Qanday qilib bolada kitoblarga mehr uyg‘otish mumkin?
Biz ko‘plab ota-onalar uchun muhim bo‘lgan savolga javob izlayapmiz
Qachonlardir ba’zi sabablarga ko‘ra, boshqa yurtlarga yashashga ketgan o‘zbekistonliklar, nafaqat vatanga muhabbat, balki milliy tilimizni ommalashtirish, jamiyatimiz qadriyatlari va xususiyatlarini namoyon etayotgani qalbimizni shod etadi. Shunday qilib, material qahramonlari: Nargis Karimova va Dinara Muminova. Ular o‘zbek bolalarida kitobga bo‘lgan muhabbatni shakllantirib kelayotgan mutaxassislardir. Keling, ulardan, qanday qilib bolada o‘qishga bo‘lgan muhabbatni shakllantirishni aniqlaymiz.
Bolalar illyustratori va uch farzandning onasi Nargis Karimova “Oq terakmi, koʻk terak” musiqiy kitobini o‘zbek tilida yaratdi. Nargis Jenevada yashasa ham, ijodi bilan ona yurtini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda. Musiqiy kitob Respublika bolalar kutubxonasiga ko‘rk qo‘shmoqda hamda xalq madaniyatiga mehr uyg‘otgan holda yosh kitobxonlarni xalq qo‘shiqlari bilan tanishtirmoqda.
“Menimcha, bolaning kitobga mehr qo‘yishi uchun eng muhim omil – bu kitob o‘qiydigan ota-onadir. Agar u yoshligidanoq kattalarni kitob bilan ko‘rsa, undagi kitob o‘qishga bo‘lgan munosabat tabiiydek ko‘rinadi. Muhim ishlari hech qachon tugamaydigan biz kattalar, albatta, uy yumushlari va boshqa shoshilinch ishlarimizni amalga oshirib olish maqsadida bolakaylarni bizni chalg‘itmasliklari uchun gadjet bilan band qilib qo‘yish ancha oson. Ammo agar bolaning muntazam ravishda “televizor ko‘raman, planshetda o‘ynayman” degan talablarini qondirilishi o‘rniga, u bilan birgalikda kitob o‘qilsa, shundagina bolada o‘qishga ishtiyoq va mehr uyg‘onadi. Yanada ko‘proq qiziqtirish uchun bolalar bilan birgalikda kutubxonalarga va kitob klublariga borishni tashkil qilish mumkin. Bu ishlar aynan birgalikda amalga oshirilsagina, kerakli maqsadga erishiladi.
Yana bir samarali usul: tunda, uxlashdan oldin birgalikda o‘qish an’anasi. Farzandingiz bilan yumshoq to‘shakda qulay o‘rnashib olib, uni quchog‘ingizga olgan holda kitob o‘qib bering. Bu an’ana kattalar bilan bolani yaqinlashtiradi, ularning хotirasida mehr, iliqlik va xotirjamlik tuyg‘ularini hamda kitob o‘qish bilan bog‘liq bo‘lgan yoqimli lahzalarni qoldiradi”, - debjavob berdi Nargis Karimova ona sifatida.
“Bolalar uchun qog‘oz kitob – dunyoni o‘rganish, miya faoliyatini rag‘batlantirish, vizual, taktil, eshitish va sezish qobiliyatlarini rivojlantirish uchun muhim vosita hisoblanadi. Yangi kitobning hidi, varaqlarining shitirlashi, silliq yoki dag‘al sirti – bu hissiyotlarning barchasi hali o‘qishni boshlamasdan turib, bola va kitob o‘rtasida o‘zaro aloqa hosil qiladi. Yuqori sifatli bosma nashr - bu muallif, illyustrator va noshir o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikdir.
Rasmli kitoblar maktabgacha va boshlang‘ich sinf yoshidagi bolalarga odatdagilaridan ko‘ra ko‘proq yoqadi. Men bolalar illyustratori sifatida ularga tushunarli va qabul qilishga oson rang-tasvir uslubiga, rasmlarning rangbarangligiga katta e’tibor beraman. Albatta, buning uchun siz, bolalar illyustratsiya olamidagi tendensiyalardan xabardor bo‘lishingiz kerak. Bu bilan ayni paytda o‘ziga xoslik, tanish uslubni saqlab qolish va maqsadli auditoriyaning yoshini hisobga olish ham muhimdir. Va eng asosiysi, bu mening shaxsiy qoidam — bolalar kitoblarini mehr bilan chizishdir. Mening ijodim kitob muqovasi orqali iliqlik va muhabbatni taratib, bolalarning kitobni olib, rasmlarini ko‘rishga undaydi”, — deydi Nargis Karimova mutaxassis sifatida.
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Dinara Muminova, bolalar adabiyotini o‘rganib, erta savodxonlik va kitob o‘qishni takomillashtirish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda. U Janubiy Koreyada yashaydi, uchta farzandning onasi. Darvoqe, farzandlariga bo‘lgan mehr va e’tibor Dinarani kitob olamiga pedagogik yo‘l orqali kirib kelishiga sabab bo‘ldi. Muallif to‘plamida maktabgacha va katta yoshdagi bolalar uchun hozirning o‘zidayoq 10 dan ortiq rasmli kitob mavjud.
Ijtimoiy tarmoqlarda Dinarani bolalar kitobxonligining ommalashtiruvchisi deb atashadi. U yozuvchilikdan tashqari o‘zbek muhojirlari farzandlari uchun UzBOOKistan xalqaro onlayn loyihasining muallifi.
“Farzandlarimiz Janubiy Koreyada tug‘ilgan. Bu yerda bolalar adabiyoti sohasi juda rivojlangan. Jamoat kutubxonalarining xilma-xilligi tufayli barcha koreys farzandlari eng yaxshi bolalar kitoblaridan teng huquqda foydalanish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, yirik savdo do‘konlarida bolalar adabiyoti sotiladigan bo‘limlar mavjud, siz u yerda farzandingiz bilan o‘tirib, bemalol, o‘zingizga yoqqan kitobni xarid qilmasdan o‘qib chiqishingiz mumkin.
6 oyligida bolalarimning sevimli kitobi bor edi – sabzavot va mevalarni faqat unga qarab yer edik. Turmush o‘rtog‘im va men uchun bolalarimizning o‘zbek tilida gaplashishi muhim, shuning uchun ham ularning atrofini ona tilimizdagi kitoblar bilan to‘ldirishga harakat qildik. Har kuni kechki uyqudan oldin ularga ertak o‘qib berar edik, syujet va keyin qahramonlarni muhokama qilardik. Farzandlarim ulg‘aygani sari, yoshlariga mos o‘zbek adabiyotini topishga harakat qilardik. Bugun farzandlarim ona tilimizda bemalol gapira oladi. Vatandan uzoqda farzand tarbiyalayotganlar – bu jarayonning murakkabligini tushunishadi”, - deb javob berdi Dinara Muminova ona sifatida.
“Tadqiqotlarga ko‘ra, emotsiyalar bilan olingan bilim – eng samarali va esda qolishi oson hisoblanadi. Bolada kitobga bo‘lgan mehrni uyg‘otish uchun – kitob shu emotsiyalarning paydo bo‘lishiga yordam berishi kerak. Kitob bolaning ichki va tashqi dunyosi bilan mos bo‘lishi juda muhimdir.
Bugungi kunda, farzandlarimiz hamma narsa ko‘rsatilgan gadjetlar qurshovida o‘sayotganida, ularning kitob o‘qish orqali olamni tasavvur qilishi juda qiyin. Shu sababdan, kichik bolalar uchun mo‘ljallangan kitoblarda rasm illyustratsiyasi va kattaroq bolalar uchun mos kitoblarda esa, rasm tafsilotlari berilishi lozim.
Kitobning bevosita maqsadi – bolaga yordam berishdir. Bola biron narsa tushunmaganida, o‘zini yomon va yolg‘iz his qilganida, zerikkanida yoki qo‘rqqanida — aynan shu paytda, kitob yordamga kelishi kerak. Bola kitobdan zavqlanishi lozim, shundagina u kitob o‘qish jarayoniga qiziqadi”, — deya javob berdi Dinara Muminova mutaxassis sifatida.