Leonardo da Vinchi va uning boqiy ertasi

Agar Da Vinchi bugun oramizda bo‘lganda kim bo‘lardi?

15 Apr 2025
Foto: Royal Library

Do you smile to tempt a lover, Mona Lisa? Or is this your way to hide a broken heart? — Net King Koul o‘z qo‘shig‘ida aytganidek.

Darhaqiqat, asrlar o‘tsa-da, Luvr muzeyining ulkan va hashamatli zalida yolg‘iz osilib turgan, vaqt o‘tishi bilan sarg‘ayib, deyarli shaffof bo‘lib qolgan surat hamon millionlab nigohlarni o‘ziga jalb etmoqda. U go‘yo vaqt bilan nafas olayotgandek tuyuladi. Uning sirli tabassumi ortidan, xuddi parda ortidagi kabi, biz hamon javoblar izlashda davom etmoqdamiz. Jokonda. Va Leonardo.

Uning ismi umuminsoniy bilimga intilishning ramziga aylandi. Zero, Da Vinchi cheksizlikka ochilgan deraza kabidir.

O‘zgacha dunyoqarashli kishilar qanday ulg‘ayishi haqida

1452-yil 15-aprel, Toskana. Zaytun daraxtzorlar va Toskana tepaliklari orasida joylashgan Vinchi shaharchasiga yaqin Ankiano qishlog‘i. Hech qanday bashorat, hech qanday alomat yo‘q. Oddiy bir bola. Notarius Peroning dehqon ayol Katarinadan tug‘ilgan nikohsiz farzandi. Unga familiya berilmaydi – faqat ism qo‘yiladi: Leonardo, Vinchidan.

U dalalar, suvlar, qushlar orasida ulg‘ayadi. Bu shunchaki she’riy tasvirgina emas – tabiat qo‘ynidagi bolalik aslida uning dunyoqarashini shakllantiradi. U patlardagi nurning jilvasini, barglardan oqib tushayotgan tomchilarni, qushlarning parvoz chog‘idagi qanot harakatlarini kuzatadi. Bularning barchasi keyinchalik chizgilar, sxemalar, rasmlarga aylanadi. Ammo bolalikda bu shunchaki anglashga intilgan olam edi.

Leonardo erta yoshdan rasm chizishni boshlaydi. Kimdir o‘rgatgani uchun emas – rasm chizmay tura olmagani uchun. Qog‘oz, loy, yog‘och – barcha narsa uning qiziquvchanligi uchun vosita bo‘ldi. U haddan tashqari ko‘p savollar berardi. Va deyarli har biriga o‘zi javob topishga urinadi.

Foto: Creative Commons

Verrokkio va reallik ustidan birinchi g‘alaba

Bola o‘n besh yoshlarga yetganda, otasi uni Florensiyaga – Andrea del Verrokkio ustaxonasiga olib boradi. Bu o‘sha davrning eng nufuzli san’at maktablaridan biri edi. Bu yerda haykaltaroshlik bilan shug‘ullanishadi, liboslar tikiladi, mexanizmlar loyihalanadi. Aynan shu yerda yigit o‘zining dastlabki haqiqiy ta’limini oladi.

Verrokkioga shogird tushish – bu sekin, chuqur mulohaza bilan ishlash maktabi edi. Leonardo kuzatadi, sinab ko‘radi, xotirasiga muhrlab oladi. Ustaxonalarda yordamlashadi, detallarni chizadi, metall bilan ishlaydi. Rivoyatga ko‘ra, bir kuni u ustozining rasmidagi farishtani shunchalik nozik tasvirlaydiki, ustozi bundan keyin mo‘yqalamni qo‘liga olmaslikka ahd qiladi.

Foto: Uffizi Gallery

Bu devorlar ichida uning dastxati shakllanadi — rassom sifatida emas, balki mutafakkir sifatida. U shaklni ko‘rishni, materiyani his qilishni, bularning barchasi qanday tuzilganligini o‘ziga va dunyoga tushuntirishni o‘rganadi. O‘sha davrning asarlari — “Xushxabar” va “Gul tutgan Madonna” — allaqachon uning o‘ziga xos nur bilan yo‘g‘rilgan. Biroq bu hali boshlanishi, xolos. Ichida hali juda ko‘p savollar bor.

Foto: Hermitage, Saint Petersburg

Yo‘lning boshlanishi

Florensiya ortda qoldi. 1482-yilda yosh usta imkoniyatlar, intilishlar va to‘xtovsiz qurilish shahri Milanga yo‘l oladi. U Lodoviko Sfors saroyiga rassom emas, balki muhandis sifatida tashrif buyuradi. Tavsiya xatida harbiy qurilmalar, ko‘priklar, kanallar va mudofaa inshootlari g‘oyalarini sanab o‘tadi. Rasmlar haqida esa eng oxirida aytib o‘tadi. U nimasi bilan hayratda qoldirishni bilardi.

O‘sha davrdagi Milan dunyoviy dramalar, musobaqalar va bayramlar sahnasiga aylanadi. Leonardo esa bu tomoshaning rejissyori bo‘lib qoladi. U liboslarni loyihalaydi, sahnalar uchun mexanizmlarni o‘ylab topadi, dekoratsiyalar harakatlanadigan va chiroqlar yonadigan ziyofatlar uyushtiradi. Bularning barchasi sehrli tuyulsa-da, aslida matematik hisob-kitoblar asosida yaratilgan.

Shu bilan birga, durdona asarlar ham dunyoga keladi. “Qoyadagi Bibi Maryam” – qoyali manzara kompozitsiyaning nafasiga aylangan ikki versiyaning birinchisidir. Nigoh, imo-ishora, soya – barchasi shunday joylashtirilganki, shakl va fazo o‘rtasida chegara yo‘qoladi. U yorug‘lik bilan xuddi dirijyor jimlik bilan ishlagandek ishlaydi. Bularning barchasi uning o‘sha davrdagi asosiy yodgorligiga olib keladi.

Foto: Louvre

U tayyor shakllar bilan tobora kamroq qiziqardi. Uni tadqiqotlar o‘ziga jalb etardi. Yorug‘lik va soyani o‘rganishni boshlab yuboradi. Aynan o‘sha paytda u birinchi marta keyinchalik “sfumato” deb ataladigan yorug‘lik va soya o‘rtasidagi yumshoq, go‘yo musiqiy o‘tishni sinab ko‘radi. Uning usuli personajlar yuzlarini o‘rab turuvchi juda ham nozik tuman – o‘ziga xos imzosiga aylanadi. U keskin chiziqlar chizmaydi, yorug‘lik va soyani ajratmaydi. Hamma narsa nafas oladi, hamma narsa jonli bo‘ladi.

Barcha narsalar tadqiqotchisi

Tarixda boshqa biror kishi dunyoning barcha tomonlariga – mushaklardan tegirmonlargacha, uyurma shamollardan vintlargacha shunchalik tirishqoqlik va hafsala bilan qiziqishi noyob hodisa. Milandan so‘ng Leonardo hayoti tobora ko‘proq zamon va makon satrlari kabi yozuvlar, chiziqlar bilan to‘ldirilgan sokin, ko‘zgusimon daftarlarga cho‘kib boradi. U go‘yo Koinotni qismlarga ajratib, uni qaytadan – aniqroq, tushunarli va go‘zalroq tarzda yig‘moqchi bo‘lgandek edi.

Anatomiya uning uchun ishonchga aylanadi. Inson tanasida u ma’no qidiradi: mushaklarni, qon tomirlarini, skeletni yorib ko‘radi, o‘rganadi, chizadi. Yurak endi ramz emas, balki nasos. Embrion – hali nomi yo‘q hayotning ilk nishonasi. Barcha bu kashfiyotlar go‘yo zamondoshlari uchun emas, balki qachondir hamma narsani anglab yetadigan kelajak uchun ko‘zgu yozuvi bilan qayd etiladi.

Foto: The University of Warwick

Tabiat hodisalari ham kuzatish obyektiga aylanadi. Ayniqsa, suv. U suvning oqishini, to‘qnashishini, yig‘ilishini, akslanishini kuzatadi. Uning harakatida matematikani, jilvasida esa yorug‘lik falsafasini kashf etadi. Bu kuzatuvlardan o‘ziga xos badiiy nigoh paydo bo‘ladi: yorug‘lik va soya o‘rtasidagi chegaralar yo‘qolib, she’riyat boshlanadigan o‘sha sfumato, eng nozik tumanlik.

Leonardo uchun tadqiqot hayot bilan aloqada bo‘lish usuli edi. U na boqiylikka intildi, na e’tirofga tashna bo‘ldi. U aniqlik, uyg‘unlik va savol berish imkoniyatini izladi. Uning butun san’ati ham aynan shunda edi.

Foto: Royal Collection

Florensiyaga qaytish. Jokonda

XVI asr boshlarida u Florensiyaga qaytadi. Bir paytlar unga yo‘l ochgan shahar endi yetuk mutafakkirni kutib olmoqda. Shu davrda uning eng sirli va ayni paytda shaxsiy asarlaridan biri – Liza del Jokondoning portreti yaratiladi. Odatga zid ravishda buyurtmachiga topshirilmaydigan kichik polotno. Rasm u bilan qoladi. Umrining oxirigacha.

Uning nigohida osoyishtalik, tabassumida esa cheksiz savol mujassam. U portretni o‘z musiqasi, o‘z ilmi, o‘z nuri deb ataydi. Florensiyalik savdogar xotinining tasviri bo‘lishi kerak edi, ammo u Leonardo falsafasining mohiyatiga aylanadi. Bu asarda barcha unsurlar mavjud: sfumato, nozik yorug‘lik va soya, mukammal anatomiya, sezilmas asimmetriya.

Bu suratni u o‘zi bilan shaharma-shahar olib yuradi. Go‘yo u ichki dunyosining xaritasidek. Go‘yo unga qarab, inson qalbining tuzilishini o‘zi ham yaxshiroq anglagandek.

Foto: Louvre, Paris

So‘nggi qadamlar

Fransuz qiroli Fransisk I uni saroyga taklif etganda, rassom rozi bo‘ladi. U endi na homiy, na ilhom izlaydi. Ambuaz yaqinidagi Klo-Lyuse qasrida unga osoyishtalik in’om etiladi. Bog‘lar labirinti, daftarlar, eski chizmalar, unga hamon hayrat bilan boqib turgan shogirdlar. Bu yerda shoshilishning hojati yo‘q. Shunchaki fikr yuritsa bo‘ladi.

Tasviriy san’at sekin-asta ortga chekinadi. Uning o‘rnini kanallarning chizmalari, suyaklarning eskizlari, ovoz, nafas olish, yorug‘likning varaq bo‘ylab harakati haqidagi mulohazalar egallaydi. U endi ko‘proq yaratmaydi, balki mushohada qiladi. Ilgari murakkab tuyulgan dunyo endi mayin chiziqlarga joylashadi. Hamma narsa o‘z o‘rnida.

1519-yil 2-mayda u shovqin-suronsiz, xayrlashuvlarsiz ketadi. Xuddi daftarni yopib qo‘ygandek.

Leonardoni to‘liq anglash deyarli imkonsiz. Ammo his etish oson. Xuddi havo kabi. Nur kabi. Xuddi so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan, lekin unutib bo‘lmaydigan o‘sha tabassum kabi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles