Buxoro va dunyo o‘rtasida: rassom Azima Nurning yo‘li

Buxorolik rassomning san’atni madaniyatlar va avlodlar o‘rtasidagi muloqot tiliga aylantirish hikoyasi

Foto: Bobur Alimkhodjayev

Feruza Abdulayeva, buvisi sharafiga — Azima Nur taxallusi ostida ijod qiluvchi rassom, bu nomni o‘ziga ilhom va ichki ozodlik manbai sifatida tanlagan. U Feruza sifatida dadil qadam tashlashga jur’at etolmagan joylarda, Azima Nur sifatida o‘zini erkin his qila olgan. Uning buvisi, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi, umrini o‘quvchilariga va oilasiga bag‘ishlagan, garchi yoshlik orzusi — qo‘shiqchi bo‘lish edi. Bugun uning ismi nabirasining tuvallari va muralarida yashamoqda — avlodlar o‘rtasidagi chuqur bog‘liqlik ramziga va san’at posboniga aylangan.

Azima Nur ijod yo‘li hayoti singari o‘ziga xos burilishlarga boy. U Buxoro, Toshkent, Parij, Mumbay va Istanbulda tahsil olgan — biznes boshqaruvi, tillar, falsafa, yoga, lekin hech qachon akademik rassomchilik emas. Uzoq vaqt bu narsa unda "soxta rassom" sindromini kuchaytirib, ishonchini pasaytirgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan u anglab etdi: agar insonning yo‘li shu bo‘lsa, olam unga albatta yordam beradi.

Foto: Mukasha

ELLE: Siz san’atga va ayniqsa mural yaratishga qanday keldingiz?

Menga nihoyatda omad kulib boqdi — men Buxoroda, sehrli qadimiy shaharda tug‘ilib, o‘sha yerda ulg‘aydım. Bu yerda me’moriy yodgorliklardagi g‘isht terishlari, qadimiy hovlilar, devoriy naqshlar, shuningdek, baxmal va ipak suzanilardagi oltin tikuv naqshlaridagi sirlar mening birinchi san’at ustozlarim bo‘lgan. Men bolaligimdan shu qadim go‘zallik bilan o‘ralganman.

Men uchun san’at — ham meditatsiya, ham orzu qilish usuli, ham kuch manbai, ham ma’naviy makonim, ham yagona e’tiqodimdir.
Mural san’atiga esa men butunlay kutilmaganda — 2019 yilda hind rassomi Shaylo Shiv Suleyman bilan tanishganimdan so‘ng keldim. U meni o‘zining Fearless Collective tashkiloti elchisi bo‘lishga taklif qildi. Ana o‘shanda san’at men uchun nafaqat o‘zini ifoda etish, balki dunyo bilan muloqot qilish vositasiga aylandi. Biz jamoaviy muloqot orqali orzularimizni devorlarda gavdalantirib, turli mamlakatlarda ijtimoiy jihatdan zaif guruhlar bilan ishlaydigan NNTlar bilan hamkorlikda, adolatli va yorqin kelajak haqidagi ijtimoiy orzularni yaratamiz.

Foto: Sathvika

ELLE: Sizning birinchi muralingiz haqida so‘zlab bering. U orqali qanday g‘oyani yetkazmoqchi edingiz?


Mening ilk muralarim — Hindistonning shohlar shahri Jaypurda yaratilgan ikki jamoaviy loyiha edi. Ular hali-hanuz o‘sha shahar devorlarida yashamoqda. Ammo mening haqiqiy birinchi mustaqil muralim o‘tgan yil sentabrida Bombeyda paydo bo‘ldi.

U Chembur tumanidagi o‘n besh qavatli binoning devorida, aholini barakali uy-joylarga ko‘chirish loyihasi doirasida yaratilgan. Mural Awaaz-e-Niswaan nomli NNT bilan hamkorlikda chizildi — bu tashkilot o‘ttiz yildan beri oilaviy zo‘ravonlikdan aziyat chekkan ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Asosiy tasvirlarda men turli avlodga mansub uch ayolni yonma-yon o‘tirgan holatda aks ettirdim. Markazdagi ayol qo‘lida haqiqiy ulkan oynani ushlab turadi — bu oyna bevosita devorga o‘rnatilgan. U har bir ayolga o‘zining eng asosiy himoyachisi — o‘zi ekanini eslatuvchi ramzdir. Quyosh nurlari oynaga tushganda, butun tuman yaltirab ketadi, mural nur bilan to‘ladi va xuddi mo‘jizaviy, xavfsiz kelajak sari portalga aylanadi.

Mural nomi uni yaratishdan oldingi ustaxonada qatnashgan eng sokin ishtirokchilardan birining so‘zlaridan tug‘ildi:
“Aaj suni aapni dhadkan” — “bugun yuragimning ovozini eshitdim” (hind tilidan tarjimada).
Bu so‘zlar har bir ayol o‘z hayotida birinchi navbatda o‘zining tayanchi va ilhom manbai bo‘lishi mumkinligini anglatadi — ayniqsa, ijtimoiy qo‘llov yoki himoyachilar yo‘qligida. Shunday qilib, mural o‘zini qadrlash va o‘ziga ishonchdan boshlanadigan kuchning timsoliga aylandi.

Foto: Sathvika

ELLE: Nega aynan ayol mavzusi sizning asarlaringizda markaziy o‘rinni egallaydi? Muralaringiz ayollar va qizlarga qanday ta’sir qiladi deb o‘ylaysiz?
Ayollar har doim mening ilhom manbaim, asarlarimning yuragi bo‘lib kelgan. Biz yashayotgan dunyoda asrlar davomida ayol ovozi erkaklarnikiga qaraganda pastroq eshitilgan, ularning kuchi va salohiyati ko‘pincha ochilmaganicha qolgan. Men o‘zim ham an’anaviy muhitda ulg‘ayganman va ayol bo‘lib, shu bilan birga mustaqil shaxs sifatida yashash naqadar qiyinligini yaxshi bilaman.

Shuning uchun ayollarni asarlarimning qahramonlari sifatida tanlar ekanman, men bir vaqtning o‘zida ularning himoyachisi ham, o‘zimning ham davolovchi va mustahkamlovchi kuchimni topgan ayol sifatida qatnashaman.

Qadimdan ayol sehr bilan bog‘lanadi — biz o‘z atrofimizni go‘zallashtiramiz, asraymiz, davolaymiz. Ana shu sehrda bizning kuchimiz yashiringan. Estetik jihatdan esa ayol tanasi va ruhi — men uchun tuganmas ilhom manbaidir.

Azaldan ayol sehr-jodu bilan bog‘liq. Biz atrofimizdagi makonni o‘zgartiramiz, qo‘riqlaymiz, davolaymiz va bezatamiz. Va bu sehr bizning kuchimizdir. Estetik jihatdan esa ayollar men uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai. Biz obyektiv ravishda hammamiz go‘zalmiz.

Foto: Sathvika

Mural jarayonida ayollar har doim faol rezonans bildiradilar. Bombeyda men turli din va ijtimoiy qatlamdagi ayollarning — musulmon, hindu va dalit qizlarning so‘zlarini eshitdim. Ular uchun bir ayol rassomni kran ustida, o‘n besh qavat balandlikda bo‘yoqlar va cho‘tkalar bilan ko‘rish — yangilik edi. Ular bunday ishlarni faqat erkaklarga xos deb bilishgan. Ba’zi qizlar “endi men ham rassom bo‘lmoqchiman” deb aytishdi.

Ularning ko‘zlarida hayrat va ilhomni ko‘rdim — xuddi ular bir lahzaga mening orqamdan o‘z kelajagini ham tasavvur qildilar. Bu tajriba ularni o‘z orzulariga yaqinlashtirdi.

Mural yaratish jarayoni haqiqiy ayollar birdamligiga aylandi. Mahalla ayollari bizni qo‘llab, choy va taomlar keltirishdi, ishimizga hech kim xalaqit bermasligini ta’minlashdi. O‘sha kunlarda men va jamoam chinakam opa-singillik va mehr muhitini his qildik.

Shunga o‘xshash holatni men 2021 yilda Toshkentda o‘tkazilgan birinchi street-art ko‘rgazmasida ham kuzatganman. O‘sha paytda yosh va tajribali rassom ayollar birgalikda postyerlar va kichik muralar yaratishgan. Yonidan o‘tgan ayollar, ba’zida farzandlari bilan, to‘xtab suhbatlashishgan, o‘z hikoyalarini aytishgan, eshitilganini his etishgan. Bu ularga eng muhim narsani berdi — yolg‘iz emasliklarini xis ettirdi.

Foto: Sathvika

Bu voqea bitta haqiqatni tasdiqlaydi: jamoat makonidagi san’at insonlarni birlashtiradi va ijtimoiy jihatdan himoyasiz guruhlarga o‘zini ko‘rsatish va qadrlanish huquqini beradi.

ELLE: Siz Oʻzbekistondansiz, ammo hozirgi kunda vatandan yiroqda yashaysiz. «Ikki dunyo orasida» boʻlish tajribasi sizning ijodingizda qanday aks etadi?

Men O‘zbekistondan yigirma yoshimda ketganman va bu vaqt Vatanimda yashagan yillarimdan ko‘ra ko‘proq yilni o‘z ichiga olgan. Bu tajriba yurtimga bo‘lgan muhabbatimni yanada chuqurlashtirdi va ongliroq qildi. Ketganimdan so‘ng, uning go‘zalligi va betakrorligini yangicha his eta boshladim - masofadan turib, boshqacha nuqtai nazardan, uning o‘ziga xos xususiyatlarini tushungan holda, shu bilan birga muammolarini ham anglab yetdim.

Asl muhabbat ham shu emasmi? U xoh sevimli insoningiz, xoh ona yurtingiz bo‘lsin, ularning kuchli va zaif tomonlarini ko‘ra bilish hamda shunga qaramay ularni sevishda davom etish va ularni yaxshilash uchun harakat qilish. Sevgilining yoki vatanning kuchli hamda nozik tomonlarini koʻrib, baribir uni sevish, uni yanada goʻzal qilishni istash.

Foto: Danny the Guy

Fransiyada, Turkiyada yashab, Hindistonda va dunyoning turli burchaklarida sayohat qilganimdan soʻng, oʻzimni «dunyo fuqarosi» deb his qila boshladim. Bu menga turli madaniyatlarning afsonalari va ranglarini ochdi, ijodiy palitramni kengaytirdi.


Hindiston mening hayotimda alohida o‘rin egalladi. U ikkinchi Vatanimga aylandi. Uning madaniyati va mifologiyasi ijodim bilan chuqur qorishib ketgan. Ammo aynan shu tajriba mening ildizlarimga — vatanimning unutilgan madaniy qatlamlariga boʻlgan qiziqishimni uygʻotdi.

Shu tariqa men qadimgi Soʻgʻd davlatida — hozirgi Tojikiston va Oʻzbekiston chegarasidagi Panjikent freskalarida tasvirlangan serhosil soʻgʻd maʼbudasi Nananing siymosini kashf qildim. Biz Markaziy Osiyoning islomgacha boʻlgan eʼtiqodlari haqida deyarli hech narsa bilmaymiz — tarix juda koʻp narsani oʻchirib tashlagan. Ammo sayohatlar va boshqa anʼanalar bilan tanishish menga Nanani oʻz talqinimda qayta tasavvur qilish, uni Tabiat Onasining timsoli sifatida jonlantirish jasoratini berdi.

Foto: Danny the Guy

Mening asarlarimda sayohatlarimda koʻrgan manzaralar, vatandagi bolalik xotiralarim va ichki dunyom tasvirlari bir-biriga ulanadi. Men tarix sahnasidan gʻoyib boʻlgan qadimiy afsonalarni qayta tiklashga, balki ularni yangicha tasavvur qilishga harakat qilaman.

Mening sanʼatim — bu ichki «chegaraviy» holatimning aksidir: men mamlakatlar va madaniyatlar oʻrtasida yashayman, va aynan shu «oraliq» — mening dunyoni koʻrishimdagi oʻziga xos nigohim, asarlarim tugʻiladigan makon.

ELLE: Agar sizga Toshkent yoki boshqa shaharda mural chizish taklifi berilsa, bugun qanday mavzuni tanlardingiz?

Bu men uchun ulkan sharaf boʻlar edi — oʻz yurtimda mural yaratish imkoniyati.
Oʻzbekistonda men, ehtimol, eng muhim masalalardan biriga — tabiatni asrash va uni himoya qilish borasidagi masʼuliyatimizga eʼtibor qaratgan boʻlardim.

Bugun butun dunyoda, shu jumladan mintaqamizda ham ekologiya va iqlim oʻzgarishi haqidagi muhokamalar tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Mening muralim shu muloqotning davomiga aylanishi, uni tasviriy sanʼat tili orqali davom ettirishi mumkin edi.

Foto: Mukasha

Unda tabiat ruhi — afsonaviy mavjudotlar, daraxtlar — oʻtmish va kelajakni bogʻlovchi ramz sifatida, daryolar esa hayot timsoli sifatida tasvirlanishi mumkin. Bu mehrli, goʻzal va sehrli mural boʻlar edi, bolalaru kattalar uchun ham ilhom manbai boʻlib xizmat qilardi. Goʻzallik — bu qudratli kuch, uni his qilish bizning uni asrash masʼuliyatimizni kuchaytiradi.

Umid qilamanki, bir kuni bu orzumni amalga oshirish baxtiga muyassar boʻlaman.

ELLE: Siz Buxoroda «Abru Bahor» sanʼatini oʻrgangansiz. Bu texnika bilan qanday tanishgansiz va siz uchun «Abru Bahor» nima – oddiy sanʼat usulimi yoki falsafami?


«Abru Bahor» sanʼati bilan men 2016-yilda Buxoroda, hayotimdagi burilish davrida tanishganman. Oʻsha paytda oilamiz katta yoʻqotishni boshdan kechirgan edi, men esa vatanga, tugʻilgan shahrimga ikki oyga qaytdim — bu men ketganimdan beri uyda eng uzoq qolgan vaqtim edi.

O‘shanda taqdir meni domlam - O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi a’zosi Rahim Hakimov bilan uchrashtirdi. Uning qadimiy karvonsaroydagi ustaxonasi men uchun qadrdon joyga aylandi, men u yerga ko‘p haftalar davomida har kuni ertalab kelib, ustozdan saboq oldim.


Abru Bahor — bu qadimiy marmor naqshli qogʻoz sanʼati, dunyoda «Ebru» nomi bilan mashhur. Nomining oʻzi — abru (bulut) va bahor (bahor) — jarayon mohiyatini ifodalaydi: suv yuzasida raqsga tushayotgan boʻyoqlardan bahoriy bulutlar hosil boʻladi va ular qogʻozga koʻchiriladi.
Qadimda bu naqshli qogʻozlar kitob muqovalashda, Qurʼon qoʻlyozmalarini bezashda ishlatilgan. Chunki islom tirik mavjudotlarni tasvirlashni man qilgan, ustalar esa bu cheklovdan goʻzal, sirli rangli fonlar yaratish orqali chiqishgan.

Zamonaviy «Abru Bahor» uslubini mening domlam Rahim Hakimov rivojlantirgan. Uning texnikasi — oʻtmish va bugunning uygʻunligi. Bu sanʼatning mohiyati faqat texnikada emas, balki Buxoro bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan tasavvuf falsafasida hamdir. Marmor qogʻoz yaratish jarayoni faqat birinchi bosqich. Keyingisi — kuzatish, baʼzan haftalar davomida. Faqat naqshlarda syujet paydo boʻlganida rassom moʻyqalamni qoʻliga olib, nozik chiziqlar bilan shakl, obraz, konturlarni chizadi. Goʻyo rassom emas, balki qogʻoz va boʻyoqlar koinotdan sizga xabar yetkazayotgandek. Bu jarayon — tasavvufdagi kabi — Yaratgan bilan tinimsiz izlanish va muloqotdir. 

Bu mashgʻulot menga yoʻqotish ogʻrigʻini yengishga yordam berdi. «Abru Bahor»ning meditatsion, sokin jarayoni ongni tinchlantiradi, hayotga boshqacha qarashni, shoshilinch hayot orasida koʻzdan qochayotgan kichik moʻjizalarni payqashni oʻrgatadi.

ELLE: Sizningcha, bunday qadimiy san’at uslublarini yoshlar orasida qanday saqlab qolish va ommalashtirish mumkin?

Menimcha, bu yo‘nalishda yoshlar uchun ulkan salohiyat bor. Chunki akademik texnikalardagi qat’iy qoidalardan farqli ravishda, Abru-Bahor to‘liq erkinlik beradi. Har kim qog‘ozdagi naqshlarda o‘ziga xos, shaxsiy tajribasi bilan bog‘liq ma’noni ko‘ra oladi. Bu o‘zini ifoda etish uchun bahona izlayotgan, bahosiz va yorliqsiz ijod tilini topmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun juda muhim.

Bundan tashqari, bu san’at shakli rassomni syujetga oid shubhalardan ham ozod qiladi — sen faqat senga ayon bo‘lgan narsani chizasan.
Abru-Bahorni ko‘proq tanitish uchun ustaxonalar, ko‘rgazmalar, hamkorlikdagi loyihalar kerak. Eng muhimi — yosh rassomlar bu amaliyot bilan bevosita tanishib, o‘zlari sinab ko‘rishlari, tajriba o‘tkazishlari uchun sharoit yaratish zarur.

Yana bir imkoniyat — xalqaro hamkorliklar: Turkiya, Eron, hattoki Irlandiyadan  ustalarni taklif etish va qadimiy san’at bir necha madaniyatlarda qanday yo‘nalishlarda rivojlanganini ko‘rsatish. Bu tajriba almashinuvi orqali Abru-Bahor yangi shakllarda, yangi ranglarda namoyon bo‘lishi mumkin.
Shunday yo‘l bilan biz Buxoroda mening domlam — Rahim Hakimov yaratgan zamonaviy Abru-Bahor yo‘nalishining o‘ziga xosligini ta’kidlab, bu san’atning o‘tmish qismi emas, balki yashab turgan, rivojlanayotgan shakl ekanini va u yangi avlod rassomlarini ilhomlantira olishini ko‘rsata olamiz.

ELLE: Kelajakda "Abru bahor"ni meros sifatida butun bir loyihaga bag‘ishlash niyatingiz bormi?

Ha, bu men va domlamning eski orzusi. Har gal uchrashganimizda u menga Abru-Bahorga ko‘proq vaqt ajratishim muhimligini eslatadi.
Bu amaliyot juda nozik, sukunat, sabr va jarayonga to‘liq ishonch talab etadi. Aynan shuning uchun ham u shunchalik mo‘rt va ayni paytda mehr bilan asrashga, uzluksiz mashqga muhtoj.
Qiziqarli tomoni shundaki, mural va Abru-Bahor mening ijodimning ikki qarama-qarshi uchi. Mural tezlikni talab qiladi: kran ijarasi, ob-havo sharoiti — hammasi bosim ostida, ishni tez tugatish kerak. Abru-Bahor esa buning aksi: bu yerda shoshilishning o‘zi yo‘q. Ba’zida syujet kunlab paydo bo‘lmaydi, va eng muhim qoida — u senga o‘zi ochilmaguncha ishni boshlamaslik. Bu yerda vaqt boshqacha oqadi, va aynan shunda uning sehrli kuchi.
Men yaqinda ushbu texnikada yangi asarlar turkumini yaratishni va shu orqali bu san’atga yangi auditoriyani — ham san’at ixlosmandlarini, ham yosh rassomlarni — jalb qilishni orzu qilaman. Biz bu bilimlarni domlam bilan mamnuniyat bilan boshqalar bilan baham ko‘rgan bo‘lardik, toki uni asrab, keyingi avlodga yetkazish mumkin bo‘lsin.

 

ELLE: Siz qaysi qiyinchiliklar yoki, ehtimol, qarshiliklarga duch kelgansiz?

Har qanday jarayonda bo‘lgani kabi, ba’zi narsalar oson kechadi, ba’zilari esa bizni o‘stiradi. Men uchun eng katta sinovlardan biri — onalik va ijodni uyg‘unlashtirish. Chunki san’at uchun makon va sukunat zarur, lekin bu narsalarni ikki farzandi bor, vatandan yiroqda yashovchi ona sifatida topish oson emas.

Yana bir doimiy qiyinchilik — zamonaviy dunyodagi qadriyatlar tizimi, bu yerda san’atning qadri ko‘pincha foyda bilan o‘lchanadi. Rassom ilhom va jarayonning o‘ziga to‘liq berilish o‘rniga, daromad topish zaruriyati bosimi ostida qoladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ham, ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi, strit-art hali yosh san’at turi va unga nisbatan ishonchsizlik mavjud.

Foto: Sathvika

Masalan, men Toshkentda uy zo‘ravonligidan aziyat chekkan ayollarni qo‘llab-quvvatlash mavzusidagi muralni amalga oshira olmadim — shunchaki ruxsat olinmadi. Garchi biz to‘liq workshop o‘tkazgan, ijobiy va yorqin eskiz tayyorlagan bo‘lsak-da, mavzu “salbiy” deb topildi.

Mamlakat hali ijtimoiy muammolarga bag‘ishlangan mural tajribasiga ega emas.
Ammo men ishonaman: bugun to‘siq bo‘lib turgan narsa ertaga o‘zgarishlar sari eshik bo‘lishi mumkin.

ELLE: Sizning mural asarlaringizni hech kim o‘zgartirishga yoki ustidan bo‘yashga harakat qilganmi? Bunga qanday munosabatdasiz?

Strit-artning o‘ziga xos tomoni — uning efemerligida. Muhim narsa asarning qancha yashashi emas, balki uning hissiy kuchi va jamiyat bilan muloqoti.

Bu o‘z falsafasiga ega: hech narsa abadiy emas. Yoki “Carpe diem” — “lahzani tut”. Bu hayotga ortiqcha jiddiy qarash kerak emasligini, muhabbatni ham bog‘lanmasdan his etish zarurligini eslatadi. Strit-artning asl maqsadi — dolzarb hissiyotlarni jamoaviy tarzda ifoda etish, o‘sha daqiqada zarur bo‘lgan so‘zni aytishdir. Uning qancha vaqt eshitilishi esa ikkinchi darajali.

Foto: Sathvika

O‘rtacha muralning “hayoti” taxminan besh yilcha davom etadi. Mening ishtirokimdagi mural asarlari hali vandalizmga uchramagan, lekin men shug‘ullanadigan boshqa ko‘cha san’ati turi — wheatpasting posterlari — ba’zan buzilgan. Masalan, San-Diyegoda yopishtirgan posterlarimdan biri tez orada marker bilan o‘zgartirilgan, yana biri — pardali ayol tasviri — to‘rt oy o‘tib yirtilgan. Lekin men buni ham g‘alaba deb bilaman: agar odamlar reaksiya bildirsa, demak bu mavzu ularni befarq qoldirmagan, bu esa — dialogning belgisi.

ELLE: Siz hozir nimalar ustida ishlayapsiz?

Hozir men Fearless Collective bilan hamkorlikni davom ettiryapman. Bu tashabbus hozirda to‘liq fondga aylangan va elchilar tarmog‘ini kengaytirmoqda. Yaqqin qishda biz Hindistonning Kochi shahrida — Kochi-Muziris Biennalesi doirasida — jamoaviy mural yaratamiz. Bu mintaqaning eng nufuzli san’at voqealaridan biridir.

Bundan tashqari, men Markaziy Osiyoning yo‘qolgan mifologiyasidagi ayol ilohalar ramziyatiga bag‘ishlangan shaxsiy loyihani boshladim. Men uchun bu unutilgan timsollarni qayta tasavvur etish, ularni zamonaviy san’at maydoniga qaytarish juda muhim.

Foto: Bobur Alimkhodjayev

Shuningdek, men Fearless Collectivedan iqlim o‘zgarishlari mavzusidagi shaxsiy mural yaratish uchun Nyu-Delida grant oldim. Bu mening eng katta loyiham bo‘ladi — u Bombeydagi ishlarimdan ikki baravar yirik. Bu men uchun katta sharaf va ilhom manbai.

ELLE: Siz O‘zbekistonda va butun Markaziy Osiyoda street-art rivojlanishini qanday baholaysiz?

Bizda asta-sekin, lekin ishonchli tarzda san’at orqali jamoaviy muloqot madaniyati shakllanmoqda. Biz hali yosh davlatmiz, ko‘p narsa izlanish va tajriba orqali sodir bo‘lmoqda — an’ana va zamonaviylik o‘rtasida muvozanat izlanmoqda. Bugun biz ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rmoqdamiz: birinchi ijtimoiy mural loyihalari, xalqaro san’at tashabbuslari paydo bo‘layapti.

Masalan, Samarqandda ochiq osmon ostida bo‘lib o‘tgan Andrea Bocelli konserti yoki Buxoro biennalesi — ularning barchasi san’atni elitarlikdan ozod qilish, uni xalqga yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. Bunday global miqyosdagi voqealar kelajakni yaqinlashtiradi — unda strit-art ham, san’atning o‘zi ham jamiyat bilan tabiiy muloqot vositasiga aylanadi.

Фото: Sathvika

Street-artning kuchi shundaki, u insonlarni birlashtiradi, jamiyatning turli qatlamlariga go‘zallikka bo‘lgan teng huquqni eslatadi. Muzey va galereyalar ko‘pincha imtiyoz bilan bog‘lansa, strit-art bevosita ko‘cha makoniga chiqadi, san’atni hammaga ochadi, kundalik hayotning bir qismiga aylantiradi. Bu hamjihatlik hissini uyg‘otadi, ilhom va ruhiy shifo imkonini yaratadi.

Keyingi bosqich, meningcha, — ko‘proq ijtimoiy mavzulardagi mural loyihalari paydo bo‘lishi va davlat tomonidan ularni qo‘llab-quvvatlashdir.

Bunday muloqotlar jamoaviy makonda yuz berayotgani — jamiyat tobora ishonchliroq, jasurroq va ochiqroq bo‘layotganining belgisi. Bu esa, o‘z navbatida, ijtimoiy muammolar yechim topishiga umid beradi. Chunki tan olingan, aytilgan va ochiq muhokama qilinayotgan narsanigina o‘zgartirish mumkin.

Men ishonaman: O‘zbekistonda va Markaziy Osiyoda street-art vaqt o‘tishi bilan shunchaki bezak emas, balki demokratiya va birdamlikning kuchli vositasiga aylanadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles