Dunyoning eng yorqin madaniy festivallari

Yuz marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan ma’qul bo‘lgan uchta jahon festivali

Surat: Instagram / braziliancarnivalteam

Festivallar faqat muhit va musiqa haqida emas. Bu odamlar haqida. Agar “ignani tashlasang yerga tushmaydigan” darajada odam ko‘p bo‘lmasa, qanday festival bo‘lsin? Tomosha va shodlik, quvonch va his-tuyg‘ular – odamlar bunday tadbirlarda bir-birlariga aynan shularni hadya etishadi.

Biz butun dunyodan uchta yorqin festivalni tanladik – bular shunday tadbirlarki, ularning o‘zi nafasga, odamlar esa bayramning chinakam yuragiga aylanadi.

Venetsiya karnavali

Nima uchun aynan Venetsiya karnavalidan boshlamoqdamiz? Sababi shundaki, Venetsiya har yili tobora ko‘proq suv ostiga cho‘kib bormoqda. Bir tomondan, bu holat kishini xafa qilsa, boshqa tomondan esa, bu ajoyib shaharni bir marta bo‘lsa-da ko‘rishga turtki bo‘ladi.

Surat: Instagram / events2b

Venetsiya karnavali dunyo mo‘jizalaridan biridir. Qorong‘i tushgach, xursandchilik avjiga chiqadi. Ishtirokchilarning quvnoq ko‘zlarida festival chiroqlari porlaydi, Venetsiyaning o‘zi esa xuddi ko‘zgu kabi barcha karnaval jilvasini aks ettiradi.

Bu tadbirga har yili o‘rtacha yarim million kishi to‘planadi. Festivalning asosiy ramzi niqobdir.

Tadbir sanasi har doim o‘zgarib turadi. Bu yil u 14-fevralda boshlanib, 4-martda yakunlandi, o‘tgan yil esa 27-yanvardan 13-fevralgacha davom etgan edi. Buning sababi shundaki, karnaval Italiyaning asosiy katolik bayramlaridan biri – Kul chorshanbasidan 12 kun oldin boshlanadi.

Surat: Instagram / wanderingeva

Yaxshilab sayr qilib bo‘lgach, butun Italiya qattiq ro‘za tutishni boshlaydi va karnaval davomidagi ortiqcha ovqatlanish hamda his-hayajonlar uchun “to‘lov qiladi” – axir, italyan an’analarining o‘ziga xosligi aynan shunda: dabdabadan kamtarlikka o‘tish.

Perudagi Inti Raymi quyosh festivali

Inti Raymini nafaqat festival, balki qadimiy an’analar Peruning jonli ruhi bilan uchrashadigan haqiqiy teatr tomoshasi sifatida bemalol qabul qilish mumkin. Kechua tilida uning nomi “Quyosh bayrami” degan ma’noni anglatadi va darhaqiqat, shunday. Har yili 24-iyun kuni, yozgi quyosh turishi kunida, Kusko shahri Janubiy Amerikaning eng ajoyib voqealaridan biri uchun sahnaga aylanadi. Ushbu bayramning asoschisi Inka Pachakutek – afsonaviy hukmdor bo‘lib, u Machu-Pikchu bunyodkori sifatida e’tirof etiladi.

Фото: Instagram / novotelcusco

Keyinchalik festival katolik cherkovi tomonidan butparastlik marosimi sifatida man etilgan. Ammo 1944-yilda inklar davridan ilhom olgan yozuvchi Fransisko Espinosa Navarro bu bayramni qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. U nafaqat marosimni jonlantirdi, balki uni voqelik yo‘qolib, ertak boshlanadigan sehrli tomoshaga aylantirdi.

Endi bu Peru madaniy o‘ziga xosligining ajralmas qismi bo‘lib, har yili butun dunyodan minglab maftun tomoshabinlarni o‘ziga jalb etadi.

Rio-de-Janeyro karnavali (Braziliya karnavali)

 

Portugaliya, Afrika va mahalliy an’analarga borib taqaladigan bu bayram Buyuk ro‘za oldidagi so‘nggi yorqin zavq-shavqdir. Odatda u fevral yoki mart oyining boshlarida bo‘lib o‘tadi va rasman besh kun davom etadi. Ammo shuni ta’kidlash joizki, karnaval tantanalari ko‘pincha rasmiy sanadan ancha oldin boshlanib, bir necha hafta o‘tgach ham davom etadi.

Surat: Instagram / a1luxurytours

Festival qirol Momoning toj kiyish marosimi bilan boshlanadi, bu haftalik bayramning ochilishini bildiradi. Va shu daqiqadan boshlab deyarli 5000 kishi yagona ulkan organizm kabi hamjihatlikda ishlashi lozim. Kechqurun soat 9 da boshlangan parad va sayillar tonggi soat 4 gacha davom etadi.

Agar siz shunchaki tomosha qilish emas, balki Braziliyadagi karnaval paradining bir qismi bo‘lishni orzu qilsangiz, oldindan tayyorgarlik ko‘ring – chiptalarni kamida olti oy oldin band qilishingiz kerak bo‘ladi. Bayramni shunchaki Salvador yoki Rio-de-Janeyroda nishonlamoqchi bo‘lganlar uchun esa to‘rt oy ham yetarli. Riodagi ulkan shou sanasi yaqinlashgan sari, narxlar ko‘tarilib, bo‘sh joylar kamayib boradi. Haqiqiy his-tuyg‘ular oviga karnavaldan ancha oldin kirishiladi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles