Dunyo g‘aroyib muzeylari

Noodatiy san’at manzilgohlarni kashf etamiz

06 Apr 2025
Fotо: Pexels

Agar muzeylarni faqat javon va devorlardagi eksponatlardan iborat deb o‘ylasangiz, bu boradagi qarashlaringizni qayta ko‘rib chiqish payti keldi. ELLE O‘zbekiston tahririyati san’at va fanning yangi qirralarini namoyon etadigan dunyodagi eng g‘aroyib muzeylar to‘plamini tayyorladi.

Dubay, BAAdagi Kelajak muzeyi

Bu 50 yildan keyin dunyo qanday ko‘rinishini ko‘rish mumkin bo‘lgan makondir. 2022-yilda ochilgan Dubaydagi Kelajak muzeyi shahar uchun muhim loyihaga aylandi – u yangi texnologiyalar hayotimizni qanday o‘zgartirishini ko‘rsatib berdi. Bu yerda yaqin kelajakda sun’iy intellekt, kosmik tadqiqotlar, tibbiyot va ekologiya sohalarining qanday rivojlanishini kuzatish mumkin.

Bundan tashqari, muzey binosining o‘zi ham san’at asari hisoblanadi. Uning fasadi arab xattotligi bilan bezatilgan bo‘lib, unda Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktumning she’riy satrlari o‘yib yozilgan. Bu satrlar kelajakni shunchaki kutib qolmay, balki uni bugunoq yaratayotganliklarini anglatadi.

 

Kankunadagi suv osti muzeyi, Meksika

Okeanning qoq o‘rtasida joylashgan muzeyni tasavvur qiling. Aynan shunday holat: Kankun suv osti muzeyi Karib dengizi tubida joylashgan bo‘lib, marjon qoyalari orasiga mohirlik bilan joylashtirilgan 400 dan ortiq haykallarni o‘z ichiga oladi. Bu kabi ishlar dengiz ekotizimlarini tiklashga yordam beradi, baliqlar, qisqichbaqalar va boshqa jonzotlar uchun boshpana beradi.

Muzeyni ko‘rishning bir necha usuli mavjud: akvalang yoki snorkel bilan sho‘ng‘ish mumkin, suvga tushishni yoqtirmaydiganlar uchun esa shaffof tubli qayiqda ekskursiya qilish mumkin, u orqali suv osti eksponatlari va dengiz jonzotlarini kuzatish mumkin.

 

Zagrebdagi uzilgan munosabatlar muzeyi, Xorvatiya

Bu joyda ajralishdan keyin qolgan barcha narsalar: xatlar, o‘yinchoqlar va hatto to‘y liboslari ham yig‘iladi. Har bir buyumga ushbu munosabatlar qanday va nima sababli tugaganligi haqida hikoya hamrohlik qiladi. Bu sevgi, uning murakkabligi va undan so‘ng nima qolishi haqida mulohaza yuritish uchun burchak hisoblanadi.

Muzey Zagreblik ikki rassom - Olinka Vishtitsa va Drajen Grubishichning ajrashishidan so‘ng tashkil etilgan. Ular ajralishdan keyin qolgan narsalarni yig‘a boshladilar, keyin esa boshqa odamlarni o‘z hikoyalari bilan bo‘lishishga taklif qilishdi. Shunday qilib, yildan-yilga yangi eksponatlar va hikoyalar bilan boyib borgan kolleksiya vujudga keldi. Bu yerda nafaqat kulgili va ta’sirli narsalarni, balki g‘amgin va muvaffaqiyatsiz munosabatlar haqidagi xotiralarni uyg‘otuvchi buyumlarni ham ko‘rish mumkin.

 

Dohadagi Qatar milliy muzeyi

Muzey Fors ko‘rfazida uchraydigan tabiiy hodisa – “Cho‘l atirguli” shaklida qurilgan. Arxitektor Jan Nuvel bu loyihani yaratish uchun o‘n yil sarflagan va natija kutilganidan ham a’lo natija ko‘rsatgan. Muzey ulkan ko‘zgusimon disklardan tashkil topgan bo‘lib, unda o‘tmish, bugungi kun va kelajakning turli eksponatlarini ko‘rish mumkin. Makon mahalliy va jahon durdonalari bilan to‘ldirilgan 11 ta galereyaga ajratilgan.

Rimdagi Qalb muzeyi, Italiya

Rimdagi Chiesa del Sacro Cuore del Suffragio cherkovining xazina xonasidagi muzey mistika va g‘ayritabiiy hodisalarga qiziquvchilar uchun mo‘ljallangan joy hisoblanadi. Bu yerda g‘ayrioddiy buyumlar to‘plangan bo‘lib, dindorlarning fikriga ko‘ra, A’rofga tushgan marhumlarning ruhlari ularni tark etgan. Kitoblardagi izlar, kiyim-kechak va boshqa buyumlardagi tamg‘alar – har bir eksponat o‘zida narigi dunyodan kelgan sirli tarixni mujassam etgan.

G‘ayrioddiy eksponatlardan tashqari, cherkovning o‘zi ham o‘zining neo-gotik me’morchiligi va muhiti bilan tashrif buyuruvchilarni hayratga soladi.

Parkentdagi Quyosh instituti, O‘zbekiston

Bu dunyodagi shunday ikki muzeydan biri bo‘lib, uning ilmiy yutuqlari chindan ham hayratlanarli. Bu yerda ulkan quyosh pechi joylashgan, u ko‘zgular yordamida quyosh nurlarini to‘plab, materiallarni bir necha ming darajagacha qizdiradi. Bunday qurilma quyosh quvvatini o‘rganishga yordam beradi, muzeyning o‘zi esa quyosh energiyasi bilan bog‘liq maketlar va tajribalarni ko‘rishni taklif etadi.

Ushbu muzey quyosh energiyasi markazi sanaladi, shuningdek, fan tabiat kuchlaridan qanday foydalanishi mumkinligini ko‘rmoqchi bo‘lganlar uchun ajoyib joy.

Maqolani baham ko'ring

Related articles