Antonio Gaudining bir-birini takrorlamas ijodi

Barselonaga hozirda uning ruhi deb ataladigan tuyg‘uni baxsh etgan, yuragi to‘la inson haqida

20 Iyun 2025
manba: pexels, tyler hendy

Yozgi Barselona – bu palmalarning shovqini, plitkalar ustidagi quyuq soya va quyosh botayotganda tosh yo‘llardan ko‘tariladigan yoqimli chang hidi. Gotika kvartalining tor ko‘chalarida odamlar shoshilishadi, go‘yo qayerga borishni bilgandek, har birining xayolida bir nuqta, to‘satdan hamma narsa o‘zgaradigan burchak bor. Men ularning ortidan shunchaki, maqsadsiz ergashdim. Biz burilib, balkonlardagi choyshablar, kafel lavhalar, suv va limonli stolchalar yonidan o‘tdik. Birdan to‘xtab qolishdi. Hech kim hech narsa demadi, lekin hammaning nigohini yuqoriga qaratdi.

Qarshimizda go‘yo yosh bola dengizga qarab qurgandek ko‘rinadigan uylar turardi. Egri-bugri, rang-barang, murakkab va ayni paytda juda oddiy. Negadir irisning ta’mi esimga tushdi va kattalarga qumdan uylar qurish haqida orzu qilishga ruxsat berilmagani qanchalik achinarli ekanini o‘yladim.

Antonio Gaudi hech qachon buyuklikka intilmagan, degan fikr paydo bo‘ldi. U shunchaki dunyoga sinchkovlik bilan qaragan va unda nimani his qilgan bo‘lsa, o‘shani qurishga harakat qilgan. Ko‘p ham emas, kam ham emas.

manba: Flickr

Ko‘zlardagi ildizlar va nur

Gaudi 1852-yil 25-iyunda Reus yoki qo‘shni Riudomsda tug‘ilgan. Bu bahs unchalik muhim emas: har ikki joy ham uning shakl, nur va yer haqidagi qarashlarining boshlanish nuqtasi bo‘lgan Kataloniyada joylashgan. Bir tomondan – ustaxonalari va mis qozonlari bilan ishchilar shaharchasi, boshqa tomondan – quyosh, daraxtlar soyasi va chigirtkalar ovozi bilan maromga kelgan qishloq osoyishtaligi. Aytgancha, ikkala olam ham uning bolaligining ajralmas qismi edi. Otasi Fransesk Gaudi qozon yasovchi ustasi edi. Fazoviy tasavvur, qo‘l mohirligi va shaklni his etish qobiliyati – bularning barchasini Gaudi oilasidan o‘zlashtirgan.

Uning bolaligi shoshilmasdan, uzoq muddat yolg‘iz kuzatishlar bilan o‘tdi: shilliqqurtning harakatlanishi, qirqquloq barglarining buralib o‘sishi, quyosh nurlari ostida toshning rang o‘zgarishi kabi hodisalarni kuzatgan. Revmatizm tanasini cheklab qo‘ygan, ammo diqqatini charxlagan. U o‘zining birinchi maktabini tabiatdan topdi va keyinchalik shunday dedi: “Asllik – bu ildizlarga qaytish”. Uning ildizi, shubhasiz, Kataloniya zamini edi.

manba: Creative Commons

Yaqinlarini yo‘qotish erta yuz berdi: aka-ukalari, singlisi, onasi olamdan o‘tdi. Faqat jiyani qoldi, keyinchalik u unga g‘amxo‘rlik qildi. Biroq, yolg‘izlik tajribasi uni toshbag‘ir qilib qo‘ymadi, aksincha, ichki dunyosini boyitdi. Gaudi Barselonaga kelib, arxitektura maktabiga o‘qishga kirganida, o‘qituvchilar uning iste’dodini darhol ilg‘ab olishdi. Hatto uning bitiruv loyihasi – qabriston darvozasi ham oddiy chizma emas, balki hayot va o‘lim, ularning chegaralari va o‘tish nuqtalari haqidagi chuqur mulohaza edi.

manba: ommaviy foydalanishdagi ma’lumotlar

Fonuslar va fasadlar 

O‘sha yillardagi Barselona go‘yo eski davrning izlari hali qurib ulgurmagan, biroq yangi ritmning chiziqlari allaqachon ko‘zga tashlanayotgan rassomlik matosiga o‘xshardi. Yosh Gaudi aynan shu o‘zgarishlar pallasida paydo bo‘ldi va shunchaki mavjud uslubga ergashish o‘rniga, boshqalarga o‘xshamaydigan o‘ziga xos yo‘nalishni izlay boshladi. Uning dastlabki ishlari – chiroqlar, panjaralar, jihozlar – garchi ikkinchi darajali bo‘lib ko‘rinsa-da, aynan shular orqali u materiallarni his qilib o‘rgandi, ularning nozikligi va tabiatini angladi, ular bilan teng munosabatda so‘zlasha boshladi.

manba: GNU Free Documentation License

Aynan shu paytda, 1878-yilda Parijdagi Butunjahon ko‘rgazmasida uning yog‘och, shisha va temirdan yasalgan vitrinasi sanoatchi, homiy, intuitsiyasi va san’atga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli yosh me’morni vizioner sifatida ko‘ra olgan Eusebi Guelning e’tiborini tortdi. Ularning uchrashuvidan nafaqat hamkorlik, balki ishonch va umumiy shakl tuyg‘usiga asoslangan do‘stlik ham boshlandi. Guel Gaudiga erkinlik berdi, Gaudi esa bunga javoban bog‘lar, sharob zavodlari, ibodatxonalar, pavilyonlar va saroylar yaratdi. Bularning barchasi bir-biridan farq qilsa-da, ularni yagona narsa – tirik materiyaga va uning cheksiz ifodasiga bo‘lgan ishonch birlashtirib turardi.

manba: ommaviy foydalanishdagi ma’lumotlar

Ammo buyurtmalar ko‘payishi bilan ichki qarshilik ham kuchayib bordi. Gaudi tobora ko‘proq zamonaviy uslubdan chetlasha boshladi. U “modernizm qoliplari”ga sig‘ishni istamas va o‘ziga xos uslubni izlardi. Akademik simmetriya va qoidalar unga torlik qilardi. U doimo ta’kidlardi: “To‘g‘ri chiziq – bu insonning chizig‘i. Egri chiziq esa – Xudoning chizig‘i”.

Inson va shahar

Gaudi yildan-yilga ko‘proq o‘z ichki dunyosiga g‘arq bo‘lib borardi. Yorug‘lik, sharob, shovqin va san’at shahri bo‘lmish Barselona uni tobora kamroq taniy boshladi. U kiborlar hayotidan uzoqlashdi, dabdabali harakatlardan voz kechdi, teatrlar, salonlar va ko‘chalardan yo‘qolib bordi. Uni faqat qurilish maydonida uchratish mumkin edi: chang qoplagan kiyimda, sochlari shamolda hilpirab, qo‘llarida chizmalar bilan.

manba: Creative Commons

Layka qo‘lqop va ipak silindr kiygan yosh olifta g‘oyib bo‘ldi. Uning o‘rniga eski kostyum, oddiy shlyapa kiygan, tashqi ko‘rinishga e’tiborsiz odam qoldi. Shundan so‘ng Sagrada Família uning hayot maqsadiga aylandi. U boshqa buyurtmalarni rad etdi, qurilish maydoniga yaqinroq ko‘chib o‘tdi, deyarli ovqatlanmadi, kam uxladi, butun vaqtini hisob-kitoblarga, chizmalarga va shakllar ustida ishlashga bag‘ishladi. Uni g‘alati, daho, mutaassib deb atashardi. Ehtimol, u bularning barchasini bir vaqtning o‘zida mujassam etgandi.

manba: Flickr

1926-yil 7-iyunda u odatdagidek Sant-Felip-Neri cherkovidan qaytayotgan edi. Ko‘chani kesib o‘tayotganida, kutilmaganda tramvay uni urib yubordi. Kamtarona kiyingan va hujjatlari bo‘lmagan bu odamni tilanchi deb o‘ylashdi. Uni kasalxonaga olib borishdan bosh tortishdi, ammo tasodif uni qutqardi: ruhoniy uning yuzini tanib qoldi. Biroq kech bo‘lgan edi va Gaudi 10-iyun kuni vafot etdi.

Antonio Sagrada Familiya ustida ishlay boshlaganida, u allaqachon bu inshootni tugatilganini ko‘ra olmasligini bilardi. Lekin bu uni to‘xtatmadi. U shoshilish me’morchilikka zarar ekanligini aytardi. Gaudi ibodatxona iliq bo‘lishini xohlardi. Toki inson o‘zini mehmon emas, balki shu makonning bir qismi deb his etsin. Va chamasi, u bunga erishgan ko‘rinadi.

manba: ommaviy foydalanishdagi ma’lumotlar

 

Maqolani baham ko'ring

Related articles