Dengizdan ilhom olganlar

Iqtidorli ayollarning dengiz mavzusidagi g‘ayrioddiy ishlari

Foto : Instagram / Vanessabarragao_work

Dengiz – har doim ijodkor insonlar uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai boʻlib kelgan. Uning koʻp qirrali goʻzalligi va aql bovar qilmas qudrati tufayli qanchadan-qancha ajoyib sanʼat asarlari yaratilgan!

 Vanessa Barragão

Portugaliyalik rassom Vanessa Barragão dunyo ekotizimlarining goʻzalligini kuylovchi – oʻzining tabiatdan ilhomlanib yaratilgan toʻqimachilik san’ati bilan mashhur. Rassom ajoyib toʻqimachilik haykallarini yaratish orqali ummonga bo‘lgan chuqur hurmatini ifodalaydi. Balki dengiz qirgʻogʻida ulgʻaygani uchundir, uning asosiy ilhom manbaini ummon va marjon riflari tashkil etadi. Uning o‘ta nafis jun gilamlari, gobelenlari va devorda osilgan buyumlari sanoat chiqindilaridan tayyorlangan.

Barragão o‘z ishini yaratish jarayonida iloji boricha uning ekologik toza bo‘lishiga harakat qiladi, shuning uchun u nafaqat qayta ishlangan materiallardan foydalanadi, balki hamma narsani qo‘lda sinchkovlik bilan yasaydi. Katta dizaynlarni yaratish uchun mashinalardan foydalanish o‘rniga, Barragão ilgak bilan to‘qish, qo‘l taftingi (qo‘l asboblari yordamida mato asosiga ip kiritish), kashta tikish va kigiz to‘qish kabi qadimgi texnikalardan foydalanadi. Ushbu qo‘l mehnati natijasida hosil bo‘lgan to‘qimachilik konstruksiyalari keng doiradagi to‘qima va ranglari bilan ajralib turadi.

Barragão Coral Garden kolleksiyasi uchun gilam fabrikasining sotilmay qolgan zaxirasidan foydalangan holda immersiv installyatsiya yaratgan. Ajoyib to‘plam global isishning marjon riflariga zararli ta’sirini o‘rganadi. Katta to‘qimachilik devoriy panno (devorlarni bezash uchun ishlatiladigan dekorativ element)sining bir tomonida hashamatli, boy ranglar bilan boʻyalgan rif tasvirlangan. Boshqa tomonida esa ko‘proq sokinlashgan ranglar kamalagi yordamida tasvirlangan marjonlar rangsizlanishining halokatli ta’siri ifoda etilgan. Rassomning "Okean Gobeleni" asari xuddi shunday tarzda, ya’ni sovuq ko‘k tusli jun iplardan foydalangan holda yaratilgan.

Barragão o‘zining ishi atrof-muhit muammolari haqida xabardorlikni oshirishga yordam beradi va odamlar Yer sayyorasining salomatligini yaxshilash uchun harakatini ayamaydi, deb umid qiladi.  Rassomning jamoasi deyarli butun oila a’zolaridan iborat. Unga har bir asarini yaratishda onasi, opasi, xolasi va bobosi yordam beradi.

Courtney Mattison

San-Fransisko ko‘rfazi hududida ulg‘aygan Courtney Mattison bolaligidanoq okeanga muhabbat qo‘ydi. Rassom Kaliforniyada o‘tgan o‘smirlik chog‘ida oʻzi uchun kulolchilikni kashf etadi. Courtney Mattison talabalik davrida loy bilan tanishib, kulol va haykaltarosh bo‘lib ishlagan oilaviy do‘stining sharofati tufayli bu material bilan ishlashni yaxshi oʻrganib oladi. U loy bilan ishlashni shu qadar yaxshi o‘zlashtirib oladiki, hatto undan tabiiy ravishda dengiz jonivorlarining haykallarini yaratishda foydalana boshlaydi. Dengiz ekologiyasi va sopol haykaltaroshligi bo‘yicha ta’lim olgan rassom o‘zining bu ikki ishtiyoqini ajoyib tarzda birlashtiradi. Ya’ni iqlim o‘zgarishi oqibatlari haqida jamoatchilikni xabardor qiladigan marjon riflarining katta hajmdagi antiqa sopol haykallarini yarata boshlaydi.

Courtneyning fikricha, keramika – bu marjon riflarini tasvirlash uchun kerakli tabiiy material hisoblanadi. Chunki qisman keramikaning kimyoviy tarkibi va  u ishlatadigan ko‘plab sirlar (glazur) aslida ohaktosh materiali sanalgan kalsiy karbonatni o‘z ichiga oladi.

Rassom sog‘lom marjonlarning rangini takrorlaydigan, ya’ni sirlarning yorqin ranglar kamalagidan foydalanadi. Uning ba’zi asarlarida bu boy ranglar oq sir bilan qarama-qarshi tarzda aks etadi. Bunday solishtirish, sog‘lom riflar va marjonlarning hamda iqlim o‘zgarishi natijasida o‘z rangini yo‘qotishni boshlagan suv osti toshlarininig  vizual kontrastini ta’kidlaydi.

Mattisonning ba’zi asarlari keng ko‘lamli va uning barcha san’at asarlari tabiiy ko‘rinishga ega. Bu tabiiylik qoliplardan foydalanmasdan amalga oshiriladigan, bir necha bosqichlardan o‘tadigan mashaqqatli jarayonning natijasidir. Barcha asarlar aynan rassom tomonidan qo‘lda ishlangan, teksturalangan va boʻyalgan. Ushbu xususiyatlarni hisobga olsak, rassomning ish jarayoni juda uzoq vaqt davom etishiga amin bo‘lamiz. Asarning hajmi uni boshidan oxirigacha yaratish uchun ketadigan vaqtga ta’sir qiladi.

Aude Bourgine

Aude Bourgine chiroyli naqshli marjon haykallarini yaratadi va keyin ma’lum bir hissiyot bilan ularni ramziy ravishda shisha gumbazlar ostida himoya qiladi.

Aude Bourginening shisha sharlar ichidagi haykallari o‘z vaqtida muzlatilgan va muzeylarda saqlanayotgan namunalar kabi tabiatning mo‘rtligi va atrofimizda yo‘qolib borayotgan ekotizimlarning qimmatli guvohidir.

Bir qarashda, Aude Bourginening ishlari  rif ekotizimining sof o‘ynoqi talqinidir. Qo‘ng‘iroq idishlar ichidagi haykallar rang-barang munchoqlar bilan tikilgan va ularga payetli naqshlar tushirilgan. Har bir buyum marjonlarning ko‘zni qamashtiruvchi teksturasini va xilma-xil shakllarini namoyish etadi. Biroq Bourginening ta’kidlashicha, bu asarlar ancha chuqur ma’noga ega bo‘lganligi uchun kattaroq maqsadlarga xizmat qilishi zarur.

 

Poumons des océans (okeanlarning o‘pkasi degan ma’noni bildiradi) – bu ajoyib marjon haykallari to‘plami. Bu to‘plam marjon riflarining ekologik ahamiyatini ta’kidlaydi va shu orqali har birimizga tegishli bo‘lgan ushbu umumjahon muammoga e’tiborimizni qaratishga undaydi.

Aude Bourgine o‘z hunarmandchiligi orqali tabiatni muhofaza qilishni targ‘ib qiladi. Jamiyatimizda atrof-muhit muammolari haqida xabardorlikni oshirish va biz hali ham birgalikda harakat qilishimiz mumkinligiga ishontirish umidi hunarmand ayolni yanada oldinga harakat qilishga undaydi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles