Edvard Munk: tabiat nidosiga quloq tutgan rassom

Peru mumiyosi, vulqon otilishi va Oslo tepaligi – dunyodagi eng ta’sirchan surat haqidagi afsonada ularni nima bog‘lagan?

14 Dek 2024
Foto: Instagram / munchmuseum

Kech kuzda, shahar derazalarida shamlar shu’lasi aks eta boshlaganda, ko‘pincha Edvard Munkning nomi xayoliga keladi. Uning asarlari sirli va real hayot o‘rtasidagi ko‘prikdek tuyuladi. Ular qadimiy maktubga o‘xshaydi: ushlab ko‘rsang, o‘tib ketgan davrning tomir urishini his etasan. Keyin bu maktubda o‘zing haqingda nimadir yozilganini tushunishga harakat qilasan.

U tug‘ilgan kun

1863-yilning Norvegiya dekabrida, chamasi, allaqachon sovuq tushgan. Shamol oppoq yonbag‘irlarda shunchalik guvillar ediki, go‘yo hamma narsani: bolalarning yig‘isini, kattalarning ta’nalarini, muzning shitirlashini bosib ketishga urinayotgandek edi. O‘sha kuni tug‘ilgan bola atrofdagi hayot chidab bo‘lmas darajada shovqinli ekanligini anglagan holda ulg‘aydi. U bu shovqinni ko‘zga ko‘rinadigan qilib ko‘rsatishga ahd qildi.

Edvard Munk fojia qariyb oilaviy an’anaga aylangan xonadonda dunyoga keldi. Onasining sil kasalligidan vafot etishi, singlisining xastaligi, akasining o‘limi -- bularning barchasi uning dunyoqarashida chuqur iz qoldirdi. Uning har bir asari butun umri davomida uni tinmay ta’qib etgan soyalarning ramziy ifodasi edi, degan tasavvur har birimizda uyg‘onishi mumkin...

Tabiat nidosi: buyuk asar ibtidosi

Munk o‘z rasmlarini kundaligim, deb aytishni yoqtirardi. “Qichqiriq” oldida turganingizda bu his-tuyg‘uni aslida qanday kuchga ega ekanligini tasavvur qilish mumkin. Cheksiz titroq. To‘satdan, hatto bir daqiqa oldin hech narsani sezmagan bo‘lsangiz ham, bo‘g‘zingizga bir narsa tiqiladi. Lekin butun sehr shunda: u sizdan hikoyani tinglashga tayyormisiz, deb so‘ramaydi. Shunchaki toshqotishga majbur qiladi.

Rassomning o‘zi aytishicha, bir kuni u Oslo tepaliklarida sayr qilib yurganida, to‘satdan “osmon qip-qizil rangga kirdi va u tabiat uzra ulkan, cheksiz qichqiriq o‘tganini his qildi”. Bu kechinma rassom kartinada tasvirlagan vahimaning ko‘rinishiga aylandi. Biroq bu faqat uning xayoloti mahsuli emas edi. 1883-yilda Indoneziyada Krakatau vulqonining kuchli otilishi sodir bo‘lgan, uning oqibatida g‘ayrioddiy quyosh botishlari va g‘alati atmosfera hodisalari hatto Norvegiyada ham kuzatilgan.

Ammo bu yagona ilhom manbai emas edi. Suratning markaziy qiyofasi Munk Parijdagi ko‘rgazmada ko‘rgan qadimgi Peru mumiyosidan ilhomlangan. Uning egilgan holati va azob ifodasi “Qichqiriq”da aynan mujassamlashgan. Bunga uning uyiga qo‘shni bo‘lgan ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi qichqiriqlar va kushxona ovozlarini qo‘shsangiz, bu durdonani yaratgan to‘laqonli muhit hosil bo‘ladi.

Bu tafsilotlar – osmonning qoni, atrof-muhit tovushlari va muzey timsollari – Munk “Tabiat qichqirig‘i” deb atagan yagona manzaraga birlashib ketgan.

Me’yorlarga qarshi isyon

“Xastalik, telbalik va o‘lim beshigimni o‘rab turgan farishtalar edi”, – degandi u. Bu sofdillik kishini hayratga solmaydi, lekin chuqur ta’sirlantiradi. Uning suratlari shunchaki qo‘rqitmaydi, ular botinga qarashga majbur qiladi. “Hayot raqsi”ga qarab nimani his qilamiz? Beparvo raqs tushayotgan figuralarga hasad qilishmi yoki hammasi nima bilan tugashini tushunishimizdan g‘azablanishmi? Bu bir vaqtning o‘zida ham u, ham biz haqimizda.

Munk rang-tasvirda inqilobchi edi. An’anaviy qonunlarni buzib, inson his-tuyg‘ularini tasvirning asosiy obyektiga aylantirgan. U o‘z texnikasida ham tajribalar o‘tkazdi. Masalan, o‘zining gravyuralarida yog‘och bloklarni bo‘laklarga bo‘lib, ularga turli ranglar berish orqali o‘ziga xos uslubdan foydalandi. Ushbu innovatsion yondashuvlar bir qator rassomlarni, jumladan, nemis ekspressionistlari Ernst Lyudvig Kirxner va Avgust Makkeni ilhomlantirdi.

Qizig‘i shundaki, u hayoti so‘ngida o‘zining shaffofligi bilan hayratga soladigan avtoportretlarni yaratdi. Ulardan birida Edvard, xuddi sovuqda eriyotgan bug‘ga o‘xshab, tutun bilan o‘ralgan. Bu nafaqat vidolashuv, balki ta’kid hamdir: hatto hayot yoqasiga kelganda ham u asrlar osha biz bilan gaplashadigan hikoyachi bo‘lib qolaveradi.

Bugun Munkning nomi eslatmaga o‘xshaydi: his-tuyg‘ularingizga quloq soling! Zaif bo‘lishdan qo‘rqmang! Agar atrofingizdagi dunyo juda qo‘rqinchli tuyulsa, uning suratlari bu shovqinni qanday qilib san’atga aylantirishni ko‘rsatsin.

Qiziq, uni dekabrda eslayotganimizni bilganida nima degan bo‘lardi? Ehtimol, u o‘zining vazmin norvegcha tabassumi bilan jilmayib: “Mening rasmlarim hamma narsani aytib berdi”, – deb javob bergan bo‘lardi. Yoki kim bilsin, Oslo-ford bo‘ylab shunchaki oqcharloqlarning qichqirig‘i va shamolning shovqinini eshitish uchun sayr qilishni taklif qilarmidi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles