Dunyo oshxonasidagi Ramazon
Yer kurrasining turli burchaklarida Ramazon oyiga xos pazandachilik taomlari va shirinliklar

Ramazon – qalblarga xotirjamlik baxsh etadigan, shaxsda sabr-toqat va muruvvatni tarbiyalaydigan, odamlarni bir dasturxon atrofida jamlovchi, muhabbat va o‘zaro hamdamlik ulashiladigan palladir. Har oqshom va har kecha dunyoning turli burchaklarida dasturxonlar yoziladi, unda katta-yu kichik g‘oyat ulkan mehr va e’tibor bilan tayyorlangan taomlardan bahramand bo‘lishadi. Aynan shu oyga xos bo‘lgan betakror oshpazlik an’analari shu qadar xilma-xil va jozibadorki, qushga aylanib, bir mamlakatdan boshqasiga uchib o‘tib, har bir xonadonga mo‘ralagingiz keladi.
Pakora – Pokiston

Foto: Pexels
Pokistonning an’anaviy taomlaridan biri hisoblangan pakora iftorliklarda albatta iste’mol qilinishi shart bo‘lgan taom hisoblanadi. No‘xat uni, kartoshka, achchiq yashil qalampir va tuxumni aralashtirib tayyorlangan xamirsimon massani kichik bo‘laklarga bo‘lib qovurib, issiq gazak sifatida dasturxonga tortishadi. Pokistonliklar bu taomni uyda osongina tayyorlashlari yoki tashqarida tayyor holda sotib olishlari mumkin. Pakorani ko‘plab do‘konlarda topsa bo‘ladi, ayniqsa Ramazon oyi davomida.
Malayziya – Bubur Lambu
Bubur Lambuk - Ramazon oyida Malayziya dasturxonidan tushmaydigan milliy taom. Mamlakatning eng mashhur lazzatli taomlari qatorida bo‘lgan bu taom guruch bo‘tqasining alohida bir turi hisoblanadi. Go‘sht qiymasi, guruch, dolchin, mixak, sarimsoq va kashnich bilan tayyorlanadigan bu taom faqat muqaddas oyda tongda pishiriladi. Haftaning deyarli har kuni masjidlarda kunning ikkinchi yarmida bepul tarqatiladi. Qariyb yetmish yildan beri davom etib kelayotgan bu an’ana Malayziya Ramazonining e’tiborga sazovor xususiyatlaridan biri sanaladi.
Eron – Zoolbia Baamieh
Eron xalqining eng mashhur Ramazon an’analaridan biri bo‘lmish Zulbiya Bamiye sharbatli shirinlikning bir turi hisoblanadi. Turkiyaning “lokma tatlisi” desertiga o‘xshash Zulbiya turli shakllarda tayyorlanadi. Za’faron qo‘shilgan xamir qizdirilgan yog‘da qovuriladi. So‘ngra u atirgul suvi qo‘shilgan sharobga botiriladi. Ushbu shirinlikni Ramazon oyida Eronning barcha do‘konlaridan sotib olish mumkin.
O‘zbekiston – Nisholda

Foto: Serafim Dim
Nisholda – bolalikning unutilmas lazzati. Bu cho‘ziluvchan tuzilishga ega bo‘lgan shirinlik faqat Ramazon oyida tayyorlanadi. U katta-yu kichik sevib iste’mol qiladigan o‘zbek dasturxonining muhim tarkibiy qismlaridan biridir.
Nisholda ko‘pirtirilgan tuxum oqi, sovun ildizi qaynatmasi va shakardan tayyorlanadi. Ushbu ildizning sovunsimon xususiyatlari nisholdaning kerakli ko‘pigi va quyuqligini shakllantirishda muhim rol o‘ynaydi hamda uni bu shirinlikni tayyorlashda o‘rnini bosib bo‘lmaydigan mahsulotga aylantiradi. Uni qulay iste’mol qilish uchun kichik piyolalarga solinib, ovqatlanishdan oldin dasturxonga qo‘yiladi.
Turkiya – Ramazon pide

Foto: Pexels
Turkiyadagi novvoyxonalar oldidan o‘tayotganingizda katta navbatlarni ko‘rib hayron qolmang. Iftorlik boshlanishidan oldingi oqshom paytida ko‘plab odamlar barmoq kuydirar pide olishga shoshiladilar. Bu nonlarning xushbo‘y hidi burunni qitiqlaydi va yangi yopilgan nonning bir bo‘lagini sindirishga oshiqayotgan bolanikidek hayajon uyg‘otadi. Bug‘doy unidan tayyorlangan va ustiga kunjut sepilgan pide Turkiyada Ramazon oyi dasturxonlarining ajralmas qismidir.
Birlashgan Arab Amirliklari — Xarisa (Halim)
Arab mamlakatlarida dasturxon to‘rida turadigan taom. Bu go‘sht yoki tovuq go‘shti va qaynatilgan bug‘doydan tayyorlanadigan Ramazonning maxsus taomidir. Ba’zan bug‘doy va arpa aralashmasi ham ishlatiladi. Agar arab qo‘shnilaringiz bo‘lsa, ishonchingiz komil bo‘lsinki, Ramazon oyida ular sizni albatta xarisa bilan mehmon qilishadi. Bug‘doy donini eng yaxshisi bir kecha yoki kamida 8 soat davomida ivitib qo‘yish, keyin esa suvda pishirish lozim. Mukammal xarisa (halimning) siri – shoshilmasdan pishirish. Bu usul barcha xushbo‘y hidlarni bir-biriga singdirish va mahsulotlarni bo‘tqaga aylantirish imkonini beradi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, Ramazonning taom tayyorlash an’analari turli mamlakatlarning madaniy xilma-xilligi va o‘ziga xos urf-odatlarining yorqin ifodasidir. Ular butun dunyo musulmonlarini birlashtiruvchi keng qamrovli madaniy va ijtimoiy qadriyatlarning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.