Chor paykal
ALISHER NAVOIY "XAMSA"SIDAGI AYOLLARDAN NIMALARNI O‘RGANISH MUMKIN?
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/Dizajn-bez-nazvaniya-97.png)
"Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh yer osti.
Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro
Jahongiri kam bo‘lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher"…
Abdulla Oripov
Jahongirlik o‘zi nima, uning muddaosi va mavjudligi nima bilan o‘lchanadi? Yetti iqlimni zirqiratgan sarkardalarning qay biri uchun shu kungacha ular yer ustidan tirnab olgan zarlar sakinga aylangan ekan? Chingizdan boshlab, bobo Akbar Amir Temurgacha, Napaleondan tsar Nikolaygacha – qay birining mulki xaritada o‘zgarmagan? Bu so‘roqlarning jismiga qo‘yilgan nom bor – RITORIKA!.. Olamni qalam ahlichalik hali hech kim zabt etmagan, shoir-yozuvchi kabi biror podshoh yer sirti uzra ma’naviyat va ma’rifatdan iborat imorat-u minoralarni sanchib ketmagan. Adabiyot “asir” olgan ming-millionlab “zanjirbandlar” hali dunyoga ham kelmagan. Bu – boqiy jahongashtalik, boqiy umr va buyuklikdir.
Rus adabiyotining oltin davri asoschisi – Aldeksandr Sergeyevich Pushkin umri davomida g‘ayriel so‘zlardan foydalanmaslikka va fransuzlashib borayotgan rus aristokratiyasi ichida o‘z tiliga bo‘lgan hurmatni oshirishga harakat qilgan. 25 mingdan ortiq lug‘at boyligiga ega ulkan adabiy meros qoldirgan. Nafaqat ingliz, balki jahon teatr san’ati taqdirini o‘zgartirib yuborgan Uilyam Shekirpir esa o‘zining yorqin adabiy faoliyati davomida 29 ming so‘zdan foydalangan.
Hirotning (Xurosondagi qadimiy shahar, mamlakat poytaxti) har bir eshigiga kirib borgan fors tili jadallik bilan davlat siyosati hamda madaniyat xodimlari leksikasidan chuqur egallab,gallab turkiy tilning qadr-qimmati “gadoylar gaplashadigan” til darajasigacha tushgan davrda (1400-yillar), katta hurmat va e’tiborga ega amaldor oilasida dunyoga kelgan Alisher ibn G‘iyosiddin o‘z kurashini boshlaydi. Bu adabiyot yurishida u 50 mingga yaqin so‘z askarlari va besh devon – dovon bilan fors tilini yengadi va hozirgi o‘zbek tilining asoschisiga aylanadi. Uning asarlari kishini insonparvarlikka va poklikka chorlaydi, tarbiyalaydi. Aynan shu sabab bugungi kunda aql-zakovat ramziga aylagan Merkuriy sayyorasida uning nomi bilan atalgan krater mavjud. Dahoga atab qad rostlagan haykallar esa O‘sh, Baku, Moskva va Shanxay kabi shaharlarni bezab turibdi.
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/File-0111Navoii-1.jpeg)
Foto: Alisher Navoiyning Mahmud Muzahib mo‘yqalamiga mansub portreti, XVI asr. Oston Quddus Razaviy muzeyi, Eron
Navoiy ulug‘ siymo, buyuk ijodkor. U o‘z asarlarida tilga olgan insoniy fazilatlar hozirgi kungacha insoniyat intilayotgan eng oliy qadriyatlarni tarannum etadi. Shoirning asarlaridagi ayollar obrazlari, ularning botini va ularga berilgan ta’riflar esa ayollarning nafaqat go‘zallik va odob belgilari, balki jamiyatda tutgan o‘rnini ham ulkan mahorat bilan ochib beradi.
So‘z mulkining sultoni – Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlab, uning asarlarida tilga olingan malikalar va ularning nafaqat tengi yo‘q go‘zalligi, balki ichki kechinmalari haqida mushohada qilishga urindik.
Shirin – dunyoni nurga toldirgan malika
Navoiyshunos olimlar hamisha Navoiy haykali qad rostlagan joyda Husayin Boyqaro uchun ham haykal o‘rnatilishi kerak, deyishadi. Sababi agar Husayinning do‘stligi, shohona qaramog‘i bo‘lmaganda Navoiy erkin ijod qila olmagan bo‘lar edi. Shoh Nikolay Tosltoyga mehr bilan “Mening sherimga tegmanglar!” degani kabi Temuriyzoda Boyqaro ham “Alisher mening yuragim”, deya bot-bot xitob qilgan.
Navoiy “Farhod va Shirin” dostonining ham badiiy, ham kulminatsion nuqtasi Chin mamlakati shahzodasi – Farhod obrazi atrofida aylanadi. Farhod tog‘larni sariyog‘dek kesadigan, bir varaqni o‘qisa uni eslab qolish uchun boshqa ochmaydigan, juda ko‘rkam va rahmdil yigit bo‘ladi. Navoiy Farhod siymosi orqali komil inson portretini chizgilaydi. Ammo Farhodning kamolotga yetishida Shirinning tutgan o‘rni qanday? Shirin Farhodga yoki Farhod aslida Shiringa munosib bo‘lganmi o‘zi?
Shirin shu qadar go‘zal bo‘lganki, Farhod sehrli ko‘zgu ichida, uning yuzini ko‘rganida hushidan ketadi. Ikkinchi marta qaraganda yana, uchinchi marta qaraganda yana reallikdan uziladi. Bundan tashqari, Shirin Armanistonlik, o‘ta savodli, aqlli va vijdonli qiz bo‘ladi. Bu kabi belgilar bilan Navoiy Shirinni mukofotlar ekan, uni o‘zidan avvalgi “Xamsachi” mutafakkirlarning “Shirinlari”dan farqlaydi – Shirin asarda juda faol. U zukko va talabchan Laylidan farqli ravishda ko‘proq o‘z his-tuyg‘ularini fosh etadi va Farhodning badiiy qahramon sifatidagi dinamikasi, uning qarorlari va taqdirida bevosita ishtirok etadi. Aynan shu ishtirokning jozibadorligini uning ko‘rki emas, balki botinini aks ettirgan insoniyligi ta’minlab bergan. Bu borada Shirin orqali ayol qalbining go‘zalligini, uning oila va jamiyat farovonligi uchun qurbon bo‘lishga tayyorligini ko‘rish mumkin – Navoiy ayol erkak kabi muhim ekanligini, u ham muhim rol o‘ynashi mumkinligini tan oladi, bunga iqror bo‘ladi.
Layli – haqiqiy sevgiga erishgan malak
Har bir inson uchun eng oliy qadriyatlardan biri – bu samimiyat bo‘lishi lozim. Shunday emasmi? Kimdir bilan samimiy suhbat qurish, samimiy tilak bildirish biz o‘ylaganchalik mushkul emas. Murakkabrog‘i, fikrimizcha, samimiy tuyg‘ularni his etish bo‘lsa kerak… Ya’ni kimnidir shunchaki, hech bir “odamiy” bog‘lanishlarsiz samimiy sevib qolish – inson yetib borishi mumkin bo‘lgan eng olis va yo‘li xatarli vodiy aslida shu bo‘lsa kerak.
Navoiyning “Layli va Majnun” dostoning asosiy qahramoni Qays ismli yigit bolalikdan ilohiy ishqqa faqir tutiladi. O‘rmonlarni ohular bilan kezib yuradigan, haqiqiy ishqni izlaydigan romantik bo‘ladi… Kunlarning birida u go‘zallikda tengi yo‘q Laylini uchratib qoladi va sevib qoladi. Tuygan hislari sabab u Laylini taqib eta boshlaydi, kecha-yu kunduz uning darvozasini qo‘riqlaydi. U har gal eshik qoqqanda Layli uning kimligini so‘raganida “Bu men – sening majnuningman” deya javob beradi. Qays bir lahzada telbalarcha sevish, kimningdir ishqida devonalarcha azoblanish ramziga – Majnunga aylanadi. Ammo Layli unga eshiklarini ochmaydi. Sababi Majnun aslida Laylini emas, balki yorini qay tarzda sevishini, uning sevgisi u tasavvur qilgan darajaga yaqinligini, azobda qolganini sevadi. Layli chin muhabbatni, uning o‘ziga yo‘naltirilgan sevgini kutadi. U so‘nggi bor Qaysdan uning kim ekanligini so‘raganda, Qays “Bu men – Qaysman”, deb javob beradi. Shunda uning uchun Layli qalbi va taniga yo‘l ochiladi.
Har birimiz Laylidan o‘ziga bo‘lgan hurmat va muhabbatni o‘rganishimiz lozim. Sababi o‘zini sevgan odam birovning u sabab Majnunga aylanishidan rohatlanmaydi, manziliga yog‘ilgan alqovlar va sharaflarni kutmaydi. O‘zini sevgan odam butun dunyoga sevgi ulashadi va xuddi Layli kabi Majnunni emas, Qaysni kutadi.
Har birimizga sevgini, bizga bo‘lgan sevgisini, o‘zining qadriyatlarini bizda ko‘rgani yoki moddiy va ma’naviy mos juft ekanligimizni sevadigan emas, faqat va faqat o‘zimizni sevadigan odam kerak. Faqat bir savol bor: biz bunga xuddi Layli kabi tayyormizmi, xuddi u kabi buni istaymiz?
Javobni o‘zingizga bering, qadrli ayollar!..
Dilorom – kuchli ayollar ibtidosi
Ko‘p sonli Navoiyshunos va adabiyotshunos olimlar Diloromni Xamsa dostonlari ichra eng dovyurak va dadil qahramon deb hisoblashadi. Albatta, buning bir qancha inkor etib bo‘lmas sabablari bor.
Dilorom jamiyatning ayollarga bo‘lgan munosabati, ayol ojiza deya qabul qilingan azaliy “haqiqat”larga qarshi ichki isyon boshlagan hurliqo qizdir. Asarning ov jarayoni tasvirlangan qismiga diqqatingizni qaratsangiz Diloromning ovchilik mahorati naqadar yuksakligini qabul qilolmagan Shoh Bahrom uni azoblaydi va o‘rmonda qoldirib keladi. To‘g‘rida, qanday qilib bir oddiy qiz bir o‘q bilan kiyikning ikki oyog‘idan urib qulatishi mumkin?
Bahrom Diloromning jamolini va uning qarshisida tuygan “sharmandaligini” unutish uchun haftaning har bir kuniga mo‘ljallab o‘zi uchun yettita saroy qurdiradi. Jarayonga dunyoning eng buyuk me’morlari va bo‘yoqchilari jalb etiladi, har bir saroy alohida – tilla, kumush va yashil kabi ranglarda bunyod etiladi.
O‘z tuyg‘ulariga qarshi chiqib, nozik jins vakilasi uning kabi va hatto undan-da mahoratli bo‘lishi mumkinligini, inson nimagadir erishmoqchi, kimgadir tenglashmoqchi bo‘lsa,o‘lsa eng avvalo ijtimoiy mavqeidan emas, yillab sayqallagan mahoratigagina tayanishini qabul qilolmagan Bahrom egosi yetti saroyda ruhiy mo‘tadillikka erisha olmaydi, u Diloromni izlaydi.
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/SaveClip.App_327408249_890753135457009_5882950619029347499_n.jpg)
Foto: Instagram / shakhnazart
Ravshanak – jahongirni zabt etgan go‘zallik
Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonida o‘sha dunyoga mashhur Aleksandr Makedonskiy, ya’ni Iskandar va uning muhabbati haqida so‘z boradi.
Tarixdan xabari bor har qanday odam Aleksandr “daryoning narigi tomonini” qamal qilish maqsadida bo‘lgani, uning ustozi, buyuk faylasuf – Arastu (Aristotel) u o‘lkaning odamlari, ularning madaniyati va hayot tarzi yunonlarnikidan juda katta farq qilishi xususida ogohlantirganini biladi. Tabiiyki, Iskandar katta tayyorgarlikka ega qo‘shin bilan bizning o‘lkalarga ot choptirib keladi. Ammo buni qarangki, uning tengi yo‘q harbiy salohiyati, tajribasi va onasi xudolar ko‘magi bilan qilgan duolari So‘g‘diyona malikasi Ravshanak (Raksana) husni jamoli oldida ojizlik qiladi.
Shu o‘rinda nafaqat ishqiy munosabatlar, balki umuman ikki odam bolasi o‘rtasidagi muhim bir o‘ziga xoslik haqida so‘z ochmoqchimiz. Ikkinchi odamning aynan aynan tuyg‘ulari, aynan yetilganligi (tayyorgarligi), dunyoqarashi va qadriyatlari bilan odam shaxsiyati mustahkamlanishi, o‘zi va hayotga mehr qo‘yishi, haqiqiy insonparvarga aylanishi mumkin. Ravshanak buni o‘zining Iskandarga bo‘lgan sevgisi misolida isbotlaydi. Sababi birovni sevish – bu nafaqat u bilan ishqiy munosabatlar o‘rnatish, balki uning qalbida eng oliy va ulug‘ qadriyatlarni uyg‘otish va ularning rivojlanishi uchun sababchiga aylanishdir.
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/SaveClip.App_327328697_565761241871380_46568008145029888_n.jpg)
Foto: Instagram / shakhnazart
Navoiy deyarli olti asrdan beri ayollarni ulug‘laydi, ularning matonati, takrorlanmas va ba’zan murakkab tabiati va go‘zalligini alqab, o‘z asarlarida haykallar o‘rnatadi. Ishonchimiz komilki, jurnalimiz o‘quvchilari ichida Shirinlar, Laylilar, Diloromlar va Ravshanaklar ko‘p. Ular bugungi ulug‘ kun – hazrat Navoiyning tavallud ayyomini oila davrasida o‘qilgan biror g‘azal bilan nishonlaydilar, millatimiz faxri, eng oliy shoirini yodga oladilar, deb umid ham qilamiz.