Eduard Mane va haqiqatni izlash
“Men ko‘rganimni qilaman, boshqalarga yoqadigan narsani emas”
Ko‘p hollarda dahoning hayotligida uni tushunmaydilar, uning o‘limidan keyin esa, xuddi darz ketgan ko‘zadek ko‘zlar ochilib, ulug‘likni anglab yetadilar. Eduard Mane hayoti – yorug‘lik va soya, e’tirof va inkor o‘rtasida muvozanat saqlagan rassomning taqdiridir. Uning har bir asarida dard nafas oladi, har bir mo‘yqalam izida isyon ovozi yangraydi. Uning san’ati shunchaki rang va shakldan iborat emas, balki haqiqiy kashfiyotdir.
Uni Klod Mone bilan adashtiradilar, biroq Manening o‘z yo‘li bor edi – tikanli va tanho. Mone asarlari nur va rangning madhi bo‘lgan bo‘lsa, Mane ijodi kurash haqidagi qissadir. O‘zi bilan, jamiyat bilan va zamon bilan kurash. Uning hayoti davrlar oralig‘idagi ko‘prik bo‘lib, u bu ko‘prikni o‘z salomatligi va baxtini qurbon qilib qurgan edi.
Dahoning tug‘ilishi
Yanvar oyining oxiri, Parij. Deraza oynalaridan yomg‘ir tomchilari sirg‘alib tushmoqda, ularning ortida qishki shahar zo‘rg‘a ko‘zga tashlanadi. Qayerdadir uzoqdan chaqaloqning yig‘isi eshitilib, tun sokinligini buzadi. Eduar Manening hikoyasi mana shunday boshlanadi. U badavlat oilada tug‘ilgan, otasi sudya Ogyust Mane o‘g‘lini bo‘yoqlar va matolar orasida emas, balki qonunchilik yo‘lidan borishni orzu qilgan. Biroq Eduard bolaligidanoq oqimga qarshi suzardi. U erkinlik, kenglik va yorug‘lik izlardi.
Eduar qat’iy talablar doirasiga sig‘maydigan orzuli bola edi. Otasi uni oilaviy an’analarning davomchisi sifatida ko‘rardi, ammo Eduardning yagona istagi - rasm chizish edi. “Agar sen yurist bo‘lmasang, ehtimol, dengizchi bo‘larsan”, deya qaror qildi Ogyust, bu qiziqish o‘g‘li uchun maroqli, ammo vaqtinchalik yo‘l bo‘ladi, deb o‘ylab.
Aynan dengiz uning birinchi muhabbatiga aylandi. Ilhom to‘lqinlar bilan birga kelardi – suvda o‘ynayotgan nur, kemalarning harakati, dengizchilarning yuzlari. O‘sha yerda, kema sahnida u dastlabki chizmalarini yaratardi. O‘sha paytda bular faqatgina ko‘proq narsani orzu qilayotgan yigitning oddiy chizgilari edi xolos. “Dengiz ko‘rishni o‘rgatadi”, deydi u keyinchalik.
San’atdagi haqiqatni izlash
Dengiz safardan qaytgach, Mane nima istayotganini aniq bilardi. Uni ranglar, odamlar, harakat qiziqtirardi. U Luvrga olib borgan va birinchi tasviriy san’at darslari uchun pul to‘lagan amakisidan dalda topdi. Biroq o‘qitishning akademik usullari yigitning hafsalasini pir qildi. U hayotni tasvirlashi kerakligini anglamaguncha, gipsdan haykallar chizdi. “Atelda o‘zimni go‘rga kirgandek his qilaman”, – derdi u. Va haqiqatan ham, bu yondashuv tufayli u o‘z dunyosiga borishga, naturachilarni topishga va o‘tkinchilar yuzidagi o‘tkinchi his-tuyg‘ularni ilg‘ashga tobora ko‘proq intildi.
Uning o‘sha davrdagi asarlari qarama-qarshiliklarga to‘la. Ular na to‘liq akademik, na mutlaqo innovatsion edi. Lekin Mane o‘sha paytlardayoq jamiyat talab qilgan narsani emas, “ko‘rgan narsasini” tasvirlamoqchi ekanini bilardi. Uning birinchi “O‘tloq ustidagi nonushta” kartinasi Parij Salonida namoyish etilganda, u g‘azab bo‘roniga sabab bo‘ldi. Odamlar kiyingan erkaklar orasida yalang‘och bir ayol borligini ko‘rib g‘azablandilar. Lekin Mane: “Men ideallashtirayotganim yo‘q, men haqiqatni ko‘rsatyapman”, deb javob berdi. Uning rostgo‘yligi noqulay edi, uni qoralashardi, buni sezmaslikning esa iloji yo‘q edi.
Hammasi “Olimpiya”dan boshlanadi
Mane murosaga boradiganlardan emas edi. Manening eng mashhur rasmlaridan biri “Olimpiya” edi. Bu shunchaki yalang‘och ayol emas, bu vaqtning mohiyatiga qarashdir. Uning qaddi-qomati, nigohi – bularning hammasi mustaqillikdan, o‘z holicha yashashdan dalolat berardi. Tanqidchilar kartinaga g‘azab bilan yopirildilar, uni qabih deb atadilar, lekin aslida uning ochiqligidan qo‘rqardilar.
Mane Titsiandan ilhomlangan, ammo uning “Olimpiya”si mabuda Venera emas, bu jonli va real tan va qondan iborat ayol. Garchi davrning o‘zi uni qabul qilishga tayyor bo‘lmasa-da, u yangi davrning ramziga aylandi. “Olimpiya” – bu shunchaki kartina emas, balki provokatsiya, kelajak bilan qandaydir muloqot.
Manening kurashi nafaqat san’atda, balki hayotida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Uning tanasi ham, ruhi ham jang maydoniga aylandi. Uzoq yillar davomida uni qiynagan revmatizm rassom hayotining har bir kunini sinovga aylantirgan edi. U og‘riqqa bardosh berib ijod qilar, kuchi arang yetsa ham ishlar, ammo hech qachon taslim bo‘lmas edi. “Har bir rasm – bu mening hayotim”, deya ta’kidlardi u.
Vafotidan oldin Mane Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Bu – u umr bo‘yi kutgan e’tirof lahzasi edi. Biroq taqdir shafqatsizlik qildi: o‘n bir kundan so‘ng, oyog‘i kesib tashlangach, u vafot etdi. U o‘zidan keyin Manening kim bo‘lganini endigina anglay boshlagan dunyoni qoldirib ketdi.
Biz bilan va biz haqimizda bo‘lgan meros
Bugun Mane – ozodlik ramzi. U akademizm va voqelik o‘rtasidagi to‘siqlarni yo‘q qilib, san’atda yangicha qarashning asoschisiga aylandi. “Foli-Berjerdagi bar”, “O‘tloq ustidagi nonushta”, “Olimpiya” – har bir xolst jonli, haqiqiy, rassom qanday ko‘rgan bo‘lsa, shunday tarixni hikoya qiladi.
U o‘zidan keyin san’at chegaralar bilan cheklanmaydigan dunyoni qoldirdi. Eduard Mane chinakam go‘zallik orzu-hayollarda emas, balki haqiqatda tug‘ilishini isbotladi. Aynan shu sababli uning nomi asrlar osha yashab kelmoqda, chunki haqiqat har birimizning ichimizda mavjud.