Alvido, Kempbell sho‘rvasi
Los-Anjelesdagi tabiiy ofat tarixdagi eng ziddiyatli ijodkorlardan birining o‘ttizga yaqin noyob asarlarini yo‘q qilib yubordi.

Bugungi kungacha novator va inqilobchi deb ataladigan Endi Uorxol bir kuni shunday degan edi: “Haqiqiy rassom odamlarga kerak bo‘lmagan narsalarni yaratadi. Ammo u bu narsalarni odamlarga yetkazish o‘zining burchi ekanligini his qiladi”.
Uorxolning o‘z burchi bizga ko‘plab asarlarni in’om etdi, ular oddiy tuyulgan narsalarga bo‘lgan qarashimizni o‘zgartirib yubordi.
Masalan, uning eng mashhur asarlaridan biri - Campbell’s sho‘rva bankasi tasvirlangan rasmini eslaysizmi? U bu rasmni faqatgina shu sho‘rvani juda yaxshi ko‘rgani va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tunuka bankadan ichishga tayyor bo‘lgani uchungina chizgan edi.
U “ommaviylik” hodisasiga ham qiziqar edi. Coca-Cola shishalarini tasvirlashiga sabab, G‘arb iste’mol madaniyatining an’anasidan hayratlanganligida edi: bir xil gazli ichimlik shishasini prezident ham, oddiy ishchi ham barobar ichishi uni lol qoldirgan edi.
U san’at tushunarli bo‘lishi, uning ma’nosi doimo yuzada bo‘lishi kerakligiga ishonardi. Eng muhimi, u faqat o‘zi sevgan, o‘ylab yurgan va hayratga solgan narsalarnigina tasvirlardi.

Фото: Instagram / thewarholmuseum
Afsuski, pop-art qirolining bizga qoldirgan ko‘p asarlari yaqinda Los-Anjelesda ro‘y bergan mashhur tabiiy yong‘inlar oqibatida yo‘q bo‘lib ketdi.
Bu achinarli xabar haqida Demien Xerst, Kit Xaring, Jon Baldessari va Endi Uorxol kabi zamonaviy amerikalik rassomlarning ta’sirchan asarlariga egalik qilgan yirik san’at kolleksioneri Ron Rivlin ma’lum qildi. Uning to‘plamidagi ikki yuzga yaqin san’at asarlari kulga aylandi, ular orasida Campbell’s Soup Cans, Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Supermen, Mikki Maus va boshqalar ham bor edi.
Endi Uorxol asarlarining yo‘qolishi san’at bozoriga katta ta’sir ko‘rsatib, uning juda zaifligini va madaniy merosga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishning ahamiyatini tasdiqlaydi.
Ba’zan biz bilan birga ulg‘aygan buyuk asarlar abadiy yashaydigandek tuyuladi, chunki ular nafaqat mo‘yqalam va bo‘yoqlarni, balki yaratilgan davrni ham o‘zida mujassam etadi. Uorxolning asarlari Amerika madaniyatining timsoli sifatida yonib ketdi va o‘zidan keyin yo‘qotilgan merosning achchiq tutunini qoldirdi, biroq ularning ruhi yashashda davom etmoqda: har bir dadil kiyimda, jasur qarorda va san’at shunchaki interyer buyumi emas, balki ko‘proq e’tibor qaratish lozim bo‘lgan butun bir dunyo ekanligiga bo‘lgan ishonchda mavjud. Biz hamon bu yo‘qotishdan saboq olishimiz va atrofimizdagi go‘zallikni ilgarigidan ko‘ra ko‘proq e’zozlashni o‘rganishimiz mumkin.