Neyrografika: chiziqlar orqali o‘zgarish san’ati
Terapiya fikrlashni qanday o‘zgartiradi va orzularni ro‘yobga chiqarishga qanday yordam beradi
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/01/IMG_9243.jpg)
Atigi bir nechta ravon chiziqlar orqali siz xavotirni kamaytirishingiz, ichki uyg‘unlikka erishishingiz va orzularingizga yaqinlashishingiz mumkin. Neyrografika – bu ijodiy jarayon, psixologiya va neyrofanni o‘zida mujassam etgan noyob usul. Bunday terapiya tufayli orzular va maqsadlarni shunchaki qog‘ozga yozib qo‘ymasdan, balki amalda chizish orqali, ongostida ularni amalga oshirish jarayonini ishga tushirish mumkin.
Neyrografika usulini 2014-yilda falsafa doktori, psixolog va murabbiy Pavel Piskarev ishlab chiqqan. U odamlarga stressni yumshoq va og‘riqsiz yengish, ichki ziddiyatlarni hal qilish va ko‘zlangan o‘zgarishlarga erishishda yordam beradigan yangi usulni izlayotgan edi. Geshtalt psixologiyasi, art-terapiya, kognitiv fanlar va hatto neyrobiologiya tamoyillari neyrografikaning asosiga aylandi.
Metodning nomi ikki so‘zdan tashkil topgan: “neyro” – miya va neyron tarmoqlari faoliyati bilan aloqa; “grafik” – ichki holatni ifodalash va uni o‘zgartirish imkonini beruvchi chizmachilik jarayoni.
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/01/peter-f-XURJBJi_wDE-unsplash.jpg)
Fotо: Unsplash
Neyrografiya qanday ishlaydi?
Metod bizning tafakkurimiz vizual idrok bilan chambarchas bog‘liq ekanligiga asoslanadi. Biz ma’lum chiziqlarni chizganimizda miya buni harakatga buyruq sifatida qabul qiladi va yangi neyron aloqalarini o‘rnatadi. Neyrografiya jarayonida inson ongosti bilan ishlaydi va muammo yoki maqsadga bo‘lgan munosabatini o‘zgartiradi.
Neyrografiya nafaqat maqsadlarga erishishga yordam beradi, balki psixoemotsional holatni sezilarli darajada yaxshilaydi. Art terapiyaning bu turi hatto ularni so‘z bilan ifodalash qiyin bo‘lsa ham, his-tuyg‘ularni ifodalashga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida stress va xavotir darajasini pasaytiradi.
Muammoni vizualizatsiya qilish va uni rasmda o‘zgartirish orqali biz miyaga o‘zgarishlarni haqiqiy, deb qabul qilish uchun signal beramiz. Aynan shuning uchun neyrografiya tafakkurni qayta dasturlash uchun juda samarali. Istalgan narsa qog‘ozda shaklga kirganda u bizning ong ostimizga yaqinroq va tushunarliroq bo‘ladi, demak, unga erishish mumkin bo‘ladi.
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/01/tim-arterbury-VkwRmha1_tI-unsplash.jpg)
Fotо: Unsplash
Nimadan boshlash kerak?
Neyrografiyani yaratish uchun sizga qog‘oz, marker yoki qalam va biroz bo‘sh vaqt kerak bo‘ladi. Avval maqsad va talablaringizni shakllantiring, keyin esa elementlarni asta-sekin qo‘shib, oddiy neyron chizig‘idan rasmni boshlashingiz mumkin. Asosiysi – nazoratni qo‘yib yuborish va chiziqlar sizni o‘zi “yetaklashiga” imkon berish.