Hissiy belanchak

Sog‘lom munosabatlarni qanday tanlash kerak

12 Iyul 2025
manga: Jasmin Wedding Photography, pexels

Munosabatlardagi hissiy tebranishlar muhokama qilinadigan eng dolzarb mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘pchilikka tanish bo‘lgan holat – sherigingiz bilan baxt cho‘qqisida ekanligingizni his qilasiz, keyin esa to‘satdan quvonch o‘rnini tashvish, yolg‘izlik va hatto qo‘rquv egallaydi. Bunday o‘zgarishlar qaramlik, chalkashlik va ichki tushkunlikni keltirib chiqarishi mumkin. Ko‘pincha buning zamirida shunchaki ehtiros yoki sherikning “murakkab fe’li” emas, balki nosog‘lom bog‘lanish ssenariylari va hissiy xavfsizlikning yetishmasligi yotadi.

Bu masalada ongli yondashuv mustahkam va sog‘lom munosabatlar qurish uchun yopiq doiradan chiqishga yordam beradi.

Sabablari

Munosabatlardagi hissiy tebranishlar ko‘pincha bolalikda shakllangan bog‘lanish namunalari tufayli yuzaga keladi. Jon Boulbi va Meri Eynsvortning bog‘lanish nazariyasiga ko‘ra, xavotirli yoki qochoq bog‘lanish turiga ega bo‘lgan odamlar beqaror, dramatik munosabatlar qurishga moyil bo‘ladilar. Masalan, xavotirli bog‘lanishga ega bo‘lgan odam doimiy ravishda sevgining tasdig‘ini izlaydi, sherigi esa undan uzoqlashishi mumkin – bir-biriga nisbatan bu beqarorlik o‘sha hissiy tebranishlarni keltirib chiqaradi.

Yana bir ehtimoliy sabab – yetarlicha ishlanmagan ruhiy jarohatlar va rad etilish qo‘rquvi. Bunday holda, har qanday yaqinlashuv o‘zini yo‘qotish xavfi sifatida, har qanday uzoqlashuv esa tark etilish xavfi sifatida qabul qilinadi. Bu sevgi va befarqlik o‘rtasidagi doimiy tebranishlarni keltirib chiqaradi: bir lahzada sherigingiz bilan ajralmas ekanligigingizni his qilsangiz, keyingi lahzada sizni sevmaydigan va qadrlamaydigan bo‘lib tuyuladi.

Bundan tashqari, hissiy tebranishlar manipulyatsiya bo‘lishi ham mumkin, ayniqsa narsistik xususiyatlar mavjud bo‘lsa: sherik goh e’tibor va iliqlik ko‘rsatadi, goh to‘satdan qadrsizlantiradi, bu esa boshqa tomon qaramligini va hissiy beqarorligini keltirib chiqaradi.

manba: mikoto.raw Photographer, pexels

Nima uchun hissiy belanchaklar qaramlikni keltirib chiqaradi?

Hissiy beqarorlik tuyg‘usi miyadagi giyohvand moddalar yoki qimor o‘yinlari kabi biokimyoviy tizimni faollashtiradi. Bunday munosabatlarda qachon va nima uchun “mukofot” (sevgi, e’tibor, ma’qullash) olishingizni bilmaysiz va miyangiz uni oldindan sezish va “loyiq” bo‘lish uchun zo‘r berib ishlaydi. Cheksiz rashk, janjal va kelishmovchiliklar to‘satdan g‘amxo‘rlik va mehribonlik bilan almashganda, uzoq kutilgan muhabbat hissidan quvonch, sevgi doimiy namoyon bo‘ladigan sog‘lom munosabatlarga qaraganda ancha yorqinroq his etiladi. Natijada, inson o‘zini yana ahamiyatli his qilish uchun bu his-tuyg‘ularga tom ma’noda “qaram bo‘lib qoladi”.

Ko‘pchilikka tanish bo‘lgan oddiy misol: tasavvur qiling, dugonangiz zo‘ravon bilan uchrashmoqda. U dugonangiz bilan tinimsiz janjallashadi, haqorat qiladi va sababsiz rashk qiladi. Lekin dugonangiz undan ketishga urinishi bilanoq, zo‘ravon darhol o‘zgaradi – qimmatbaho sovg‘alar, ulkan guldastalar bera boshlaydi va o‘zgarishga va’da beradi. Dugonangiz unga ishonadi, zo‘ravon bir necha kun o‘zini “yaxshi” tutadi va yana eski odatiga qaytadi. Hammasi qaytadan takrorlanadi, ularning munosabatlari aylanma doira. Uning atrofidagilar nima uchun ketmayotganini tushunishmaydi, ehtimol, uning o‘zi ham.

Psixologik jihatdan bu asosiy hissiy xavfsizlikning yetishmasligi va o‘z qadr-qimmatini boshqa odam orqali tasdiqlash ehtiyoji bilan bog‘liq: inson bu qaramlikdan qanday qutulishni tasavvur qila olmaydi va sog‘lom munosabatlar unga zerikarli va “haqiqiy emas” bo‘lib tuyuladi.

manba: Jovie Pujadas Ladura, pexels

Sog‘lom munosabatlarni tanlash yo‘lini qanday topish kerak

Zaharli munosabatlardagi bog‘liqlik – yechimi sabr-toqat va kompleks yondashuvni talab qiladigan murakkab muammo. Quyida o‘zaro bog‘liqlikdan xalos bo‘lish va sog‘lom munosabatlar yo‘lida foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir nechta tavsiyalar keltirilgan:

  1. Bu muhabbat emas, balki bog‘liqlik ekanini tan oling. Kuchli hissiyotlar, tashvish, cheksiz kutishlar va umidlar yaqinlik emas. Bu og‘riqqa asoslangan bog‘liqlikdir. Tan olish – erkinlik sari qo‘yilgan birinchi qadam.
  2. O‘zingizdan so‘rang: bu munosabatlardan aslida nima olayapman? Qoniqishmi yoki azob? Iliqlikmi yoki taranglik? Huzurmi yoki doimiy noaniqlik?
  3. O‘zingizga savol bering: sog‘lom sevgi men uchun nimani anglatadi? Xotirjamlik, ishonchlilik, hurmat, ruhiy qo‘llab-quvvatlash – munosabatlardagi qadriyatlaringizni shakllantiring.
  4. Xayollardan voz keching. Insonning o‘zgarishini kutishni to‘xtating, so‘zlar va va’dalarga emas, xatti-harakatlarga e’tibor bering.
  5. Bu odam yoningizda bo‘lganda tanangiz va his-tuyg‘ularingizga e’tibor qarating. Ongingiz muammoni tushunishga to‘sqinlik qilsa ham, tana aldamaydi – doimiy xavotir, stress, vazn o‘zgarishi, hayz siklining buzilishi va hatto teri muammolari yoningizdagi odam noto‘g‘ri ekanligini ko‘rsatishi mumkin.
  6. Har kuni o‘zingizni tanlashni boshlang. Ovqatlanish, uxlash, sayr qilish, o‘z-o‘zini qo‘llab-quvvatlash – hatto kichik harakatlar orqali ham ichki tayanch hissini qaytarasiz.
  7. Chegaralaringizni belgilang va ularni bildiring. O‘zingiz uchun hech kim buzmasligi kerak bo‘lgan muomala qoidalarini aniqlang: “Men qarorlar birgalikda qabul qilinadigan munosabatlarda bo‘lishim muhim”, “Men e’tiborsizlikka chidashga tayyor emasman” va hokazo.
  8. Munosabatlarni drama asosida emas, barqarorlik asosida qurishni o‘rganing. Bir-biriga bog‘liq zaharli munosabatlar ko‘pincha yorqin ko‘rinadi – ular his-tuyg‘ular, keng imo-ishoralar va chiroyli xushomadlarga boy. Shuni yodda tutingki, bu faqat rang-barang o‘ram bo‘lib, uning ortida og‘riq, manipulyatsiya va xavotir yashiringan bo‘lishi mumkin. Sog‘lom munosabatlarda muhabbat unchalik yorqin namoyon bo‘lmaydi, lekin barqaror va tabiiy bo‘ladi. Avvaliga “sog‘lom” narsa zerikarli tuyuladi, keyinchalik esa xotirjamlik sevgining yo‘qligi emas, balki uning eng yetuk shakli ekanligi anglab yetiladi.
  9. Psixoterapiya yoki yordam guruhiga murojaat qiling. Vaziyatni juda yaxshi tushunsangiz ham, bunday munosabatlardan chiqish qiyin bo‘lishi mumkin. Yordam so‘rash – bu zaiflik emas, balki takrorlanuvchi vaziyatdan chiqish va sherik tanlashda yangi usullarni o‘rganish yo‘lidir.
Maqolani baham ko'ring

Related articles