Dvoe Ceramics
Har qanday dunyoni yaratish uchun kamida ikkita odam kerak...
Bu hikoya dunyo kabi qadimiy. Bir-biriga va o‘z ishiga oshiq ikki kishi bo‘lsa, boshqalarning qalbida aks-sado uyg‘otadigan tuyg‘u paydo bo‘ladi.
Ildar va Darya bolalikdan san’atga qiziqishardi: uydagi plastilindan o‘yinchoqlar yasab, bolalar fantaziyasini real voqelikka aylantirishardi. Taqdir ularni Moskvada, Surikov nomidagi haykaltaroshlik institutida bog‘ladi. Ijodkorlarning bu fayzli muhitida, rassomlar, haykaltaroshlar va san’atshunoslarning bohemaviy aurasida Ikkilik dunyosi shakllanishni boshladi.
Talabaliк davrida Ildarga Rassomlar uyushmasidan meros sifatida Moskva metrosining “1905-yil ko‘chasi” bekatidagi ustaxona nasib etdi. Shahar markazidagi keng, baland shiftli xona katta ijodiy g‘oyalarni amalga oshirish uchun haqiqiy makonga aylandi. Shuning uchun, talabalar amaliyotidan tashqari, sevishgan rassomlar yirik kompaniyalar va tadbirlar uchun mualliflik loyihalarini amalga oshirishni boshladilar.
Ona yurt madaniyati Dashaga ilhom baxsh etardi. U o‘zining diplom ishi uchun aynan shu mavzuni tanladi. “Vatan” deb nomlangan katta relefda gilam ustida uxlab qolgan yosh qiz tasvirlangan. Gilamning naqshi esa, o‘z navbatida, qizning tushlarini aks ettirib, bizga O‘zbekiston madaniy merosining yorqin ertaklarini ko‘rsatib turardi.
O‘qishni tugatib Toshkentga qaytgach, Darya va Ildar turmush qurishdi. Ikki oshiqning to‘yiga turli mamlakatlardan do‘stlar va qarindoshlar yetib kelishdi. Ilhom va iste’dod bilan to‘lgan holda ular keyingi qadam - ijodiy tandemda qanday loyiha yaratish haqida o‘ylay boshladilar. Keramikani tanlash aniq edi, chunki bu rang bilan ishlash uchun katta maydon bo‘lgan. Er-xotin shu paytgacha foydalanib kelgan bronza va tosh bunday boy ranglar palitrasini bermaydi.
Interer buyumlaridan boshlab, Ildar va Darya keramika olamida izlanish va tajribalar yo‘lini boshladilar. Ularga Diera Karimova darhol e’tibor qaratdi va rassomlarga katta buyurtma berdi - Breadly qahvaxonalari tarmog‘i uchun assimetrik shakldagi sopol idishlar. Keyinchalik, turli yarmarkalarda qatnashib, “Teplo Store” mahalliy brendlarining kontseptual makonining rezidentlariga aylanib, bu ijodiy juftlik nafaqat ijod qilishlari, balki boshqa odamlarni ham jalb qilishlari mumkin bo‘lgan ustaxona ochishga qaror qilishdi. Shunday qilib, “Dvoe Ceramics” studiyasi paydo bo‘ldi.
Studiya o‘zbek mahallasidagi shinam bir uy bo‘lib, uning devorlari asoschilari tomonidan qo‘lda bo‘yalgan. Fazoning har bir burchagi ijodiy ruh bilan yo‘g‘rilgan, har bir mehmon unga darhol sho‘ng‘ib ketishi mumkin. Ammo mahorat darslari uchun joy yaratishning asosiy maqsadi professional darajada kulolchilik hunarmandchiligini o‘rgatish emas, balki ijod bilan shug‘ullanish jarayonida inson dam olishi, ijobiy his-tuyg‘ularga to‘lishi mumkin bo‘lgan joyni yaratish edi.
Mahorat darslaridan tashqari, “Dvoe Ceramics” sotuvga mo‘ljallangan mahsulotlarini yaratishda davom etmoqda. Bular - yoqimtoy krujkalar, sopol ramzlar va interer buyumlari. Darya va Ildar xususiy interer va mehmonxona loyihalari uchun buyurtmalar olishadi. Ijodiy duetda toliqish bo‘lmaydi, chunki har bir yangi loyiha - bu oldinga tashlangan qadam.
“Dvoe Ceramics loyihasida eng sevimli va muhim narsa - bu biz o‘zimizmiz. Biz uni boshidan ikkalamiz birgalikda yaratdik va ko‘p narsalarni boshimizdan o‘tkazdik. Loyiha, xuddi sopol buyum kabi, yaratilishning barcha bosqichlarini bosib o‘tdi: materialni tayyorlashdan tortib, shakl berish va yetarlicha “issiq haroratda” pishirishgacha. U katta muhabbat bilan yaratilgan. Dvoe Ceramics - o‘z ishiga va bir-biriga bo‘lgan sevgi hamda mehr to‘g‘risida”.