Dam olish san’ati

Zamonaviy ayol uchun uyqu marosimlari

Foto: Pexels

To‘laqonli dam olish bizning kayfiyatimiz, sog‘lig‘imiz va tashqi ko‘rinishimizga ta’sir qiladi. Ammo katta shahar ritmida biz ko‘pincha ish, muloqot yoki shaxsiy yutuqlar foydasiga uyquni e’tiborsiz qoldiramiz. ELLE O‘zbekiston tahririyati tungi rejimni yo‘lga qo‘yish va har kuni to‘liq kuch bilan uyg‘onish uchun qanday qilib uyqu marosimlarini yaratish haqida gapirib beradi.

Bir vaqtda yoting va turing

Muntazam uyqu rejimi sirkad ritmlarini ushlab turishga yordam beradi, uning sifati hamda melatonin va kortizol kabi gormonlarning ishlashini yaxshilaydi. Agar siz tungi soat 2-3 ga yaqin uxlashga odatlangan bo‘lsangiz, jadvalni keskin o‘zgartirmang – kichik qadamlardan boshlang, masalan, odatdagidan 30 daqiqa oldin yoting. Shunday qilib, siz asta-sekin o‘z rejimingizni tabiiy bioritmlar bilan uyg‘unlashtirasiz.

Sharoit yarating

Yotoqxonada optimal harorat – 18-20°C, chunki salqinlik chuqur va sifatli uyquga yordam beradi. Shuningdek, xonada to‘liq qorong‘ulikni ta’minlash muhimdir, chunki yorug‘likning yo‘qligi uyquga ketish uchun mas’ul bo‘lgan melatonin gormonining ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Maksimal qulaylik va umurtqa pog‘onasini qo‘llab-quvvatlash uchun to‘shak va yostiq kabi to‘g‘ri ortopedik aksessuarlardan foydalaning.

Fotо: Pexels

Uyqudan oldi rasm-rusumlar yarating

Kechki marosimlar organizmning dam olishiga yordam beradi. Bu o‘qish, terini parvarish qilish, xushbo‘y moylardan foydalanish, nafas olish mashqlari yoki iliq vanna bo‘lishi mumkin – bo‘shashishga yordam beradigan va uyquga tayyorlaydigan narsani tanlang.

Uyqudan oldin gadjetlardan voz keching

Ekran qurilmalari ko‘k yorug‘lik chiqaradi, bu esa melatonin ishlab chiqarilishini kamaytiradi. Uyqudan 1-2 soat oldin smartfon va planshetlarni qo‘yib, ularni kitob yoki bo‘shashtiruvchi mashqlar bilan almashtirish tavsiya etiladi.

Fotо: Pexels

Uyquning optimal davomiyligiga rioya qiling

Jahon tadqiqotlariga ko‘ra, to‘liq tiklanish uchun ayolga 6 soatdan 8 soatgacha tungi dam olish talab etiladi. Surunkali uyqusizlik esa gormonal muvozanatni buzadi, stress darajasini oshiradi va ortiqcha vazn to‘plashga yordam beradi.

Uyqudan oldin ovqatlanishni kuzatib boring

Ochlik yoki ortiqcha ovqatlanish hissi bilan uxlashga yotmaslik kerak. Uyqudan 1-2 soat oldin yengil tamaddi qilish mumkin, lekin ko‘p emas. Kechqurun kofein va spirtli ichimliklarni iste’mol qilmang, chunki ular uyqu sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Maqolani baham ko'ring

Related articles