BEFIT RACE 2025 qanday o‘tdi
Tog‘lar qo‘ynidagi iroda, g‘ayrat va jamoaviy shijoat

O‘tgan dam olish kunlari — 23 va 24-avgustda, Amirsoy Resort kurortining go‘zal tog‘li manzaralarida BEFIT RACE 2025 xalqaro to‘siqli yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan yuzlab sportchilar va ekstremal ishqibozlari hafta yakunini haqiqiy quvvat, chidamlilik hamda jamoaviy birdamlik bayramiga aylantirdi.
Birinchi kun ishtirokchilar musobaqa trassasiga yakka tartibda chiqdilar. Kim uchundir bu shaxsiy rekord o‘rnatish imkoniyati bo‘lsa, yana kimdir uchun — drayvni his etish va haqiqiy sport sarguzashtlaridan zavq olishning ajoyib usuliga aylandi. ELITE (10 km yoki 5 km) va OPEN (5 km yoki 3 km) toifalari har bir ishtirokchiga o‘ziga mos darajani tanlab, kuch va irodasini sinovdan o‘tkazish imkonini berdi.
Ikkinchi kun individual yutuqlar emas, jamoaviy hamkorlik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash birinchi planga chiqdi. Trassaga endi OPEN TEAM (3 kilometrlik masofa, 4 kishilik jamoa, shulardan kamida bir nafari ayol kishi) shaklidagi korporativ jamoalar chiqdi. Bu bosqichda nafaqat to‘siqlarni yengib o‘tish, balki sinovlarga birgalikda dosh berish, hamkasblar madadini his qilish va sport ruhi aynan jamoaviy o‘yinda yana-da kuchayishini namoyish etish muhim edi.
Bu musobaqaning eng yorqin voqealaridan biri Tatyana Pextereva tomonidan qozonilgan g‘alabalar bo‘ldi. Sportchi bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda startga chiqdi: avval 27 to‘siqli 10 km masofani zabt etdi, oradan 40 daqiqa o‘tib esa 21 to‘siqli 5 km yo‘lni ham bosib o‘tdi. Har ikki toifada ham Tatyana eng yaxshi natijani ko‘rsatib, birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi kuni esa u jamoa tarkibida qatnashib, uni g‘alabaga yetakladi va jamoaviy hisobda ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bunday ayollar kuch, matonat va sportga so‘zsiz sadoqatning yorqin namunasi, cheksiz ilhom va rag‘bat manbaidir.
Bu yilgi BEFIT RACE 2025 sport faqat tezlik va natijadan iborat emasligini yana bir karra isbotladi. Sport - hissiyotlar, bir-birini qo‘llab-quvvatlash va yangi marralarni ishg‘ol qilishga chorlaydigan muhitdir. Tashkilotchilar har gal oldilariga ommaviy sport va sog‘lom turmush tarzini hayotning bir qismiga aylantirish maqsadini qo‘yadilar. Bundan tashqari mazkur tadbir O‘zbekistonda yangi yo‘nalishlarni ochib, yurtimizni ivent-turizm hamda faol dam olish markaziga aylantirgan holda, turizmning rivojlanishiga ham katta hissa qo‘shmoqda.