Abadiyatga tatigulik do‘stlik
San’at bilan bog‘liq moda uylari kolleksiyalari
Karl Lagerfeld shunday degan edi: “San’at – bu san’at. Moda – bu moda”, bu bilan u san’at nafaqat modadan farq qilishini, balki unga butunlay qarama-qarshi ekanligini ta’kidlagan. Bunday keskin e’tirozlarga qaramay, Lagerfeldning o‘zi va boshqa dizaynerlar bir necha bor podiumlar uchun rassomlarning ishlariga murojaat qilishgan va ularni qayta talqin qilishgan. Hozirgi vaqtda bunday bog‘liqlikdan hayratlanmasa ham bo‘ladi – to‘g‘rirog‘i, brendlar qandaydir yangi yoki allaqachon unutilgan eski nom bilan o‘zining navbatdagi ishini yaratishi kishilarda qiziqish uyg‘otadi.
San’at va moda uyg‘unligi tufayli dunyo mashhur kolleksiyalarni qarshilagan ko‘rgazmalar to‘plamini to‘pladik.
Schiaparelli va Salvador Dali
Dizayner va rassomning dastlabki hamkorliklaridan biri moda dunyosidagi dekonstruktivizm asoschisi Elza Skiaparelli va syurrealist Salvador Dali o‘rtasidagi do‘stlik tufayli vujudga kelgan.
Dadil rassomlar hamkorligining natijasi 1937-yilgi Schiaparelli kolleksiyasi bo‘lib, unda Dali chizgan eskizlar asosida yaratilgan aksessuarlar o‘rin olgan. Jumladan, ular poyabzal shaklidagi shlyapa, shuningdek, qizil belbog‘li va yubkasida qisqichbaqa tasvirlangan mashhur etagi uzun ko‘ylakni o‘ylab topishgan.
Schiaparelli va Dali tandemi moda va san’atning mavjud bo‘lishi, bir-biriga ta’sir ko‘rsatishi, noyob durdonalarni yarata olishiga namuna bo‘la oladi.
Yves Saint Laurent va Pit Mondrian
Mondrian to‘plami moda va san’at sintezining unutilmas namunalaridan biridir. 1965-yilda fransuz modelyeri Yves Saint Laurent niderlandiyalik rassomning minimalizm uslubidagi asarlariga murojaat qilib, oltita trapetsiya ko‘ylaklaridan iborat to‘plamni yaratdi. Ular oddiy chiziqlar, geometrik va rangli katta bloklar ko‘rinishidagi lakonik dekor bilan ajralib turadi. Ushbu elementlar Mondrian ishlagan neoplastisizm yo‘nalishining o‘ziga xos jihatlari bilan farqlanadi.
Modelyerning ta’kidlashicha, to‘plami ustida ish olib borish jarayonida u Kazimir Malevich va Serj Polyakovning asarlaridan ilhomlangan. Aynan Mondrian liboslari moda minimalizmining klassik namunasiga aylandi. Uning ko‘rgazmasi esa 1960-yillardagi moda sanoatining muhim ramziga aylandi.
Versace va Andy Warhol
Italiyalik dizayner Giorgio Versace va Andy Warholni nafaqat mustahkam do‘stlik, balki mashhur madaniyatga bo‘lgan ishtiyoq ham bog‘lab turardi. 1987-yilda rassom vafot etgach, dizayner do‘stining xotirasiga 1991-yilning bahor-yoz mavsumida “Pop” deb nomlangan kolleksiyasini bag‘ishladi.
Modelyer Warhol asarlaridagi Marilyn Monroe tasvirli, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan ko‘ylakda Naomi Campbellni podiumga olib chiqdi. Kolleksiyada, shuningdek, aktrisa tasviri tushirilgan oyoq kiyimi, sumka, kostyum va mini-yubka ham namoyish etildi.
Moschino va Pablo Pikasso
Moschino va Pablo Picassoning o‘xshash jihatlari ko‘p. Gullarga muhabbat, hayratga tushirishga moyillik, vizual ifoda chegaralarini ortga surish istagi. Bularning hammasi brendning ijodiy direktori Jeremy Scott faoliyati davrida 2020-yilning bahor-yoz mavsumi kolleksiyasiga kiritilgan.
U ispan rassomining asarlarini mato va charmdan yasalgan haykaltaroshlik kompozitsiyalari, shuningdek, gippertrofiyalangan o‘lchamdagi aksessuarlar shaklida podiumga o‘tkazdi. Masalan, “Avinyon qizlari” kartinasiga ishora qiluvchi tasvirlar, gitara shaklida yaratilgan uch o‘lchamli libos, shuningdek, rassom juda yaxshi ko‘rgan minotavr timsolini ko‘rish mumkin edi.
Podiumning o‘zi baget ramkasiga aylangandek edi go‘yo. Rassomning kubistik syurrealistik asarlarining jonlantirilgan qahramonlari birin-ketin chiqib ketishdi.
Alexander McQueen va Gustav Klimt
2013-yilgi kurort to‘plami uchun Britaniya moda uyi XX asr boshidagi avstriyalik ramziy rassom va u ijod etgan “oltin davr”ga murojaat qildi. Bu asarlar oltin bilan qoplangan mozaika bilan hamda ehtirosli libosdagi ayollarning qiyofalari bilan farqlanardi.
Ijodiy direktor Sarah Burton o‘zining to‘plami uchun arilar mavzusini tanladi. U nazokatli liboslar bilan birga yorqin rangli jiddiy kostyumlarni birlashtirib, kontrast obrazlarni yaratdi. Bir nechta liboslar ninachi naqshi bilan bezatilgan, oltin bilan qoplangan modellardan biri esa Klimtning “Adel Blox-Bauer I portreti”dagi ilhom parisining obrazini takrorlagan.
Louis Vuitton va Yayoi Kusama
LV va yapon rassomi munosabatlarining tarixi 2012-yilda boshlangan. Kusamaning maxsus rang-barang nuqtali naqshlari o‘sha vaqtda nafaqat Yaponiya san’at ixlosmandlari tomonidan tanilgan, balki uning asarlari ko‘rgazmalariga butun dunyo bo‘ylab kilometrlab cho‘zilgan navbatlar paydo bo‘lardi.
Mashhur Yayoi naqshlari Marc Jacobs tomonidan yaratilgan sumkalar, poyabzallar, aksessuarlar va kiyimlarni bezagan. Quvnoq kolleksiya LV tarixidagi eng ko‘p sotilgan kollaboratsiyalardan biriga aylandi.
Oradan 10 yil o‘tib, modalar uyi yana rassom ayolni hamkorlikka taklif qildi. O‘shanda Nicolas Ghesquièrening asarlarida nafaqat cheksiz no‘xat shakllari, balki Kusamaning boshqa taniqli usullari – masalan, psixodelik gullar (gallyutsinatsiyalarni chaqiradigan yoki miyaning axborotni normal qabul qilishini buzadigan psixoaktiv moddalarni o‘z ichiga olgan o‘simliklar) paydo bo‘ldi.
Ushbu kolleksiya uchun moda uyi ipak bosma texnologiyasini takomillashtirdi. Bu texnologiya nafaqat rassomning chizmalarini mahsulotlarga ko‘chirib qolmasdan, balki uning mo‘yqalam izlarini xuddi qo‘lda chizilgandek aniq aks ettiradigan darajaga yetkazdi.