Elza Skiaparelli: moda olamining avangard dahosi
Hayrat va syurrealizm

Elza Skiaparelli moda tarixidagi eng yorqin va takrorlanmas shaxslardan biri hisoblanadi. Uning nomi jasorat, tajriba va o‘rnatilgan qoidalarni buzishni anglatadi. Zamondoshlaridan farqli o‘laroq, Skiaparelli san’at va dizayn tutashgan joyda moda yaratdi, uning syurrealistlar bilan hamkorligi esa kolleksiyalarini haqiqiy san’at asarlariga aylantirdi.
Elza 1890-yilda Rimda ziyolilar oilasida tug‘ilgan. U yoshligidanoq san’at va adabiyotga qiziqardi, ammo ota-onasi uning ijodiy intilishlarini ma’qullamasdi. Isyonkor ruhi uni avval Londonga, keyin Parijga yetakladi va u yerda moda olamida o‘z yo‘lini boshladi.

foto: instagram/schiaparelli
“Tromple” kashta tikilgan birinchi sviterlar kolleksiyasi jamoatchilik e’tiborini tortdi. 1927-yilda u o‘z atelyesini ochdi va 1930-yillarga kelib uning moda uyi allaqachon Chanel bilan raqobatlasha boshladi. Kokodan farqli o‘laroq, Elza nafis odmilikka intilmasdi – uning kiyimlari hayratlanarli, g‘oyaviy va g‘ayrioddiy edi.
Skiaparelli syurrealist rassomlar – Salvador Dali, Jan Kokto, Man Rey bilan yaqindan hamkorlik qilardi. Dali bilan birgalikda u ramziy ma’no kasb etadigan narsalarni yaratdi: qisqichbaqa-ko‘ylak, tufli-shapka va skelet-ko‘ylak, bular uning modaga bo‘lgan badiiy qarashini namoyon etardi.

foto: instagram/schiaparelli
Elza uchun eng innovatsion ranglardan biri pushti Shocking Pink tusi bo‘lib, u Elzaning o‘ziga xos rangiga aylandi. 1937-yilda dunyoga “Shocking” atiri taqdim etildi, uning shisha idishi dizayni Mey Uest gavdasidan ilhomlanib yaratilgan edi.
Keyinchalik Schiaparelli uslubi mashhurligini yo‘qotdi – tomoshabinlar Dior o‘zining “New Look”ida taklif qilgan romantik ayollikni xohlashardi. 1954-yilda Moda uyi yopildi va Elza moda olamidan chetlashdi. Biroq uning ta’siri so‘nmadi – XXI asrda Schiaparelli brendi qayta tiklandi va Deniel Rozberri rahbarligida g‘ayrioddiylik va jasorat an’analarini davom ettirmoqda. Zamonaviy kolleksiyalar Elzaning dahosi, syurrealizmga bo‘lgan muhabbati va tajribalarga bo‘lgan ishtiyoqini eslatib turadi.

foto: instagram/schiaparelli
Skiaparelli moda olamini butunlay o‘zgartirdi, uni san’atga aylantirdi va kiyim nafaqat amaliy, balki g‘oyaviy ham bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bugungi kunda Elza Skiaparellining merosi uning go‘zallik haqidagi dadil qarashlaridan ilhom olgan zamonaviy dizaynerlarning ishlarida yashab kelmoqda.