O‘zbek mualliflik kinosi rejissyorining ijod yo‘li

Anvar Safo mualliflik filmlar rejissyori bo‘lib, u suratga olgan filmlaridan biri bilan xalqaro kinofestivallarda ishtirok etgan.

Foto Anvar Safo tomonidan taqdim etildi, fotograf Abdurahim Aslanov

Anvar Safo “OneStudio video production” asoschisi va “Qand” korxonasining kreativ direktori. U Toshkent san’at va madaniyat institutining kino va televideniya rejissyorligi fakultetini bitirdi. 2014-yilda kino va televideniya maktabida grant yutib, Parijga o‘qishga ketdi. Keyin u Cifacom grafika va animatsiya maktabida o‘qishni davom ettirdi. Bir qancha qisqa metrajli filmlar muallifi. Ulardan biri – “Compass rose” (Shamollar atirguli) 70-Kann kinofestivalida, shuningdek, Nyu-Yorkdagi Chelsea kinofestivalida ishtirok etgan. 

Ayting-chi, siz rejissyor bo‘laman deb o‘ylaganmidingiz? 

Ijodiy yo‘lim boshida ovoz rejissyorligi bo‘yicha tahsil oldim, keyin “O‘zbegim Taronasi” radiostansiyasida ishladim. Qarindoshlarim va do‘stlarim mening boshqa dunyoga oid ekanligimni ta’kidlashib, rejissyor bo‘lishim kerakligini aytishardi. Ishlaganim sababli darslarga qatnasha olmasdim, shuning uchun ham bir necha marta institutdan haydalganman. Va shunday lahzalardan birida men atrofimni o‘rab turgan odamlarni tinglashga va rejissyor bo‘lishga qaror qildim, ammo o‘sha payt buni o‘zim xohlayotganimdan amin emasdim. Faqat ikkinchi kursda o‘qiyotganimdagina bo‘lajak kasbimni sevib qoldim. 

Bu sevgining hosil bo‘lishiga kim hissa qo‘shgan?

Mening bu kasbga mehr qo‘yishimga sabab – afsuski, hozir oramizda bo‘lmagan muhtarama ustozim Abul-Qosimova Xanjara Nosirovnaning ma’ruzasi bo‘lgan. U hamma hurmat qiladigan ensiklopediyadek inson va kino muzeyining asoschilaridan biri edi. Xullas, ustozimning fransuz va o‘zbek kinosi haqidagi ma’ruzasi, yuragimda bu kasbga qarshi olov yoqdi va u haligacha yonib kelmoqda. Uchinchi kursimda “It” deb nomlangan birinchi qisqa metrajli filmimni suratga olarkanman, bu yo‘lning naqadar mashaqqatli ekanini angladim va men aynan shu ish bilan shug‘ullanmoqchiligimnni nihoyat tushunib yetdim. 

Mualliflik filmlari uchun g‘oyalarni qayerdan olasiz? 

Hayotdan. Mening hayotim, har bir insonning hayoti – mana shuning o‘zi mualliflik kinosi. Chunki peshonangizga nima yozilganiga qaramay, bu yo‘ldan balki yuzinchi marta yurib, o‘z hikoyangizni yozasiz. Oxirgi filmimni suratga olganimga 8 yil bo‘ldi va shu vaqt ichida boshqa hech narsa suratga olmadim. Chunki men yashaganman. Men yashab keyingi loyiha uchun xotiralarimni to‘plab keldim. 

“Eh, afsus, bu filmni men suratga olgan bo‘lganimda edi!” deb aytadigan filmingiz bormi? 

Ha, albatta! Hattoki bir emas, bir nechta. Masalan, yunon rejissyori Yorgos Lantimosning «Kambag‘al va bechoralar» hamda Jak van Dormelning «Janob hech kim» filmlari. Afsus, men ularni suratga olgan bo‘lganimda edi! 

Yevropa mualliflik kinosi o‘zbek mualliflik kinosidan nimasi bilan farq qiladi?

Ko‘ra olish qobiliyati bilan. Menimcha, bizning ichki dunyomiz juda murakkab, chunki bizning hayot tajribamizning o‘zi – turli qiyinchiliklarga ega. Biz hamma narsani azob-uqubat bilan boshdan kechiramiz. Hatto institutda qiyinchiliklar bilan ta’lim olamiz. 

Menimcha, Yevropa insonlarining hayoti biroz boshqacha, ular bu bosqichni ancha oldin bosib o‘tishgan va endi ular hayotiy tajribalarning mahsulini olishmoqda. Ulardagi dramatizm darajasi ham umuman olganda yevropaliklardagi dramatizm qadarchalik bor.

O‘zbek mualliflik filmlari dramaga to‘lib toshgan . Bu, albatta, o‘ziga xos tarzda ajoyib, lekin nazarimda bizning filmlarda qandaydir yengillik yo‘qdek tuyuladi. Xuddi «Forrest Gump» filmidagi o‘sha pat kabi. Film boshlanishida pat uchib ketadi va tomoshabin avvaliga bu film nima haqida ekanligini tahmin qila oladi. Qushdek yengil inson haqidaligini. Bizning filmlarda aynan shu narsa yetishmaydi.

Yosh rejissyorlarga yordam tariqasida ushbu savolga javob bersangiz: pulsiz, qobiliyatning o‘zi bilangina filmni suratga olish mumkinmi? 

Ha. Ayniqsa hozir. Sun’iy intellekt davrida siz 30 soniyada senariy yozishingiz va keyin video yaratishingiz mumkin. Mualliflik kinosida g‘oya muhim ahamiyatga ega bo‘lib, texnik jihozlar ikkinchi darajalidir. Insonning maqsadi bo‘lsa, u nima bo‘lishidan qat’iy nazar filmni suratga olishi mumkin. Va uni moddiy qiyinchiliklar to‘xtatmasligi kerak. Buni xozir men aytayotgan bo‘lsam ham (kuladi), bu sabab meni to‘xtatib turadi. Agar kimdir menga: “Anvar, xohlagan narsangni, xohlagan yo‘llar bilan suratga ol” desa edi. Lekin men buni o‘z o‘zimga ayta olmayman, (yana kuladi) axir menga texnik imkoniyatlar kerak. 

Siz ishtirok etgan qaysi loyihalar bilan faxrlanasiz?

Men qisqa metrajli filmlarim bilan, O‘zbekiston madaniy merosiga oid loyihalarim bilan faxrlanaman. Tijoriy bo‘lsa ham, men uchun chegara qo‘ymagan, balki: “Anvar, o‘zing xohlaganingcha qil” degan loyihalardan ham faxrlanaman. 

Sizningcha qanday filmlarni suratga olish ko‘proq foyda olib keladi? 

O‘zbekistonda oilaviy dramalarga talab kuchli, menimcha bu juda katta xato. Faqat bitta janrni rivojlantirishni noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Ular xilma xil bo‘lishi kerak. Turfa janrlarda ishlayotgan turli rejissyorlar ham ko‘p bo‘lishi kerak. Ayniqsa, bizda o‘xshash syujetlar ko‘p: oilalar o‘rtasidagi doimiy tafovut – kimdir boy, kimdir esa kambag‘al, kimdir ajraladi yoki yig‘laydi, kimdir o‘ldiradi yoki o‘ladi – bunday bir xilliklar juda ko‘p. Umuman olganda, g‘oyaga talab mavjud bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Misol uchun, men Amerika kinoteatrlarida bo‘lganman, ularda faqatgina qisqa metrajli filmlar namoyish etiladigan seanslar bo‘ladi. Va odamlar bunday filmlar tomoshasiga oqib kelishadi. Ular bir vaqtning o‘zida 5ta qisqa metrajli filmni borib tomosha qilishlari mumkin. Va talab, aynan ularga taklif qilinadigan filmlardan kelib chiqadi. Bu yaxshi narsa.

Meni ba’zan “O‘zbekkino”ga, asosan, eskirgan mavzudagi filmlarni suratga olish uchun taklif etishardi. Boshqa mavzuni taklif qilganimda esa bu bizning mamlakatimizda yo‘q, bu mavzuda film suratga olishdan foyda yo‘q, deyishardi. Masalan, uydagi zo‘ravonlik mavzusi va shunga o‘xshash boshqa syujetlar. 

Balki bu g‘oyani kinoteatrlarda qisqa metrajli filmlar namoyishi bilan amalga oshirish kerakdir? 

Ha, biz bu g‘oya haqida o‘ylayapmiz, lekin buning uchun milliy kinematograflarimizdan yaxshi qisqa metrajli filmlar kerak yoki ularni Markaziy Osiyo filmlari bilan aralashtirgan holda namoyish qilishimiz mumkin. 

Compass Rose filmingizning g‘oyasi qayerdan paydo bo‘lgan? Yana hayotdanmi? 

Ha, hayotdan. Umuman olganda, Parijda yashovchi do‘stim Loran menga shunday film yozishni taklif qildi. Bu o‘zini topishga urinayotgan va topa olmayotgan, o‘zini yo‘qotib qo‘ygan odam haqidagi film. Va keyin biz bu g‘oyani ishlab chiqishni boshladik, film qahramoni turli xil temperamentli qahramonlar bilan uchrasha boshlaydi va tomoshabin shu uchrashuvlar davomida bu aynan o‘zi ekanligini tushunadi deb o‘yladik. U qayerdadir aqldan ozgan, qayerdadir xursand, gohida baxtsiz, ba’zida beadab va qo‘pol, ba’zan esa yumshoq, ya’ni bu bizning hayotimizning turli bosqichlardagi ruhiy holatlarimiz. Umuman olganda, biz to‘liq metrajli film suratga olishni rejalashtirgan edik, lekin mablag‘ yo‘qligi sababli u qisqa metrajli filmga aylandi.

Ushbu film qaysi festivallarda qatnashdi va uning yaqin kunlarda rejalashtirilgan namoyishi haqida gapirib bering?

Ushbu film Nyu-York va Parijda namoyish etilgan. 70-Kann kinofestivalida shunday bo‘lim bor edi: tanlovga kiritilmagan filmlar zalni ijaraga olish orqali tomoshabinlarga namoyish etilishi mumkin edi. Shunday qilib, biz u yerda filmni namoyish qildik.

Tez orada biz ushbu filmni o‘zbek tomoshabinlariga ko‘rsatishni rejalashtirmoqdamiz va men uning ochiq namoyish bo‘lishini hamda bir necha kun davom etishini juda istardim, shunda odamlar uni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Men ushbu tadbirni shahardagi eng yaxshi kinoteatrlardan birida tashkil qilmoqchiman. Chunki bu bilan biz boshqa rejissyorlarga ular ham shunday filmlar suratga olishlari mumkinligini ko‘rsata olgan bo‘lardik. 

Anvar Safo bo‘sh vaqtida nima qiladi? 

Men anchadan beri rasm chizishga qiziqaman. Hozirda men iqtidorli yosh rassom qizdan saboq olib kuniga kamida bir marta qandaydir eskiz chizishga harakat qilaman. Men ishga velosipedda yoki piyoda borishni yaxshi ko‘raman. Ayni kunlarda kamdan-kam mashinada yuryapman. Shuningdek, musiqani ham sevaman, oldinlari rep aytardim. Aytgan replarimning hammasini yozib olganman, hatto kliplari ham bor. Bu menga juda yoqadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles