Bolalik sog‘inchi, Gollivud afsonalari va Nyu-York moda haftaligi ofis hayoti

Nyu-York Moda Haftaligining Yakuniy Obzori

20 Sen 2025
Foto: Cos NYFW

Nyu-York o‘zining kosmopolitik megapolis ekani, unda dadillik ruhi hukmronligi, yana yangi g‘oyalari, shiddat bilan o‘zgaruvchi ritmi va bitmas-tuganmas hayotiy quvvati bilan maftun etadi. Moda haftaligi davomida bu yerda sizni nimalar kutayotganini anglay olmay qolasiz va aynan shu holat mazkur tadbirni kuz taqvimidagi eng muhim voqealardan biriga aylantiradi. 

Umuman olganda, Amerika jahonga dunyo modasi yo‘nalishini belgilab bergan va uslubni idrok etishga ta’sir ko‘rsatgan yorqin nomlarni taqdim etgan. Shu bilan birga, mahalliy sanoat hamon yangi iste’dodlar va dadil yechimlar manbai bo‘lib qolmoqda.

Moda haftaligi nafaqat mehmonlarni, balki brendlarni ham o‘ziga jalb qiladi. Masalan, COS “see now, buy now” g‘oyasini ko‘zlab, shu yerda va hozir dolzarb bo‘lgan liboslarini namoyish etgan holatda to‘rtinchi bor o‘z to‘plamlarini taqdim etmoqda. Quyida sizga Nyu-York moda haftaligining so‘nggi kunlarida namoyish etilgan to‘plamlar bilan tanishish imkoniyatini taklif qilamiz. Ushbu liboslar asosan 2026-yilning bahor-yoz mavsumiga mo‘ljallangan:

COS

Bu mavsumda brend tomoshabinlarni Bruklin sohilidagi Greenpoint Terminal Warehouse sanoat maydoniga chorladi. To‘plamda jami 47 ta obraz taqdim etilgan bo‘lib, ularning har biri aniq-tiniq shakli va puxta o‘ylangan chiroyi bilan ajralib turadi. Kuz-qishki kolleksiyaning asosini qora, po‘latni eslatuvchi kulrang va to‘yingan ko‘k ranglari tashkil etib, bu palitra neytral aksentlar bilan boyitilgan. Turli teksturalar tanlangani o‘ziga xos qarama-qarshilikni yuzaga keltirgan: mayin charm va qo‘y yungi yaltiroq hamda jilosiz matolar bilan ajib tarzda uyg‘unlashgan. Shaffof detallar liboslarga hissiyot va jon baxsh etgan bo‘lsa, katak-katak print brend an’analariga ishora qilgan holda yaxlit ansambllar yaratgan. Ayollar yo‘nalishi burmalar, keng va katta sharflar hamda baland tik yoqalar yordamida matoning hajmi va go‘zalligini tadqiq etadi. 1950-yillardagi New Look uslubiga ishora qilgan shakl-shamoyillar zamonaviy talqinda qayta yaratilgan va beli yengilgina ajratib ko‘rsatilgan, oldi bo‘lsa ancha ochiq liboslar hamda universal transformer ko‘ylaklar shakliga kirgan. O‘zida qulaylik va ijodkorlikni birlashtirgan erkaklar liboslari keng shakllar, o‘tkir yelkalar va ko‘p qavatlilikni namoyish etdi. Klassik kostyumlarga ishchilar kiyimiga xos bo‘lgan qulay cho‘ntaklar, pogonlar va o‘ziga mos shimlar bilan zamonaviy tus berilgan. Bukle matosidan ishlangan va to‘qilgan sviterlar to‘plamga shinamlik va iliqlik hissini bergan.

TTSWTRS 

Ukraina brendi "Art Is My Religion" to‘plami orqali o‘zining moda falsafasini namoyish etdi. Unda texnologiyalar, musiqa va inson tanasining harakati uyg‘unlashgan. Jonli afsonaga aylangan mualliflik proyeksiyasi asosiy element sifatida xizmat qildi: u modellar va makon bilan aloqaga kirishib, defileni tosh sukunatidan teri “nafasi”ga qadar bo‘lgan muqaddas sayohatga aylantirdi. TTSWTRS dunyoviylikdan ilohiylikka o‘tishni tadqiq etib, yangi g‘oyani - hech kimga o‘xshamaslik va haqiqiylik, shuningdek o‘z shaxsini shakllantirish jasoratini qadriyat sifatida qabul qilishni taklif etdi. Namoyish uch bosqichli yo‘l ko‘rinishida tashkil etildi: unda insonning ojiz holati, shakl va modda o‘zgarishlari orqali keskin transformatsiya hamda yakuniy yuksalish - ilohiylashtirish ramzi ko‘rsatilgan. To‘plamda ramziy ma’nolar, jumladan, Tibetdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri keltirilgan buddaviylik san’at asarlari aks etgan. Matodan bevosita o‘stirilgan kristallar bilan qoplangan bodi alohida e’tiborni tortdi, shu kristallar bois u moddani o‘zgartira oladigan tirik organizmga o‘xshash ko‘rinishga kirgan. Ushbu hikoyada har bir obraz zaiflikdan yuksaklikka o‘tishning muqaddas timsoli bo‘lib qoladi.

Jane Wade 

"The Fulfillment" to‘plami ofis hayotining qiyinchiliklariga e’tibor qaratadi, bunda mehnat mavsumning asosiy g‘oyasiga aylanadi. Dizayner mehnat jarayonlarida insonning ishtiroki asta-sekin mashinalar samaradorligi tomonidan siqib chiqarilayotganiga achinadi. To‘plamdagi har bir buyum ishchining qadr-qiymati va moddiyligi qanchalik muhim ekanidan so‘zlaydi. Dizayner biznes operatsiyalar, logistika va qo‘l mehnatidan ilhomlanib, bularda inson mehnatidan zo‘ravonlik ila foydalanilishini fosh etadi. Namoyishda Abbott‘s Lingo bilan hamkorlik alohida o‘rin egallaydi - bu glyukozani uzluksiz kuzatish texnologiyasi bo‘lib, yashirin metabolik jarayonlarni ochib beradi va sog‘liq haqidagi ma’lumotlarni operatsion axborotning yangi turiga aylantiradi.

Dennis Basso 

Amerikalik dizayner Dennis Basso yangi to‘plamini hashamatning o‘zgacha talqini sifatida ta’riflaydi. Unda qat’iy bichim ayollik jozibasining nozik jihatlari bilan uyg‘unlashadi. “New World Glamour” asosini erkinlik va harakat hissini uyg‘otuvchi nozik matolar tashkil etadi. Ular qatoriga shoyi, qat-qat burma solingan shifon, ikki tomonlama atlas, ipak gazlama, tafta va organza kiradi. Qo‘l ishi alohida ahamiyatga ega: shoyidan ishlangan yuzlab gulbarglar liboslarni go‘yo gulzorga aylantiradi. Harir  sharflar va o‘ta nafis oqshom yopinchiqlari obrazga yana-da yengillik bag‘ishlaydi. Rang palitrasi yorqin emas, balki juda mayin: yalpiz rang, och sariq, muzdek havorang.  Biroq qora va oq ranglar uyg‘unligi o‘zgarmas klassikaligicha qolmoqda, dizayner buni haqiqiy didning mangu timsoli deb ta’riflaydi. Shakllar bir yelkali asimmetrik ko‘ylaklardan tortib tizzagacha bo‘lgan kokteyl liboslari va keng shimlarni o‘z ichiga olgan holda turli-tuman ko‘rinishga ega.

Cucculelli Shaheen 

Gudzon, oqshom. Cucculelli Shaheen "Flaming Hearts" to‘plamidagi liboslarni namoyish etdi. Mahalliy The Thing shou guruhining chiqishi namoyishni jadvalning eng yorqin tomoshalaridan biriga aylandi. Dizaynerlar Anna Shaheen va Anthony Cucculelli go‘zallik, orzular sari intilish va uyg‘unlikni izlash haqida fikr yuritib, dadil, qiziqarli va hatto aql bovar qilmaydigan darajada sirli to‘plam yaratishdi. To‘kilib turuvchi matolar va aniq shakllar, qo‘lda ishlangan boy naqshlar va dekor elementlari - bularning barida brendning o‘ziga xos uslubi ko‘zga tashlanadi. Ranglar o‘zida mayinlik va kuchni, yorug‘lik va soyani, noziklik va ehtiroslarni uyg‘unlashtirgan. Ijodkorlar Katta olmaning behalovat kayfiyatini qo‘shgan holda hunarmandchilik, sanʼat va afsonalarni birlashtirgan.

The Blonds

The Blonds namoyishi epatajga bo‘lgan muhabbat tufayli kristallar, yaltiroqlik va yorqin siluetlarning charaqlab turgan girdobiga aylandi. Gollivud afsonalari va taqdirlarni o‘zgartirib yuborishga qodir bo‘lgan ayollar mazkur to‘plam uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qildi. Dizaynerlar bu ayollar timsollarini zamonaviy ruhda qayta talqin etishdi. Korsetlar, yarqiroq stiletto tuflilar va toshlar bilan bezatilgan liboslar teatr kostyumlari va yuqori moda kesishgan nuqtada dunyoga keldi. Bu yerda hashamat biror chegara doirasiga joylanmagan, balki to‘plamning asosiy mohiyatiga aylangan. Namoyishda  Madame Hollywood personajiga alohida e’tibor qaratildi, bu esa namoyishga dramaturgiya qo‘shib, barcha obrazlarni xuddi spektakldagi kabi bir butun hikoyaga birlashtirdi. Podium moda va performans hamnafas bo‘lgan to‘laqonli sahnaga aylandi. The Blonds barcha tomoshabinlarni xayolot olamiga osonlikcha olib kirdi, bu yerda kiyimlar fantaziya va haddan ziyod darajada yorqinlashgan glamurga madh aytadi.

Pamella Roland

Bu liboslar Amerika modernizmidan ilhomlangan holda XX asr mashhur rassomlarining merosini qayta talqin etadi. To‘plam asosida Georgia O‘Keeffening lirik chizgilari, Frank Stellaning grafik aniqligi, Andy Warholning dadil kinoyasi va Alice Baberning yorqin rang ifodasi yotadi. Rang palitrasi akvamarin, pushti va shampan kabi mayin ranglardan iborat bo‘lib, bu ranglar yorqin aksentlar - limon, fuksiya va qirmizi jilolar ila jonlangan. Qiyofalarga ham noziklik, ham aniq shakl bergan kashta naqshlari to‘plamga jon baxsh etgan. Nafis to‘rdan yasalgan gullar, patlardan ishlangan ombre detallar va metall elementlar bois to‘plam jonli tabiat va qat’iy me’morchilikni o‘ziga birlashtirgandek go‘yo. Asosiy obrazlar orasida lazer bilan ishlov berilgan ko‘zgusimon pleksiglasdan tikilgan kokteyl ko‘ylagi, moviy yoqut rangidagi shoyi gazlamadan ishlangan, metall gullar bilan bezatilgandek ko‘rinuvchi “suv parisi” shaklidagi kechki libos ham bor. Organzadan pushtidan oq ranggacha bo‘lgan gradiyentda tikilgan, qo‘l mehnati yordamida ishlov berilgan va yopinchiq bilan to‘ldirilgan yakuniy libos ham alohida e’tiborga loyiq.

Zimo 

Dizaynerning beg‘ubor 90-yillar haqidagi xotiralari bolalik va to‘laqonli hayot tasvirlari bilan uyg‘unlashgan. Ko‘chadagi o‘yinlar va erkinlikdan ilhomlangan dizayner  bu taassurotlarini zamonaviy moda muhitiga ko‘chirgan. Shakllar asosini qulaylik, sport va universallik tashkil etadi. Buralma choklar, burmalar va g‘ayrioddiy konstruksiyalar bir paytlar bolalarning kattalar kiyimini o‘zlariga moslab kiyganlariga ishora qiladi. To‘plamda qayta ishlangan futbol maykalari, muqobil matolardan ishlangan sun’iy charm va yumshoq kostyumbop trikotajlardan foydalanilgan. Detallarga alohida e’tibor qaratilgan - kassetalar, qog‘oz yulduzchalar va shisha sharlar shaklida yasalgan sopol tugmalar o‘tmishni qo‘msash hissini uyg‘otadi.

Frederick Anderson 

Brendning avvalgi to‘plami dunyodagi ijtimoiy va siyosiy voqealarning inʼikosi bo‘lgan bo‘lsa, bu safar u sayohatlardan ilhomlangan holda jamoatchilik ruhini ko‘tarish uchun “Joy” nomli to‘plamni taqdim etdi. Shu bois, barcha liboslar insonlarga “qochish”, yaʼni kundalik hayot tashvishlarini ortda qoldirib, hayotdan zavqlanish imkonini inʼom etadi. 46 ta obraz Sen-Trope tvidi, nafis to‘r va shifonni nozik siluetlarda uyg‘unlashtirgan holda, matolar xilma-xilligi va yozgi kayfiyat yengilligi bilan maftun etadi. Ibitsaning yorqin printlari nafis kashta, patlar va lazerda ishlov berib yaratilgan naqshlar ila uyg‘unlashib, zamonaviy moda bayrami kayfiyatini his qilishga undaydi. Mini va maksi ko‘ylaklari, kostyum va yopinchiqlari ko‘zni quvontiruvchi har bir obraz romantika va dadil erkinlikning uyg‘unligini aks ettiradi.

Suratlar brendlarning JA-xizmatlari tomonidan taqdim etilgan.

Maqolani baham ko'ring

Related articles