Sustkashlik: sababmi yoki oqibat?
Qanday qilib kechiktirishni to‘xtatish va harakatni boshlash mumkin

Prokrastinatsiya – qo‘yilgan maqsadlarning muhimligini anglab turib, muhim vazifalarni noaniq muddatga qoldirishga moyillik. O‘zimizni ishga bag‘ishlash o‘rniga, ahamiyatsizroq yoki yoqimliroq mashg‘ulotlarga e’tibor qaratamiz va oqibatda haqiqatan ham muhim vazifalarni oxirgi daqiqada bajaramiz. Bu ko‘pincha stress, xavotir va aybdorlik hissi bilan kechadi.
ELLE O‘zbekiston tahririyati prokrastinatsiyaga duch kelishimiz sabablari va ish hamda dam olish o‘rtasidagi muvozanatni qanday topish haqida so‘zlaydi.
O‘zingizga yashashga ruxsat bering
Prokrastinatsiya – hayotning turli davrlarida har bir kishi duch keladigan hodisa va bunda uyatli hech narsa yo‘q. Shuni tushunish muhimki, prokrastinatsiya sizni “yomon” yoki dangasa qilib qo‘ymaydi, aksincha vazifalarni bajarishga to‘sqinlik qiladigan muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotganingizni ko‘rsatadi.
Bugungi kunda uzluksiz harakat va rivojlanish sharoitida biz kuch-quvvatni tiklash va samaradorlikni saqlab qolish uchun sifatli dam olish zarurligini unutib qo‘ymoqdamiz. Ko‘proq ishlab, kamroq dam olayapmiz, shu bois vaqtimizni ishga emas, o‘zimizga bag‘ishlasak, ko‘pincha aybdorlik hissini tuyyapmiz. Ba’zida resurslarni to‘ldirish va yangi kuch bilan vazifalarga qaytish uchun ishlarni keyinga qoldirishga ruxsat berish kerak.
O‘zingizni ayblash o‘rniga, kechiktirish sababini aniqlab, vaqt va his-tuyg‘ularni boshqarishning sog‘lomroq usullari yordamida prokrastinatsiyani yengishga harakat qiling.

Fotо: Pexels
Kechiktirishning sabablari
Prokrastinatsiya shunchaki dangasalik emas, balki aniq sababga ega bo‘lgan murakkab holatdir. Bu holatga qarshi samarali kurashish uchun, avvalo, nima uchun unga duch kelganingizni tushunish muhim.
Prokrastinatsiyaning ko‘plab sabablari mavjud va psixologiyada uni tushuntirishning bir necha yondashuvlari bor. Ba’zi mutaxassislar ichki qo‘rquv va mukammallikka intilishga e’tibor qaratsalar, boshqalari insonning hissiy holatiga, masalan, stress yoki charchoqqa urg‘u beradilar. Eng keng tarqalgan sabablarni batafsil ko‘rib chiqaylik:
- Muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqish yoki perfeksionizm. Hamma narsani benuqson bajarishga bo‘lgan erishib bo‘lmaydigan istak ishni boshlashni kechiktiradi. Biz o‘zimizga “yo mukammal – yo hech narsa” degan shartni qo‘yamiz va natijada ikkinchi variantda to‘xtab qolamiz. Bunday holda, prokrastinatsiyaga qarshi kurashishning eng yaxshi usuli – mukammallikka erishib bo‘lmasligini tan olish. O‘zingizga harakat qilishga ruxsat berish muhim, chunki oldinga siljish harakatsizlikdan ko‘ra ko‘proq yutuqdir. Bunga vazifani bir nechta oddiy bosqichlarga bo‘lish yordam beradi.
- Motivatsiya va qiziqishning yo‘qligi. Biror vazifani bajarishni vaqtni behuda sarflash deb hisoblasangiz, uni bajargingiz kelmasligi tabiiy. Agar shu sababga duch kelsangiz, o‘zingizga savol bering: “Nima uchun men bu vazifani bajarishim kerak?” Agar sababni topa olsangiz, masalan, sizning karyerangiz o‘sishi bunga bog‘liq bo‘lsa, ishga kirishishingiz osonroq bo‘ladi.
- Haddan tashqari charchoq yoki stress. Ba’zida prokrastinatsiya – bu tanangiz sizga yuborayotgan yordam signali. Inson hissiy zo‘riqish, holdan toyish yoki charchashga duch kelganda, qo‘shimcha stressdan qochish va qolgan kuch-quvvatini saqlash uchun beixtiyor vazifalarni keyinga qoldirishi mumkin. Bunday holda to‘xtab, avvalo ustuvorliklarni belgilash muhim: agar sog‘lig‘ingiz va farovonligingiz xavf ostida bo‘lsa, ish kutib turadi.

Fotо: Pexels
Qanday boshlash kerak
Biz prokrastinatsiyaga qarshi kurashishning bir nechta usullarini tanladik. Bu usullar sizga vaqtingizni samaraliroq o‘tkazish va muhim vazifalarni kechiktirmaslikka yordam beradi. Ushbu muammo bilan nima uchun to‘qnashganingizni tushunganingizdan so‘ng, o‘zingizga eng mos texnikani tanlashingiz mumkin:
- Pomodoro texnikasi. Bu usul qisqa vaqt oralig‘ida ishlashni nazarda tutadi (odatda 25 daqiqa), undan so‘ng albatta tanaffus (5 daqiqa) qilinadi. Bunday yondashuv vazifaga diqqatni jamlashga va ortiqcha zo‘riqish hissidan qochishga yordam beradi, bu esa ish jarayonini yanada boshqariladigan qiladi.
- Vazifani bosqichlarga ajratish. Ko‘pincha biz katta va murakkab vazifalarni kechiktiramiz, chunki ular bajariladigan emasdek tuyuladi. Ularni kichik va amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qadamlarga bo‘lib, ishni tezroq boshlashingiz mumkin.
- Motivatsiya bilan ishlash. Ayniqsa, ish zerikarli va qiziqarsiz tuyulsa, u yoki bu vazifani bajarganingiz uchun o‘zingizni mukofotlashingiz mumkin. Masalan, mukofot sifatida vazifani bajargandan so‘ng yoqimli narsani rejalashtirishingiz mumkin: sayr qilish, do‘stlar bilan uchrashish, kafe yoki kinoga borish. Majburiy shart: mukofotni faqat vazifa bajarilgan taqdirdagina olasiz.
- Besh daqiqa qoidasi: oqim holatiga kirish. Oqim holati – bu vazifaga to‘liq e’tibor qaratish va maksimal samaradorlik hissi. Bu holatga har kim kirishi mumkin. Vazifaga atigi 5 daqiqa ajratishga va’da bering va o‘zingizni uni bajarishga undang. Miyamiz shunday tuzilganki, biror ishni boshlash qiyin, lekin boshlangan ishni davom ettirish ancha oson. Boshlaganingizdan so‘ng, hatto istamagan holda miyangiz ham moslasha boshlaydi: diqqatingiz jamlanadi, tanangiz harakatga ko‘nikadi va besh daqiqa yetmayotgandek tuyuladi. Oqim ko‘pincha ilhom bilan emas, balki harakat bilan boshlanadi va besh daqiqa qoidasi prokrastinatsiyadan faol bosqichga o‘tishga yordam beradigan “ko‘prik” vazifasini bajaradi.