Sahnaning uch ovozi:
yosh didjeylar Toshkent elektron madaniyatini qanday shakllantirmoqda

Toshkentdagi elektron musiqa sahnasi endi tor doiradagi mashg‘ulot emas - bu o‘ziga xos ohang, siymolar va g‘oyalarga ega bo‘lgan rivojlanayotgan madaniyatdir. Biz uch DJ – Bogdan, Islom va Intizor bilan ular bu sohaning bugungi holati va istiqbolini qanday tasavvur qilishlarini tushunish uchun suhbatlashdik. Ularning har biri o‘ziga xos uslubga ega, ammo barchasini musiqaga bo‘lgan ishtiyoq va madaniyatni rivojlantirish istagi birlashtiradi.
Bogdan: “Kelajak allaqachon kirib keldi”
“Men uzoq vaqt davomida o‘z yo‘limni topganlardan emasman. Shunchaki to‘g‘ri vaqtda, to‘g‘ri joyda va to‘g‘ri musiqiy did bilan paydo bo‘ldim. Omadim keldi, ammo shu bilan birga ko‘p tingladim, o‘rgandim va o‘z uslubimni izladim”
Hozirda u Afro House va Tech House janrlarini afzal ko‘radi – bu eng ommabop janrlar bo‘lmasa-da, samimiy, jo‘shqin va chuqur ma’noga ega.
“Tinglovchilar didining o‘zgarayotgani meni quvontiradi. Xitlarga bo‘lgan talab tobora kamayib, musiqani muhit yaratuvchi vosita sifatida qabul qilishga qiziqish ortib bormoqda. Bu esa tajribalar uchun keng imkoniyatlar ochadi”.
U sahnaning rivojlanishida asosiy rolni internetga – jahon san’atkorlariga, jonli ijrolarga va forumlarga kirish imkoniyatiga beradi. Bunga qo‘shimcha ravishda shahardagi muassasalar sonining o‘sishi ham muhim.
“Musiqaga jiddiy munosabatda bo‘ladigan joylar bor – u yerda DJ shunchaki "fon qahramoni" emas, balki to‘laqonli kayfiyat boshqaruvchisi hisoblanadi. Aynan shunday makonlar madaniyatni rivojlantiradi”.
Moda sanoati hozircha uning uchun kelajak sohasi bo‘lib qolmoqda. U endigina ovoz ishlab chiqarishni o‘rganmoqda va o‘z musiqasini video sanoatida ishlatishni maqsad qilgan.
“Umid qilamanki, kelajakda kimdir bilan, ehtimol biror moda namoyishi bilan hamkorlik qilaman. Hozircha vizual ma’lumotlardan ilhomlanib, namunalar to‘plamoqdaman va o‘rganmoqdaman”.
Qiyinchiliklardan biri – DJ’lar haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlar.
“Iltimos, “quvnoqroq biror narsa qo‘ying” deb so‘ramang. Biz qovoqxonada emasmiz, biz kayfiyat yaratamiz. Musiqa – bu shunchaki fon emas, bu xabar”.
U hazil va ishonch bilan stereotiplarni buzadi.
“Mening DJ Trace ismli do‘stim bor. U turli joylarda ijro etadi, o‘zi musiqa yozadi, uni chet ellik san’atkorlar qo‘llab-quvvatlaydi va hozir u Amerika bo‘ylab gastrolda. Unga hech qanday stereotipni qo‘llab bo‘lmaydi, bu muassasalarda ijro etish va ovoz ishlab chiqarishni qanday to‘g‘ri uyg‘unlashtirish mumkinligini ko‘rsatadi. Trace – DJ’lik shunchaki "tugmalarni bosish" emas, balki jiddiy kasb ekanligining isbotidir”.
O‘zbekistonda elektron musiqaning kelajagi haqida Bogdan shunday deydi: “Kelajak allaqachon kelgandek, chunki ko‘plab festivallar va kechalar o‘tkazilmoqda, ularda allaqachon ko‘plab yangi nomlar paydo bo‘lgan va har bir ijodkorning o‘z tinglovchilari bor”.
Islom (ISL): “Sahna madaniy hodisaga aylanadi”
“Toshkentdagi elektron musiqa sahnasi sezilarli darajada rivojlandi. Ilgari bu tor doiradagi madaniyat bo‘lib, kichik mahalliy tadbirlar bilan cheklangan edi. Bugun esa jamoaning o‘sishi, yangi ijodkorlarning paydo bo‘lishi va keng auditoriyaning qiziqishi kuzatilmoqda. Festivallar taraqqiy etmoqda, xalqaro sahna bilan aloqalar mustahkamlanmoqda”.
Islom kunduzi o‘tkaziladigan tadbirlarda musiqa, estetika va mahalliy uslubni birlashtirgan holda o‘zini namoyon etadi. Calvin Klein bilan hamkorlik, Fashion Week’dagi ishtirok va Elle uchun pleylistlar – moda va musiqaning uyg‘unlashuvi misolidir.
“Hozirgi kunda moda tobora eklektik va erkin bo‘lib bormoqda, bu esa musiqa muhitida o‘z aksini topmoqda. Odamlar qat’iy janr chegaralaridan chiqib, yangi obrazlar bilan tajriba o‘tkazishga intilmoqda. 90-yillar, Y2K, texno-estetika va futurizm ta’siri hozirda ham kiyim-kechak, ham elektron musiqada aks-sado bermoqda. Shu bilan birga, musiqa o‘z navbatida uslubiy yo‘nalishlarni shakllantirmoqda: reyv madaniyati, andergraund estetikasi va minimalistik shakllar tinglovchilarning kiyinish uslubida namoyon bo‘lmoqda”.
Qiyinchiliklar – agentliklar, leybllar va prodyuserlarning yo‘qligi. “Asosiy muammolardan biri – chiqishlar uchun maydonlarning yetishmasligi. Yevropaning yirik shaharlaridan farqli o‘laroq, bu yerda format va ovoz bilan tajriba o‘tkazish mumkin bo‘lgan joylar hali ham kam. Ikkinchi jihat – moliyalashtirish masalasi. Ko‘plab iqtidorli yoshlar sifatli jihozlar, targ‘ibot yoki xalqaro tadbirlarga borish uchun mablag‘ topa olmaydilar”. Ichki to‘siqlar – mukammallikka intilish va relizlarning kechikishidir.
“Biroq har qanday to‘siq – bu faqat kuchliroq bo‘lishga yordam beradigan sinov”.
Islom kelajakni ilhombaxsh deb biladi: “Yosh ijodkorlar – yangi nafas. Eng muhimi – to‘xtab qolmaslik”.
Intizor (Itni): "Musiqa - bu o‘zingiz haqingizda gapirish usuli"
“Bir yarim yil oldin kelganimda, sahnaning tirikligini darhol his qildim. U hammabop, samimiy va energiyaga to‘la”.
Moda va musiqa o‘rtasidagi aloqa haqida: “Moda namoyishlarida musiqa g‘oyani yetkazishning asosiy vositasiga aylanayotganini payqadim. Bir tanish dizayner kiyimlar to‘plamini yaratish jarayonida bir vaqtning o‘zida pleylist tuzayotganiga guvoh bo‘ldim. U uslub tanlashda menga murojaat qilib, maslahat so‘rardi.
Pleylist eskizlar bilan barobar yaratilardi. Bu endi shunchaki fon emas - bu san’at asarining ajralmas qismi”.
Intizor etnik estetikaga, o‘ziga xoslikka, moda va musiqadagi ildizlarga qiziqish ortib borayotganini kuzatmoqda.
To‘siqlar orasida muassasalarning beqarorligi, ichki shubhalar va yopiq jamoalar bor.
“O‘zligingizni saqlab qolish, tomoshabinlar talablariga singib ketmaslik muhim. Va samimiy bo‘la olish”.
Ayol dijeylarga ham oson emas:
“Men uchun eng yoqimli maqtov – “yigit kishi chalyapti deb o‘ylabman”. Chunki tovush birlamchidir”.
“Musiqa – o‘zingiz haqingizda gapirishning bir usuli. Va hozir Toshkentda aynan shu suhbat boshlanmoqda”.