Boysun – bahor festivali
“Boysun bahori” anʼanaviy folklor festivali manzarali Surxondaryoda bo‘lib o‘tdi.
Birinchi festival 2002-yilda boshlangan bo‘lib, undan keyin u Surxondaryo tog‘lari orasida ikki yilda bir o‘tkazildi. Ushbu voqea har doim o‘ziga xosligi va O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilish anʼanalari bilan ajralib turgan.
Joriy yil bahorda 4 va 5-may kunlari Boysun qishlog‘ining o‘zida bo‘lib o‘tdi.
Katta maydonda ikkita sahna, mehmonxona va bir nechta ochiq pavilyonlar qurildi. Surxondaryoga yaqin shaharlar o‘z ijodi va madaniy merosini namoyish etishdi. Har bir shahar nimasi bilan dong taratgan bo‘lsa, hammasini rang-barang ko‘rinishda ko‘rsatdi va pavilyonlarda taqdim etildi.
Festival mehmonlarini har biri milliy taomlar bilan bezatilgan haqiqiy o‘tovlar kutardi. Maxsus jihozlangan binolarda urf-odat va marosimlar haqidagi tomoshalar qo‘yildi: qayerdadir momolar olacha yoki jandani (choponlar uchun mo‘ljallangan Surxondaryo matosi) to‘qishgan bo‘lsa, boshqa joyda kelin-kuyovlarning to‘y liboslari namoyish etildi, mo‘ysafid bobolarning hushtaklarni sotganini aytmaysizmi, hayvonlar ko‘rinishidagi ushbu chinni hushtaklar o‘zida zardo‘shtiylik davridayoq sayqal topgan tarix silsilasini aks ettirardi.
Turli hududlar va shaharlar vakillarini ustidagi kiyimi, shevasi, shuningdek, badiiy chiqishlari bir-biridan ajratib turardi. “Boysun bahori” xalq saylida sumalaklar ham pishirildi.
Kechqurun hammani katta festival ochilishiga bag‘ishlangan konsert kutardi. Tadbirga O‘zbekiston shaharlari aholisi va 40 ta davlatdan (Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Tailand, Germaniya, Ispaniya va b.) mehmonlar tashrif buyurishdi. Konsertda mehmonlar turli mamlakatlar sanʼatkorlari chiqishlariga guvoh bo‘lishdi, ushbu tomosha ajoyib dronlar shousi va mushaklar bilan tugallandi. Poytaxtdan olisdagi iliq va samimiy tafti bilan o‘ziga rom etuvchi ushbu tadbir ildizi islom dinigacha bo‘lgan buddaviylik davriga borib taqaluvchi qadimiy anʼanalarni ochib berdi.
2001-yili YUNESKO Boysun madaniyatini “Og‘zaki va nomoddiy madaniy meros durdonasi” sifatida tan oldi. Festivalning yana bir noyob tomoni, u turli avlod vakillari, hududlarning urf-odatlari va folklor janrlarining qorishmasini namoyon etadi. Bularning barchasi juda taʼsirli, kezi kelganda o‘ta sodda va noodatiy.