Galette des Rois yoki Shohona galet

Fransuz an’anasi: o‘tmishdan bugungacha

Foto: Unspalsh

Fransuz madaniyati o‘zining xilma-xil mazali taomlari va lazzatli shirinliklari bilan mashhur. Va uning ramzlaridan biri Galette des Rois – “Shohona galet” yoki “sehrgarlar pirogi”.

Galette des Rois – bu qatlama xamir va bodomli masalliqdan tayyorlangan mashhur fransuz pishirig‘i. Bu shunchaki mazali desertdan ham ko‘proq narsa. Pirog asrlar davomida ildiz otgan boy, xushbo‘y tarixga ega.

Galette des Rois hikoyasi

Xristian urf-odatlariga ko‘ra, u Isoning tug‘ilishi va sehrgarlarning unga sajda qilishini eslatuvchi Xudoning paydo bo‘lishi bayrami sharafiga pishiriladi. Aynan mana shu madaniy an’ana Fransiya va uning tashqarisida hozirgacha ham sevimli bo‘lib kelmoqda.

Galette des Roisning kelib chiqishi qadimgi Rim davriga borib taqaladi. Qadimgi rimliklar qishki quyosh turishining tugashini Saturnaliya festivali bilan nishonlashgan, bu festival davomida ijtimoiy rollar o‘rin almashgan: qullar xo‘jayin bo‘lishgan va “Bir kunlik qirol” bayram pirogida yashiringan dukkaklar yordamida aniqlangan. Pirogdan loviya topgan odam bir kun ichida barcha istaklarini amalga oshirishi mumkin edi, shu jumladan, qul ham o‘z xo‘jayiniga buyruq berish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Vaqt o‘tishi bilan loviya an’anaviy Rojdestvo qahramonlari tasvirlangan kichik chinni yoki plastik figuralarga almashtirildi. Hozirgi vaqtda pirogda har qanday mayda narsalar: tangalar, multfilm qahramonlarining turli xil figuralari va boshqalar kutilmagan sovg‘a bo‘lishi mumkin.

Pirogni stol atrofida qancha odam bo‘lsa, shuncha qismga bo‘lish qadimiy udum hisoblangan. Birinchi duch kelgan bechorani mehmon qilish uchun, albatta, bir burda non (la part du Bon Dieu) qoldirish kerak edi.

An’analar izidan

Dekabr oyining oxiridan boshlab va butun yanvar oyi davomida Fransiyaning novvoyxonalari Galette des Roisning jozibali ifori bilan to‘ladi. Mahalliy aholi ushbu davr ichida bu mazali pirogni bir necha marta tatib ko‘rishni afzal ko‘radi.

Qizig‘i shundaki, Fransiyaning turli mintaqalarida pirog retsepti turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, janubda u kulcha shaklida pishiriladi va shakarlangan mevalar bilan bezatiladi. Qand sepilgan qirollik galeti qimmatbaho toshlar bilan yasatilgan tojga o‘xshaydi. Shunday retseptlar borki, ularga rom yoki sitrus sedrasi, dolchin qo‘shiladi. Ammo asosiy o‘ziga xoslik – bu ichki syurprizning mavjudligi.

Vaqt o‘tishi bilan Galette des Rois o‘zining diniy kelib chiqishini ortda qoldirib, mashhur dunyoviy tadbirga aylandi.  An’ana shu qadar keng tarqalgan ediki, hatto fransuz inqilobiga ham bardosh berdi.

Fransiyada “tirer les rois” yoki “qirollarni bo‘ysundirish” butun yanvar oyi davomida, oila, do‘stlar va hamkasblar galetni bo‘lishish uchun to‘planishganda o‘tkaziladi. Ushbu mazali pishiriqning har bir bo‘lagi bilan odamlar minglab yillar davomida saqlanib qolgan an’anaga qo‘shiladilar, jamoalar va avlodlarni birlashtiradi, shuningdek, bo‘shliqlarni shinamlik va quvonch bilan to‘ldiradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles