Dunyoni rom etgan gangster

Afsonaviy Al Pachino 85 yoshda

Foto: Instagram / thegodfathermovie

Al Pachino nomini kinematografik mukammallikning timsoli, kino tarixidagi eng e’zozli aktyorlardan biri deyish mumkin. Pachinoning ellik yildan ziyod davom etgan faoliyati aktyorlik san’atining yorqin namunasi bo‘lib, uning ajoyib qobiliyati, shiddati va kasbiga bo‘lgan muhabbatini namoyon etadi. Uning hayoti ekranda gavdalantirgan qahramonlari kabi maftunkor.

Nyu-Yorkdagi bolalik davri

25-aprelda 85 yoshni qarshilagan Alfredo Jeyms Pachino italiyalik muhojirlar avlodidan bo‘lgan Salvatore va Roza Pachino oilasida dunyoga keldi. Ota-onasi ajrashganida, u ikki yoshda edi. Janubiy Bronksda onasi, buvisi va bobosi tarbiyasida o‘sgan Pachino nochorlikda ulg‘aydi, bu yerdagi kundalik hayot qiyinchiliklari uning xarakteri va intilishlarini shakllantirdi. Bo‘lajak aktyorning onasi unga kuchli ta’sir ko‘rsatib, qalbida san’atga, ayniqsa teatrga muhabbat uyg‘otdi.

Pachinoning maktab yillari notinch kechdi: u an’anaviy ta’limga qiziqmadi va 17 yoshida o‘qishni tashladi. Bu aktyorlik faoliyatini davom ettirishga qat’iy azm qilgan yillar edi. Mashhur aktyorlik ustozi Li Strasbergdan ta’lim olgan Gerbert Bergxof studiyasida o‘z mahoratini oshirar ekan, Pachino tirikchilik uchun to‘g‘ri kelgan ishni qilardi. Aynan shu studiyada u o‘zining aktyorlik uslubini ishlab chiqdi, bu keyinchalik uning karyerasini belgilab berdi.

Shuhrat yo‘li: hal qiluvchi rollar

Pachino uchun 1969-yilda “Hinduning Bronks istagi” spektaklida rol ijro etgani katta yutuq bo‘ldi. Bu unga eng yaxshi erkak roli uchun “Obi” mukofotini keltirdi. Biroq eng muhimi, shubhasiz, Frensis Ford Koppolaning “Cho‘qintirgan ota” (1972) filmidagi Maykl Korleonening roli bo‘ldi. Bu rol uni jahon shuhratiga olib chiqdi va Gollivudda u bilan hisoblashadigan kuchga aylantirdi.

Foto: Paramount Pictures

Bu film bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. “Cho‘qintirgan ota” sifatli vinoga o‘xshaydi. Vaqt o‘tgan sari uning ta’mi yanada to‘lishadi. 1940-1950-yillarda Amerikaga ko‘chib kelgan italyan mafiya oilasi tarixini ochib bergan bu asar kinematografiya tarixidagi eng buyuk filmlardan biridir. Unda Pachino zaiflik, kuch va sovuqqonlik aralashmasini ajoyib tarzda ifodalash qobiliyatini namoyish etdi.

70-yillar. Pachino unutilmas aktyorlik mahoratini ko‘rsatishda davom etdi. “Serpiko” (1973) filmidagi keskin va o‘zgaruvchan Frenk Serpiko obrazi unga yana bir “Oskar” nominatsiyasini keltirdi.

“Dog Day Afternoon” (1975) filmida Pachino o‘zining g‘ayritabiiy hissiy teranligini namoyish etgan shafqatsiz bank qaroqchisi rolini ijro etdi. O‘n yillikning oxiriga kelib, Pachino o‘z avlodining yetakchi aktyorlaridan biri maqomini mustahkamladi.

80-yillardagi Gollivud ramzi

Keyingi yillarda Pachino yanada murakkab va xilma-xil rollarga qo‘l urdi. Uning “Chandiqli yuz” filmidagi Toni Montana obrazi afsonaga aylandi, qahramonning yorqin shaxsiyati va esda qolarli gaplari ommaviy madaniyatga o‘chmas ta’sir ko‘rsatdi. Film dastlab turlicha baholangan bo‘lsa-da, keyinchalik u klassikaga aylandi va Pachino ijrosi uning eng yaxshi ishlari qatoridan joy oldi.

1992-yilda “Ayol ifori” filmi unga eng yaxshi erkak roli uchun yagona “Oskar” mukofotini keltirdi. Iste’fodagi ko‘zi ojiz podpolkovnik Frenk Sleyd Pachinoning aktyorlik durdonalaridan biridir.

U Robert De Niro bilan birga suratga tushgan “Jang” hamda unga yana bir “Oskar” nominatsiyasini keltirgan “Insayder” (1999) filmlari jahon kinematografiyasi tarixida chuqur iz qoldirdi.

Foto: Bernard Gotfryd

So‘nggi ijod va bugungi kun

Pachino kinoda ham, televideniyeda ham barqaror faoliyat ko‘rsatishda davom etdi. Uning Jek Kevorkyan va Fil Spektor kabi real shaxslar asosidagi qahramonlari tanqidchilar e’tirofiga sazovor bo‘lib, bir qator mukofotlarni qo‘lga kiritdi.

Pachinoning ta’siri aktyorlikdan tashqariga chiqadi. Masalan, uning Shekspirning “Richard III” asarini tadqiq etuvchi “Richardni izlab” (1996) hujjatli filmi Pachinoning teatrga bo‘lgan chuqur muhabbatining ifodasi hisoblanadi.

Muvaffaqiyatlariga qaramay, Pachino doimo ichki dunyosini yashiradigan va kamtarin shaxs bo‘lib qoldi, ko‘pincha shuhratdan qochib, o‘z ishiga e’tibor qaratishni ma’qul ko‘rdi.

Bugungi kunga qadar uning kino va teatr sohasidagi xizmatlari aktyor va rejissyorlarning yangi avlodlarini ilhomlantirmoqda. Uning jo‘shqin chiqishlari, kasbiga sadoqati va o‘z badiiy qarashlariga qat’iy sobitligi Pachinoni kino olamining haqiqiy afsonasiga aylantirdi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles