Abu-Dabi Luvr – nur yo‘li

Sharq va G‘arb qanday qilib bir gumbaz ostida uchrashdi

19 Fev 2025
Foto: Olivier Chatel, Unsplash

Allaqachon buyuk bir yaratiq mavjud bo‘lsa, undan ham ilgarilab ketish mumkin emasday tuyuladi. Parijda Luvr bor ekan, uning soyasida qolmasdan, ovozi shunchalik kuchli boshqa Luvrni yaratish mumkinmi? Bu fikr ko‘pchilikni bezovta qiladi. Axir Parijdagi Luvr shunchaki muzey emas, balki tarix, san’at va Yevropa merosining mohiyati bilan sug‘orilgan ibodatxonadir. Doimiy qiyoslash qurboniga aylanmasdan, qanday qilib yangi narsa yaratish mumkin?

Mana, Abu-Dabidagi Luvr eshiklari oldida turibsiz. Gumbaz kesishmalarida quyosh titraydi, yonginada dengiz nafas oladi, mayin sukunat fazoni qamrab oladi. Ichkariga kirasiz-u, tushunasiz: bu muzey bahs yuritmaydi. U Parijga tik boqadi, boshqacha bo‘lishdan cho‘chimaydi. U nusxa ko‘chirmaydi – asrlar oldin boshlangan suhbatni yangi tilda davom ettiradi. Va u go‘yo sizga suv va qumda aks etgan tarixni shivirlayotgandek.

Yorug‘lik bilan muloqot

Abu-Dabidagi Luvr arxitektura dahosi Jan Nuvelning ijod mahsulidir. U shunchaki bino emas, balki moddiy shaklda gavdalantirilgan g‘oyani yaratdi. Muzey dizayni atrofdagi olam bilan she’riy muloqotdir. Diametri 180 metr bo‘lgan ulkan gumbaz quyosh nurlarini o‘tkazib, “nur yomg‘iri” ta’sirini hosil qiladigan ko‘plab kesishgan naqshlardan tashkil topgan. U 7850 ta metall yulduzchalardan to‘qilgan bo‘lib, ulardan o‘tgan yorug‘lik millionlab jilolarga parchalanadi. Bu soyalar o‘yini arablarning jazirama quyoshdan boshpana yaratish an’anasini eslatib, xuddi seni issiqdan himoya qilayotgan palma yaproqlarining harakatiga o‘xshaydi.

Oppoq binolar go‘yo shahar ichida shahar hosil qilgandek, bu yerda siz bir davrdan boshqasiga o‘tib, madaniy chegaralarni sirli yo‘llar bilan kesib o‘tishingiz mumkin. Yo‘laklar Marokashning qadimiy ko‘chalarini eslatadi, ularning soyalari vaqtdan qochib ketayotgan onlarni yashiradi. Muzeyni o‘rab turgan dengiz esa o‘ziga xos sukunat yaratadi – chuqur o‘yga cho‘mdiruvchi, xotirjam qiluvchi, abadiyat haqida mushohada yuritishga undovchi.

Foto: Shaxsiy arxiv

Eng mayda tafsilotlargacha hamma narsa puxta o‘ylangan: o‘tish joylarining geometriyasidan tortib soyalar ritmigacha. Bu yerda tasodifga o‘rin yo‘q. Bu yerda arxitektura g‘oyaga bo‘ysundirilgan: sivilizatsiyalarni bog‘lash, chegaralarsiz tarixdan hikoya qilish.

Madaniyatlar chorrahasi

Ammo bu muzeyni haqiqatan ham noyob qiladigan narsa nima? Abu-Dabidagi Luvr Parij muzeyidan nusxa ko‘chirmaydi, u o‘zining alohida tarixini yaratadi, bu yerda san’at insoniyatni birlashtiruvchi tilga aylanadi. Parijda tarix davrlar bo‘yicha sahifama-sahifa yozilgan bo‘lsa, Abu-Dabida ma’nolar izlanadi. Bu yerda qadimgi haykal va Afrika niqobi xronologiya talab qilgani uchun emas, balki ular o‘rtasida muloqot mavjudligi sababli yonma-yon joylashtirilgan.

Muzey to‘plami butun sivilizatsiya tarixini qamrab oladi, san’atni alohida millatlar nuqtayi nazaridan emas, balki umumbashariy mavzular orqali namoyish etadi: muhabbat, hokimiyat, din, ma’naviyat, urush va tinchlik.

Leonardo da Vinchining “Go‘zal Ferronyer” asari V asrga oid buddaviylik haykali yonida joylashgan. Ular go‘zallik haqida so‘zlaydi. XV asrga oid ritsarlik sovuti va yapon samuray dubulg‘asi urush haqida hikoya qiladi. Qur’on, Injil va sutralar ilohiy kuchni izlash to‘g‘risida. Bu muzeyda asarning qayerda va qachon yaratilgani emas, balki uning nima haqida so‘zlayotgani muhimdir.

Abu-Dabidagi Luvr muzeyining doimiy ekspozitsiyasi noan’anaviy tamoyil asosida tashkil etilgan. Bu yerda davrlar va mintaqalar bo‘yicha qat’iy chegaralanish mavjud emas. Buning o‘rniga, ko‘rgazmalar asrlar davomida insoniyatni o‘ylantirib kelayotgan mavzular atrofida tashkil etilgan.

Yevropa Uyg‘onish davri rasmlari Osiyo qo‘lyozmalari bilan, antik haykallar esa zamonaviy rassomlarning asarlari bilan yonma-yon joylashtirilgan. Muzeyning vaqtinchalik ko‘rgazmalari doimo muloqot tarzida namoyon bo‘ladi. Bu yerda Van Gog va Pikasso asarlari, qadimgi Misr devoriy suratlari va arab xattotligi namunalari, yapon gravyuralari hamda Afrika niqoblari bilan tanishish imkoniyati mavjud.

Bularning barchasi yorug‘lik, suv va soya uyg‘unligida, san’at asarlarini nafaqat saqlash, balki ularga jon baxsh etuvchi makonda o‘z aksini topgan.

Muzey hali yosh bo‘lib, uning kolleksiyasi endigina shakllanmoqda. Fransuz muzeylari o‘z merosini to‘plash jarayonida ekanligi sababli, unga eksponatlarni vaqtincha foydalanishga berib turibdi. Bu jarayon ham o‘ziga xos muloqotdir. U ochiq, samimiy va shoshilmasdan olib borilmoqda.

San’at diplomatiya sifatida

Abu-Dabidagi Luvr Fransiya va BAA o‘rtasidagi ulkan madaniy kelishuvning natijasidir. Muzeyni barpo etish to‘g‘risidagi shartnoma 2007-yilda imzolangan bo‘lib, uning qurilishi o‘n yil davom etgan. Ayrimlar san’atni tovar emas, deb aytishgan. Boshqalar esa san’at yashashi uchun sayohat qilishi kerak, deb e’tiroz bildirishgan. Ushbu bahs natijasida na Fransiyaga, na Amirliklariga tegishli bo‘lgan muzey dunyoga keldi. U butun insoniyatga tegishlidir.

 

Bu kelishuv Fransiya ichida noroziliklar keltirib chiqardi: tarixchilar va san’atshunoslar san’at tovarga aylanib qolishi va muzeylar o‘z muqaddasligini yo‘qotishidan xavotirga tushishgan. Biroq, Abu-Dabi uchun bu barcha sivilizatsiyalar merosi uchrashuvchi jahon madaniyati markazini barpo etish imkoniyati edi.

Bahslar hanuzgacha tinmayapti, biroq uning zallarida sayr qilar ekansiz, tushunasiz: Abu-Dabidagi Luvr oddiy muzeydan ham ko‘proq narsaga aylandi. Bu san’at insonlarni birlashtiruvchi, tarix esa yangi ma’no kasb etadigan maskandir. Muzey nafaqat o‘tmishga nazar soladi, “San’at insoniyatni qanday birlashtirishi mumkin?”, degan savolni o‘rtaga tashlagancha kelajakni yaratad. Ehtimol, uning eng muhim vazifasi aynan shundadir.

Abu-Dabidagi Luvr hali o‘zligini izlayotgan muzeydir. U tugallanganlik da’vosini qilmaydi. U savollar qo‘yadi. Sharq va g‘arbni qanday uyg‘unlashtirish mumkin? Tarix haqida mamlakatlar orqali emas, g‘oyalar orqali so‘zlash mumkinmi? Kelajak muzeyi qanday bo‘ladi?

Bu shunday joyki, unda san’at faqat devorlarga osib qo‘yilgan narsagina emas. U harakatlanadi. U so‘zlaydi. U bog‘laydi. Va ehtimol, u allaqachon dunyoni o‘zgartirmoqda.

Maqolani baham ko'ring

Related articles