Classical Music Fest in Tashkent
O‘zbekistonning qoq yuragida jahon darajasidagi musiqa

Bu kuz Toshkent umuman yangicha ohangda - jahon klassikasi nafasi ila yorqin jaranglaydi. Kecha kechqurun poytaxtda "Classical Music Fest in Tashkent" xalqaro musiqa festivali tantanali ravishda ochildi va boshlanishidanoq mehmonlarga unutilmas lahzalarni taqdim etdi: bosh sahnada jahonga mashhur pianinochi, O‘zbekiston faxri Behzod Abduraimov chiqish qildi. Uning ajoyib konserti tomoshabinlar uchun chin ma’noda musiqiy kashfiyot bo‘ldi.
2025-yilning 3-oktyabrigacha davom etuvchi festival “Grammy” mukofoti sovrindorlaridan tortib eng nufuzli xalqaro tanlovlar g‘oliblarigacha bo‘lgan jahon yulduzlarini shaharning eng sara maydonlarida jamlaydi.
Qariyb ikki hafta davomida festival mehmonlari pianinochi Behzod Abduraimov, afsonaviy Mikhail Pletnev, ikki karra “Grammy” sohibi Maxim Vengerov, skripkachilar Sergey Krylov va Marc Bouchkov, pianinochilar Stanislav Ioudenitch va Yekwon Sunwoo, violonchelchi Alexander Chaushan va nomlari allaqachon akademik musiqa tarixiga kiritilgan boshqa ko‘plab ustozlar ijrosidagi haqiqiy durdonalarni tinglashlari mumkin.
Festival ochilishidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida tadbirlar O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, mamlakatimiz Madaniyat vazirligi hamda Yevropa madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilganligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Milliy orkestri bosh dirijyori Alibek Kabdurahmonov ham festivalning nafaqat ijro mahorati darajasini yuksaltirishga, balki jahon miqyosidagi yangi yulduzlarni voyaga yetkazishga xizmat qilishini qayd etdi.
"Bu mamlakatimizda klassik musiqani ommalashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishiga chin dildan umid qilaman. Ishonchim komilki, sizni ajoyib taassurotlar kutmoqda - har holda bunday voqea bizda hali bo‘lmagan," - deya ta’kidladi u.
Konsertlar poytaxtning asosiy maydonlarida: “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, “Turkiston” san’at saroyi va O‘zbekiston davlat konservatoriyasi zalida bo‘lib o‘tadi.
Yorqin oqshomlar dasturi:
22-sentyabr – tantanali ochilish marosimi: dirijyor Alibek Kabdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, yakkaxon cholg‘uchi — Behzod Abduraimov.
23-sentyabr – Mikhail Pletnev va virtuoz-skripkachi Sergey Krylov dueti.
24-sentyabr – Behzod Abduraimov va Van Cliburn nomidagi tanlov g‘olibi Stanislav Ioudenitch.
27-sentyabr – violonchelist Alexander Chaushanning O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri jo‘rligidagi chiqishi (dirijyor Gevorg Garabekyan).
29-sentyabr – Yekwon Sunwoo (Janubiy Koreya) va orkestr ishtirokidagi fortepiano oqshomi (Sergey Smbatyan rahbarligida).
1-oktyabr – Behzod Abduraimov va skripkachi Marc Bouchkov (Fransiya) konserti.
2-oktyabr – ikki karra “Grammy” mukofoti sovrindori Maxim Vengerovning O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri ishtirokidagi uzoq kutilgan konserti.
3-oktyabr – festivalning final akkordi: Davlat simfonik orkestri va Marc Bouchkovning dirijyor Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi konserti.
Festival kuzning asosiy madaniy voqeasigina emas, balki Toshkentni klassik musiqa yangicha, zamonaviy mazmun kasb etib, keng tinglovchilar qalbiga yo‘l topadigan xalqaro musiqa poytaxti sifatida tanitishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.