Yelizaveta II va Filipp: Haqiqiy muhabbat qissasi
Umrga teng sevgi

1947-yil 20-noyabrda kelajakdagi qirolicha Yelizaveta II va Edinburg gersogi Filipp Mauntbetten bir-biriga “ha” deb aytishdi. Shunday qilib, Britaniya qirollik oilasi tarixidagi eng uzoq va mustahkam nikoh boshlandi – ularning ittifoqi 73 yil davom etib, sadoqat va muhabbatning haqiqiy timsoli bo‘ldi.
Malika Yelizaveta II va shahzoda Filipp ilk bor bolalik chog‘larida, 1934-yildagi to‘y marosimida uchrashishgan. Yelizaveta sakkiz, Filipp o‘n uch yoshda edi. Besh yil o‘tgach, taqdir ularni yana ro‘baro‘ qildi: Filipp malika bilan Dartmutdagi Qirollik harbiy-dengiz kollejiga tashrifi chog‘ida yuzlashdi. 1947-yilda yozgan shaxsiy maktublaridan birida Yelizaveta kelajakdagi turmush o‘rtog‘ini aynan o‘sha uchrashuvda sevib qolganini aytadi. Juftlik xat yozishib turardi, ammo kamdan-kam uchrashardi. Ikkinchi jahon urushi paytida Filipp qirollik harbiy-dengiz flotida xizmat qilib, jang amaliyotlarida ishtirok etgan.
O‘sha maktubda malika ular tez-tez nikoh haqida suhbatlashganini, biroq u 21 yoshga to‘lmaguncha bu muhim voqeani kechiktirishga qaror qilishganini tilga olgan. “Hech kim “rozilik” haqida bosh qotirmasdi. Bu muqarrar edi”, – deb yozadi u. Biroq qirollik oilasi Filippga ehtiyotkorlik bilan yondashdi: ularning fikricha, u kelajakdagi shahzoda qiyofasiga to‘la mos kelmasdi.
Juftlikning unashtiruvi tez orada amalga oshdi va bu 1947-yil 9-iyulda e’lon qilindi. Er-xotin Shotlandiyadagi Balmoral qal’asida unashtirildi, Filipp o‘z kelinchagi uchun nikoh uzugini onasining tojidagi olmoslardan foydalanib o‘zi loyihaladi. Bu bilan u nafaqat Yelizavetaga bo‘lgan samimiy va chuqur muhabbatini ifodaladi, balki o‘z oilasining bir bo‘lagini ham qo‘shdi.
To‘y arafasida Filipp Edinburg gersogi, Merionet grafi va Grinvich baroni unvonlarini oldi. Ko‘p o‘tmay er-xotin 2500 nafar mehmon ishtirokidagi hashamatli to‘yni nishonlashdi. Marosim Vestminster ibodatxonasida o‘tkazildi – bir paytlar kelinning ota-onasi, Georg VI va Yelizaveta Bouz-Layon aynan shu yerda nikohdan o‘tishgandi. Bayramdan so‘ng malika Yelizaveta va shahzoda Filipp darhol Bukingem saroyiga yo‘l olishdi va ilk bor o‘z balkonlaridan yangi qirollik oilasining tug‘ilishini nishonlayotgan xalq oldida ko‘rinish berishdi.
Yosh kelin-kuyovning osoyishta hayoti uzoqqa cho‘zilmadi: 1952-yilda qirol Georg VI to‘satdan vafot etdi va taxt vorisi bo‘lgan Yelizaveta 25 yoshida taxtga o‘tirdi. Ko‘plab manbalarda ta’kidlanishicha, bu davr nafaqat yosh qirolicha, balki uning eri uchun ham ayniqsa og‘ir kechdi: maqomning kutilmagan o‘zgarishi uning uchun haqiqiy sinovga aylandi. Shunga qaramay, shahzoda Filipp o‘zining muvaffaqiyatli harbiy karyerasi va shaxsiy intilishlaridan voz kechib, yangi rol va majburiyatlarni zimmasiga olib, oliyjanoblik namunasini ko‘rsatdi.
Toj kiyish marosimida Filipp tiz cho‘kib, rafiqasiga sodiq xizmatkor bo‘lishga qasam ichdi. Bu harakat qirolichaga bo‘lgan chuqur sadoqat va qo‘llab-quvvatlashning ramzi sifatida tarixga muhrlandi.
1997-yilda ularning to‘ylarining 50 yilligi munosabati bilan qirolicha Yelizaveta II shunday e’tirof etdi: “U shu yillar davomida mening suyanchig‘im bo‘ldi. Men, butun oilamiz va ko‘plab mamlakatlar uning oldida u hech qachon tan olmaydigan va ehtimol, biz hech qachon to‘liq anglab yetmaydigan qarzga egamiz”.
Yelizaveta va Filipp umrlarining oxirigacha birga yashadilar, barcha quvonch va qiyinchiliklarni baham ko‘rdilar. Shahzoda Filipp 2021-yil 9-aprelda - turmush o‘rtog‘i bilan to‘ylarining 74 yilligi nishonlanishidan sal oldin olamdan o‘tdi. Bir yarim yildan so‘ng, 2022-yil 8-sentyabrda qirolicha Yelizaveta ham uning ortidan ketdi. Er-xotin yoshlikdan to so‘nggi damlarigacha yonma-yon umr kechirib, “to o‘lim bizni ayirmaguncha” degan va’dalarini bajo keltirdilar.