«Men “Made in Uzbekistan” deyishni afzal ko‘raman» — Liliya Palyunina Liliya Dulat liboslarini kimlar uchun yaratishi haqida
Toshkentning Liliya Dulat brendi qishki kapsula kolleksiyasini suratga olishga 24 nafar doimiy mijozini taklif qildi. Brend asoschisi va kreativ direktori Liliya Palyunina ELLE Uzbekistan’ga nima uchun aynan ularni kadrda ko‘rishni istagani, adras va xonatlasdan qanday foydalanishi hamda o‘g‘li Kristian bilan qanday ishlashi haqida so‘zlab berdi.

Bo‘sh ilgichdagi bo‘z g‘ilofga «Model», «Obraz №» va «Kelish vaqti» degan bandlari bor suratga olish varag‘i ilingan. Liliya Palyunina imzolagan kartochka uzun tillarang iplar bilan tikilgan. Liliya Dulat kiyimlariga brend yorliqlari ham xuddi shunday iplar bilan qadaladi. Brend mijozlarini suratga olishga shu tarzda taklif qildi.

14-noyabr kuni mehmonlar Tashkent City’dagi Li Vector avtosalonida yig‘ildi. Kecha The Client’s Showroom deb nomlandi.
The Client’s Showroom — yangi kolleksiyani taqdim etishning noodatiy shakli. Bugun Li Vector’da nimalar bo‘layotganini aytib bera olasizmi?
Bugun Liliya Dulat’ning yangi qishki kapsula kolleksiyasi kampaniyasi uchun yopiq suratga olish jarayonini o‘tkazyapmiz. Bir kechaga yangilangan shourumimizning bir qismini avtosalonga ko‘chirdik. Mehmonlar jamoamiz obrazlarni qanday tanlashini va qahramonlarni suratga olishga qanday tayyorlashini ko‘rishlari mumkin. Kampaniyani fotograf Ilya Semendeyev suratga olyapti.
Suratga olishning aksariyati yopiq parda ortida kechadi. Mehmonlar faqat fotoapparat chaqnashlarini ko‘rishadi. Professional model bo‘lgan bir nechta mijozimizni esa mehmonlar oldida suratga olishni rejalashtirdik. Bu kechaga performans ruhini beradi.

Kampaniya qahramonlari sifatida aynan brend mijozlarini tanlash siz uchun nega muhim edi?
Mijozlarimiz — kiyimlarimizni yillardan beri kiyib kelayotgan ayollar va erkaklar. Ushbu liboslar kundalik hayotining bir qismiga aylangan insonlarni kadrda ko‘rishni istadim. Bunda o‘zgacha samimiyat va yaqinlik bor.
Ko‘pchilik dizayner ishini chiroyli surat sifatida tasavvur qiladi va sahna ortida nimalar bo‘lishini kamdan-kam ko‘radi. Mijozlarimizni u yerga taklif qilib, kiyimni o‘lchab ko‘rishdan tortib suratga tushishgacha bo‘lgan jarayonni o‘zlari boshdan kechirishlarini xohladim.


The Client’s Showroom Liliya Dulat shourumining yangilanishi bilan ham bog‘liq. Shourum ishida nimalar o‘zgardi?
Endi shourumimiz nafis parda ortida, mehmonlarni esa oldindan yozilish asosida qabul qilamiz. Maqsad — har bir mijozga alohida e’tibor berish. Biz tayyor kiyimlar bilan ishlaymiz. Doimiy mijozlar oldindan yozib, o‘lchab ko‘rmoqchi bo‘lgan kiyimlarini tanlaydi va tashrif vaqtini kelishib oladi. Yangi mijozlar va sayyohlar bizni ko‘pincha Instagram orqali topib, menejerlarimiz bilan bog‘lanishadi.
Kiyim o‘lchab ko‘rishga kelgan har bir kishiga yetarlicha vaqt ajratish men uchun muhim. Yaqin kunlarda oldindan yozilib, yangi kapsula kolleksiyasini ham ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Yangi kapsula kolleksiyasida matolar, naqshlar va turli fakturalar uyg‘unligi bilan tajriba qilyapsiz. Bugun brendning odatiy estetikasini qay darajada kengaytirishga tayyorsiz?
Qishda ham, mavsumlar oralig‘ida ham kiyish mumkin bo‘lgan liboslar uchun matolar tanladik. Ayrim yechimlar, masalan, qoplon va yo‘lbars naqshlari doimiy mijozlarimiz uchun kutilmagan bo‘ldi. Nazarimda, ular bu mavsumda ayniqsa dolzarb. Qolaversa, bizga, sharq ayollariga, ifodalilik, yorqinlik va hissiyotga boy obrazlar yaqin.

Faktura va materiallar uyg‘unligi bilan tajriba qilish menga qiziq. Ba’zida obrazni aynan dadil uyg‘unlik qiziqarli qiladi. Shu tariqa brendning odatiy estetikasini kengaytirib, uni boshqa tomondan ko‘rsata olaman.


Brend uzoq vaqt qora rang va qat’iy geometrik shakllar bilan bog‘lanardi. Yangilangan shourumda och tuslar ancha ko‘p. Bu yangi bosqichning boshlanishimi?
Hammasi shourumni yangilashdan boshlangan bo‘lsa kerak. Odatiy qora rang o‘rniga mayin sutrang tusni tanladik. Bu tus brendimizning vizual uslubida avvaldan bor edi. Bir payt kelib makonni yorug‘roq qilishni istadim. Balki bu ichki sezgi, o‘zgarishga bo‘lgan istakdir.
O‘zim ham och tuslarni tez-tez tanlay boshladim. Qora rang kolleksiyalarimizda hamon muhim o‘rin tutadi. Qora liboslarimiz, dadil modellarimiz va sun’iy charmdan tikilgan kiyimlarimiz ko‘p. Bu o‘zgarishni biror aniq voqea yoki shaxsiy hikoya bilan bog‘lamagan bo‘lardim. Hozir och tuslar bizga yaqinroq.

Kolleksiyalaringizda an’anaviy o‘zbek matolari — adras va xonatlas — zamonaviy talqinda namoyon bo‘ladi. Madaniy meros va zamonaviy dizayn o‘rtasidagi muvozanatni qanday topasiz?
O‘z matolarimiz bilan ishlashda albatta davom etaman. Ulardan me’yorida foydalanish, o‘zimga mos muvozanatni topish men uchun muhim. Bu alohida detal, bezak yoki butun bir libos bo‘lishi mumkin. Kolleksiyalarimizda adras va xonatlasdan tikilgan ko‘ylaklar ham, jaketlar ham bor.


O‘zbekistonning madaniy merosi nihoyatda boy. Bugun uni zamonaviy dizayn orqali ochib berish mumkinligi menga yoqadi. Yangi shakllar va uyg‘unliklarni izlashga qiziqaman. Milliy matolar zamonaviy liboslarda tabiiy ko‘rinishini va vizual tilimizning bir qismi bo‘lib qolishini istayman.
Mahalliy moda olamidan tashqarida sizni nimalar ilhomlantiradi? Xalqaro tajriba qarashlaringizga qanday ta’sir qildi?
O‘zbekiston men uchun ona yurt, men uni yaxshi ko‘raman. Shu yerda ulg‘aydim, o‘qidim, ishladim, turmushga chiqdim, farzandlarim ham shu yerda tug‘ildi. Bir muddat Yevropada yashadik, ammo bu yerga qaytishni doim istardim.
O‘z matolarimiz bilan ishlashda davom etdim, ularni kolleksiyalarimda va namoyishlarda qo‘lladim. 2017-yilda Moskvadagi Mercedes-Benz Fashion Week’da qatnashgan edik. O‘sha kolleksiyada ham o‘zbek matolari bor edi.
«Yevropadagidek» degan ibora menga uncha yaqin emas. Men «Made in Uzbekistan» deyishni afzal ko‘raman. Bu brendga ham, shaxsan menga ham taalluqli. Zamonaviy dizayn shu yerda, o‘z madaniyatimizga tayangan holda yaratilishi mumkinligini ko‘rsatish men uchun muhim.

Brendning yaqin kelajakdagi rejalari qanday? Yangi kolleksiyani qayerda ko‘rish mumkin bo‘ladi?
Qishki kolleksiyani Milanda taqdim etmoqchimiz. Shu mavsumdan boshlab brendimiz Studio Z shourumida namoyish etilyapti va kolleksiyani o‘sha yerda ko‘rsatmoqchimiz. Bundan tashqari, O‘zbekistonda alohida moda namoyishiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Hammasi amalga oshishiga juda umid qilaman.
Yangi kolleksiya tomoshabinlarimizni yana hayratda qoldirishini xohlayman. Brend rivojlanishda davom etishi va yangi yechimlarni taklif qilishi men uchun muhim.
Brendni rivojlantirishda sizga uning vizual yo‘nalishi va kommunikatsiyasi bilan shug‘ullanuvchi o‘g‘lingiz Kristian yordam beradi. Ijodiy hamkorligingiz qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Rostini aytsam, uning menga yordam berishiga hech qachon shubha qilmaganman. Kristian bolaligidan ishimizni kuzatib, mening ijodiy muhitimda ulg‘aydi. U ijod bilan bog‘liq yo‘nalishni tanlasa kerak, deb o‘ylardim.
Hozir u brendning vizual yo‘nalishi va kommunikatsiyasida menga yordam beradi. Bu katta ko‘mak. Men avvalo ijodkor odamman, Kristian esa ko‘p narsaga boshqa tomondan, strategik va amaliy yondashadi.
Aytgancha, oilamizning sportga yaqin tomoni ham bor. Turmush o‘rtog‘im va katta o‘g‘lim sport bilan ko‘proq bog‘langan. Erim ba’zida oilada unga bitta dizayner yetishini hazillashib aytadi. Kristian ijodiy dunyomni tushunadi, xayolimda hali shakllanayotgan g‘oyalarni ham amalga oshirishga yordam beradi.

Kampaniya fotografi — Ilya Semendeyev.