Fashion x Artificial Intelligence
Moda olamida sun’iy intellekt inqilobi

Moda sanoati inqilobni boshdan kechirmoqda — ilgari sohada inson iqtidori, daholigi va ijodkorligi bosh rolni o‘ynagan bo‘lsa, bugun barcha jarayonlarga sun’iy intellekt tobora faolroq kirib kelmoqda. Endilikda u oddiy vosita emas, balki ijodda ham, biznesda ham to‘laqonli hamkor sifatida namoyon bo‘lyapti.
Dizaynerlarning bosh maqsad va vazifasi — tasavvurlarida tug‘iladigan g‘oyalarni hayotga tatbiq etish. Ana shu jarayonda 3D-modellashtirish texnologiyalari va sun’iy intellekt yordamga keladi — ular vaqt va resurslarni tejash imkonini beradi. Bunga yorqin misollardan biri — Hugo Boss, Zara, Mango, Bershka, Pull&bear kabi yirik xalqaro brendlar uchun mahsulotlarni mayda-chuydalarigacha ishlab chiqadigan ko‘makchi CLO 3D dasturidir. Virtual prototip yordamida libosning tayyor holdagi suratini ko‘rish, mato va iplarni tanlash, kamchiliklarni darhol ko‘rib tuzatish, demak chiqindilarni sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Bu esa barqaror moda sari qo‘yilgan muhim qadamlardan biridir. Mazkur texnologiya ayniqsa sport modasida juda foydali bo‘lib, masalan, Nike, Adidas, Lululemon va Puma kabi brendlar uchun keng qo‘llanilmoqda.
https://www.instagram.com/reel/DMTS6Xcu0UC/
3D-modellashtirishdan tashqari, sun’iy intellekt noyob naqshlar yaratishda va rang palitralarini tanlashda ham yordam beradi. Masalan, Kanzler brendi, mahsulotlar va to‘liq to‘plamlarni yaratishda neyrotarmoqda keng foydalanadi. Sun’iy intellekt yordamida brend betakror va o‘ziga xos printlarga ega futbolkalarni ishlab chiqadi.
So‘nggi paytlarda sun’iy intellekt, aniqrog‘i, sun’iy ravishda yaratilgan modellardan reklama maqsadida, jumladan, moda jurnallarining bosma nashrlarida ham foydalanilmoqda. Mazkur holat yuzasidan ko‘plab munozaralar, qizg‘in bahslar yuzaga kelib, jamoatchilik tomonidan tanqidlar bildirilmoqda. Asosiy e’tiroz shundan iboratki, bu tarzda yaratilgan obrazlar odatda haqiqiy hayotga mos kelmaydigan go‘zallik standartlarini aks ettiradi. Bu vizual jihatdan “ideal” qiyofa — benuqson yuz qirralari, nozik qomat, oppoq yuzlar va oq sariq sochlar xilma-xillikni qabul qilish g‘oyasiga zid keladi.
Bir tomondan, bu — texnologiyalar olamidagi yangi bosqich va ijodkorlikning yangicha ko‘rinishidir. Boshqa tomondan esa, sun’iy intellektning yoshlar o‘z tanasini qabul qilishiga va ruhiy salomatligiga ta’siri haqida o‘ylashga majbur qiladi. Shuningdek, bu jarayon body positive harakatining ma’lum darajada ortga chekinishiga sabab bo‘ladi. Jamiyat inson tanasi “ideal” bo‘lishi shart emasligi, u shundayligicha ham go‘zal hamda moda sanoatida talabgir bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrga endigina kelgan bir vaqtda bu albatta achinarli holat.
Yana shunday brendlar borki, inklyuziv yondashuvni izlagan holda sun’iy intellektdan ham faol foydalanadi. Masalan, Levi‘s brendi Lalaland.ai raqamli startapi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi haqida e’lon qildi. Hamkorlikdagi loyihaning maqsadi esa — onlayn-do‘kon saytida sun’iy intellekt asosida yaratilgan modellarni integratsiya qilish. Shunisi ahamiyatliki, ushbu modellar tanasining tuzilishlari, qomati, terisining rangi va yoshi turlicha bo‘ladi. Bu esa xarid jarayonini voqelikka yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

fotо: Instagram / maison.meta
Sun’iy intellekt haqiqatan ham ishlab chiqarishni optimallashtirib, ko‘p jarayonlarni soddalashtira oladi. Shunga qaramay haqiqiy modellar o‘rnini virtual qiyofalar bilan almashtirish qanchalik asosli va adolatli? Bu vaziyatda eng maqbul yondashuv — texnologiyalarni cheklangan miqdorda kiritib, muayyan muvozanatni saqlashdan iboratdir, balki ana shunda shunda sanoatni butunlay “o‘ldirib qo‘ymaslik” mumkin bo‘lar. Axir, sun’iy intellekt va uning imkoniyatlari shiddat bilan rivojlanayotganiga qaramay, moda dunyosi hanuz inson tafakkuri, didi, qarashi, tajribasi va iste’dodisiz to‘laqonli bo‘la olmaydi.

fotо: Instagram / maison.meta
Moda sanoati inson va texnologiya qo‘lni-qo‘lga berib ishlagandagina eng yorqin cho‘qqiga chiqadi. Bunda sun’iy intellekt — yordamchi sifatida jarayonlarni tezlashtiradi, chiqindilarni kamaytiradi va matolarni tanlaydi. Inson esa jarayonga qalbini va didini qo‘shadi, shuningdek texnologiyalarni boshqaradi. Bir qarashda bu oson ishdek ko‘rinadi, lekin aslida — nozik tafsilotlargacha puxta o‘ylashni va modani teran anglashni talab etadigan san’atning o‘zginasidir.