BEFIT RACE 2025

Xalqaro to‘siqli yugurish musobaqasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi

2025-yil 23- va 24-avgust kunlari Amirsoy Resort go‘zal tog‘ kurortida BeFit jamoasi tomonidan tashkil etilgan BEFIT RACE 2025 xalqaro to‘siqli yugurish musobaqasi o‘tkaziladi.

Ushbu sport tadbiri o‘zini sinovdan o‘tkazish, ruhiy kuchni tekshirish, g‘ayrat va jamoaviy birdamlikni namoyish etish imkonini beradi. U hayajonli trassalar va har qanday qiyinchiliklarga qaramay oldinga intilish ruhini yaratadi.

Tadbir mazmunli va qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda: 23-avgust kuni ishtirokchilar individual startlarda qatnashib, o‘zlarini sinab ko‘rishlari, musobaqa shiddatini his qilishlari va kuchlarini maksimal darajada namoyon etishlari mumkin. Keyingi kun, 24-avgustda esa sport ruhi yangi bosqichga ko‘tariladi – korporativ jamoalar g‘alaba uchun kurashish, shuningdek, jamoaviy ruhni, o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni va hamjihatlikni mustahkamlash uchun musobaqa trassasiga chiqadilar.

Har bir ishtirokchi o‘ziga mos toifa va masofani tanlashi mumkin:

  • ELITE – 10 km yoki 5 km;
  • OPEN – 5 km yoki 3 km;
  • OPEN TEAM – 3 km (4 kishidan iborat jamoa formati, kamida bitta ayol ishtirokchi bo‘lishi shart).

BEFIT RACE o‘z g‘oyasi bilan shaxsiy rekordlarga intiluvchilarni, har bir g‘alabani jamoa bilan baham ko‘ruvchilarni, xodimlarining salomatligi haqida qayg‘uradigan kompaniyalarni va, albatta, faol turmush tarzi hamda hamfikrlar davrasidagi yorqin tadbirlarni afzal ko‘ruvchilarni birlashtiradi.

Tadbirning asosiy maqsadi ommaviy sportni targ‘ib qilish va rivojlantirish, keng jamoatchilikni faol turmush tarziga jalb etish, salomatlik, jismoniy faollik bilan bog‘liq barqaror odatlarni shakllantirishdan iborat. Bundan tashqari, ushbu tashabbus zamonaviy madaniyatning bir qismi sifatida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga xizmat qiladi. Shuningdek, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochib, sayohatlar, tadbirlar va faol dam olish uchun imkoniyatlar yaratib, O‘zbekistonda ham ichki, ham tashqi turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles