ELIF
Elektron musiqada autentiklik va kreativlik
Istanbullik va hozirda Barselonada yashovchi ELIF prodyuser va didjey bo‘lib, o‘zining universalligi va jozibali ijodi bilan tanilgan. Gipnoz chiqishlari va innovatsion ovozi uni elektron musiqaning eng yorqin figuralaridan biriga aylantirdi.
Marginalia yorlig‘i asoschisi sifatida ELIF o‘z ko‘nikmalarini rivojlantirishda davom etib, yangi iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Uning Bamboo Forest, Let Go va Moonspell kabi taronalari millionlab tinglovlarni to‘pladi va uning global auditoriyasi o‘sishda davom etmoqda. ELIF ELLE O‘zbekiston uchun eksklyuziv intervyusida u o‘z karyerasi va ijodiy yo‘li haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Didjey bo‘lishga sizni nima ilhomlantirdi?
Musiqa har doim hayotimda markaziy o‘rinni egallagan. U menga yo‘lboshchilik qildi, qarorimni shakllantirdi, lekin uzoq vaqt davomida men hech qachon professional tarzda shug‘ullanishni xayolimga ham keltirmagan ikkinchi darajali narsa bo‘lib qoldi.
Arxitektorlikka o‘qiyotganimda tungi klublarni loyihalashtirganman, sayohatlar haqidagi blogimda esa festival va konsertlarga e’tibor qaratilgandi.
Men musiqa jurnalisti bo‘lib ishlaganman va hatto indi-rok guruhini boshqarganman. Men musiqa olamiga juda berilib ketgandim, lekin hech qachon o‘zimni artist sifatida ko‘rmagandim, chunki bu menga erishib bo‘lmaydigandek tuyulardi.
30-yillarga yaqin hamma narsa o‘zgardi. Bir kuni men tvitterda indi-rok qo‘shiqlar uchun haus-remikslar yaratmoqchiligimni yozdim va didjeying maktabidan taklif oldim: ular menga o‘zlari haqidagi maqola evaziga o‘rgatishga rozi bo‘lishdi.
Odamlarga o‘zlari iste’mol qiladigan narsalarni ishlab chiqarish/yaratish osonroq. 2016-yilda klub va festivallarga faol qatnashib kelganman. Kursni tugatgandan so‘ng Istanbuldagi mavjud aloqa/netvorking tarmog‘i tufayli men uyda miksaj qilishni boshladim. Vaqt o‘tishi bilan mashaqqatli mehnat meni hayratga solgan san’atkorlar bilan bir sahnada chiqish qilishga olib keldi. Shu tariqa faoliyatim boshlandi.
O‘sha paytda men musiqa haqida yozishdan unchalik zavqlanmasligimni tushundim. Men o‘zimni baxtli qiladigan narsaga ergashishga qaror qildim va bu ishonchga asoslangan dadil qadam edi. Ishonchim komilki, har birimiz ijodkormiz. Ammo san’atkor bo‘lish va o‘z san’atini dunyoga ulashish jasoratni talab qiladi.
Bugun men o‘zimni san’atkor deb atashim bilan faxrlanaman va musiqa orqali ajoyib tanishuvlar imkoniyati uchun minnatdorman.
Qancha vaqtdan beri shu ish bilan shug‘ullanasiz? Faoliyatingiz boshidan buyon uslubingiz o‘zgardimi?
Men miksaj qilishni 2016-yilda o‘rgana boshladim, lekin ELIF loyihasi 2018-yilda boshlangan. Birinchi musiqamni 2019-yilda chiqarganman, haqiqiy yutuq esa pandemiya paytida va undan keyin sodir bo‘ldi.
Mening uslubim doim o‘zgarib turadi. Men faqat bir narsani chalolmayman, meni ilhomlantiradigan musiqani topishim kerak va bu tuyg‘u doimiy ravishda yangilanib turadi.
Didjey sifatida siz qanday gender stereotiplariga duch keldingiz?
Mening mamlakatimda stereotiplar nafaqat kasbga, balki o‘ziga xoslikka ham taalluqli. Biroq, gender stereotiplariga faqat Turkiyadagina duch kelmaganman.
Karyeram boshida men sobiq yigitim bilan birga chiqishlar qilardim. Bir kuni u menga yakkaxon chiqish qilishimni taklif qildi, chunki odamlar barcha ishni u bajarayotganini, men esa faqat “bezak” uchun ayol sifatida turganligimni o‘ylashlaridan xavotirlanardi.
Menga ko‘pincha tabassum qilishni yoki yumshoqroq musiqa chalishim kerakligini aytishgan, chunki men ayolman.
Bir marta kabel yo‘qligi sababli texnikni chaqirishni so‘radim va meni oldimga boshqa bir erkak didjeyni yuborishdi,ular meni uskunalarni tushunmaydi, deb o‘yladi. Erkak do‘stim bilan ijro qilganimda, 99% hollarda uni didjey, meni esa shunchaki hamrohi deb o‘ylashadi. Bundan tashqari, chiqishlarimda doimo tomoshabinlar orasida kimdir haqiqatan ham ijro etayotganimga ishonch hosil qilish uchun kabellarni kuzatib turadi.
Faoliyatingizda qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirgansiz?
Sahna kamroq inklyuziv bo‘lib, musiqaga emas, “Instagram lahzalari” uchun ko‘proq e’tibor qaratiladi. Men tomoshabinlar bilan yaqin aloqa bo‘lgan shoudan quvvat olaman, ammo sahna tomoshabinlardan uzoqda bo‘lgan yirik tadbirlar hissiy jihatdan charchatadi.
Yana bir qiyinchilik – uyqu rejimining buzilishi va deyarli har dam olish kunida doimiy parvozlar.
Musiqaning qaysi uslubini ijro etasiz?
Men o‘z uslubimni kontekstga moslashtiraman. Murakkab ritmlarni, yaxshi baslarni, kuylarni va raqs treklarini yaxshi ko‘raman. Qayg‘uli treklar tungi klublar uchun, yorqin va quvnoq treklar esa kunduzgi tadbirlar uchun mos keladi.
Birinchi chiqishingiz haqida so‘zlab bering.
Dastlabki yakkaxon chiqishlarimdan biri Istanbuldagi festivalda bo‘lib o‘tgan edi. Tush paytida kichik bir sahnani ochdim, u yerda faqat ovoz muhandislari bor edi. Past chastotalar filtri yoqilganligini payqamagunimcha, nima uchun bas yo‘qligini tushunmayotgan edim.
Qaysi chiqish siz uchun eng yaxshi bo‘ldi?
Bittasini tanlash qiyin, lekin men bir nechta alohida holatlarni eslayman. Menga Fusion, Garbicz va Bucht Der Traeumer kabi nemis festivallari yoqadi, bu yerda hamma narsa fotosuratlarga emas, balki musiqaga qaratilgan.
Tailanddagi Wonderfruit festivalida “Polygon” nomli sahnada 360 gradusli ovoz tizimi bilan ajoyib tajriba bo‘ldi.
Coachella ro‘yobga chiqqan orzu edi. Tanlovim tomoshabinlarga yoqib qolganidan hayratda qoldim. Men O‘zbekistonda ehtirosli va minnatdor tomoshabinlar tomonidan eslab qolingan Stihia Festival festivalini ham yaxshi xotirlayman.
Turk madaniyati va musiqasi sizning ijodingizga ta’sir qiladimi?
Unchalik emas. Ehtimol, bu men undan uzoqlashishga harakat qilayotganim ma’nosida ta’sir qilgandir. Ba’zi an’anaviy musiqa va cholg‘u asboblari klub sahnasi bilan emas, balki dafn marosimi yoki to‘y bilan bog‘liq.
Didjey bo‘lishni xohlayotgan o‘zbekistonlik ayollarga nima maslahat berasiz?
Ikki martalab o‘ylab ko‘ring (kuladi). Hozir bu juda raqobatli soha va shunchaki yaxshi musiqa yetarli emas. Mening jamoam bor va ba’zida o‘zimni katta kompaniyaning bosh direktori deb his qilaman. Mening maslahatim – eng yaxshisi o‘z atrofingizga turli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan jamoani to‘plang. Ijodiy jihatga kelsak, ishni ziyofatlarga borish, odamlar bilan tanishish, musiqa to‘plashdan boshlang. Va nihoyat, kontrollerni oling va mashq qiling!
foto ELIF tomonidan taqdim etilgan