilib, ayolning bu azaliy ruhini tiklashni taklif qiladi. Qadimgi afsona va ertaklarda gavdalangan Yovvoyi ayolning sog‘lom, shifobaxsh arxetipi zamonaviy ayolning qalbida qayta jonlanishi mumkin, bu esa unga intuitiv kuch va bashorat bilan aloqa o‘rnatishga yordam beradi.
Klarissa Estes – amerikalik shoira, faylasuf, yungian psixoanalitik va ko‘plab mukofotlar sovrindori. Shuningdek, u inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan Gvadelupa jamg‘armasiga asos solgan.
“Ayollik obrazlari. Klinik va psixopatologik yondashuv”, Maidi Uari
Maidi Uari kitobida ayol bo‘lish nimani anglatishi, ayollarni qanday istaklar harakatga keltirishi va ayollik tabiatining mohiyati nimadan iborat ekanligini o‘rganadi. Muallif femininlik va uning obrazlarini psixologiyaning asosiy mavzulari kontekstida o‘rganish uchun Freyd tomonidan kiritilgan ruhiy biseksuallik tushunchasidan foydalanadi. Ayol obrazlarini ko‘zdan kechirar ekan, Maidi ularning inson ehtiyojlari va ruhiy tuzilmalari bilan aloqasini chuqurroq tadqiq qiladi.
Maidi Uari – fransuz psixoanalitik va psixologiya professori bo‘lib, Lill va Parij universitetlarida, shuningdek, Bezansondagi Burgundiya Fransh-Konte universitetida (Fransiya) faoliyat yuritadi.
“Har bir ayolda ma’budalar bor. Ayollar hayotidagi asosiy arxetiplar”, Jin Shinoda Bolen
Kitob har bir ayol ruhiyatida mavjud bo‘lgan qadimgi yunon ma’budalarining arxetiplariga asoslangan ayollar psixologiyasiga o‘ziga xos yondashuvni taklif qiladi. Muallif yettita arxetipni ko‘rib chiqadi: Artemida, Afina, Gestiya, Gera, Demetra, Persefona va Afrodita. Ularning har biri ayolning xulq-atvori, qiziqishlari va maqsadlariga ta’sir qiluvchi muayyan xarakter va qadriyatlarni anglatadi. Ushbu arxetiplar ayollarga o‘zlarining ichki istaklarini yaxshiroq tushunishga, kuchli tomonlari va qoniqish manbalarini aniqlashga yordam beradi. Ushbu arxetiplarni o‘rganib, ayol hayotiy vaziyatlarga munosabatini chuqurroq tushunishi, shuningdek, o‘ziga eng mos keladigan o‘zaro ta’sir turini yaxshiroq anglashi mumkin.
Jin Shinoda Bolen – amerikalik psixiatr, yungian tahlilchi va yozuvchi bo‘lib, ayollar psixologiyasi va shaxsiy o‘sish bo‘yicha kitoblari bilan tanilgan.