Fazil Say — G‘arb va Sharq o‘rtasidagi g‘ayrioddiy ko‘prik
Improvizatsiya san’ati: turk pianisti mumtoz musiqani qay tarzda qayta idrok etadi
“Agar inson hayotini musiqa va muhabbat bilan to‘ldirsangiz, u sog‘ayishi mumkin”,– deb aytgan edi Bob Marli. Fazil Sayaning musiqasi aynan shunday: yurakni shifolaydigan va qalbni muhabbat chanqog‘iga to‘ldiradigan.
Fazil Say - Motsart va Betxoven asarlarini Turkiyada ommalashtirishga katta hissa qo‘shgan taniqli bastakor, mohir pianinochi. Uning asarlari G‘arb va Sharq o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikka o‘xshaydi, chunki u o‘z vatanining uslubiy, ritmik va folklor ohanglarini uyg‘unlashtirib, ularni asarlariga singdirgan.
30 yil mobaynida Fazil Say o‘zining ajoyib pianinochilik mahoratini namoyish etib, tinglovchilar va musiqa tanqidchilarini hayratda qoldirdi. Uning konsertlari o‘ziga xos samimiylik, ochiqlik va tinglovchilar qalbining eng teran qatlamlariga kirib boradigan hissiy chuqurlik bilan ajralib turadi.
Ehtimol, bastakor Aribert Reymann 1986-yilda Anqaraga tashrifi chog‘ida aynan shu iste’dodni payqagan bo‘lsa kerak. U tasodifan o‘n olti yoshli musiqachining ijrosini eshitib qolib, hamrohi amerikalik pianist Devid Levinni Turkiya poytaxti konservatoriyasiga tashrif buyurishga ko‘ndirdi. “Siz uni albatta eshitishingiz kerak, bu bola iblisday chaladi”,–dedi Reymann.
Fazil Say yuqori lab yorig‘i bilan dunyoga kelgan, natijada onasi Londondagi jarrohlik amaliyotini to‘lash uchun uyini sotishga majbur bo‘lgan. Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, lab mushaklarini rivojlantirish maqsadida unga bolalar nay cholg‘usi sotib olindi.
Musiqaga bo‘lgan muhabbatini Fozil hamisha pianinochi bo‘lishni orzu qilgan otasidan olgan. Yosh pianist musiqa ta’limini Parijda Alfred Kortodan tahsil olgan Mithat Fenmen rahbarligida boshlagan. O‘z shogirdining juda katta iste’dodi borligini tushungan Fenmen pianinoda asosiy mashq va mashg‘ulotlarga kirishishdan oldin kichik pianinochiga kundalik hayotiga tegishli mavzularda har kuni improvizatsiya qilishni topshirdi.
1989-yilda sakkiz yoshli Fazil “Fortepiano menga nima dedi?” asari uchun yosh iste’dodlar tanlovida hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi.
14 yoshida u Anqaradagi Davlat Konservatoriyasining talabasi bo‘ladi. Konservatoriyani tugatgach, uning iste’dodi Devid Levin (David Levine) va Aribert Reyman (Aribert Reimann) tomonidan e’tirof etiladi. Bu holat esa atoqli pianinochiga Dyusseldorfdagi Robert Shuman nomidagi Oliy maktabning (Robert Schumann) fortepiano fakultetida Devid Levin rahbarligida musiqiy ta’lim bosqichini yakunlash imkonini berdi. O‘qishni tugatgach, u bir muddat Berlinda yashab qoladi.
1994 yilda Nyu-Yorkdagi Yosh konsert ijrochilarining xalqaro tanlovida g‘alaba qozonib, u boshqa mukofotlarga yo‘l ochdi, jumladan ECHO Klassik (2001, 2009 va 2013 yillar), Bremer Musikfest-Preis (2008 yil) va Rheingau Musikpreis (2013 yil) hamda boshqa ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Orkestr va yakkaxon ijro uchun ko‘plab asarlar yozgan Fazil Say ko‘pincha klassik musiqaning buyuk vakillaridan ilhom oladi. Masalan, uning Alla Turca Jazz asarida bo‘lgani kabi.
Eng so‘nggi asarlardan biri bo‘lgan "Motsart va Mavlono", solistlar, xor va orkestr uchun yozilgan bo‘lib, o‘zida Motsart musiqa estetikasini mujassam etgan. Unda Sharq va G‘arb musiqiy boyliklari o‘zaro chatishib, tinchlik va insoniylik xabarini aks ettiradi.
G‘arb klassik musiqasining ohanglari XII asr buyuk islom olimi Mavlononing turk tilidagi matnlari bilan uyg‘un tarzda yangraydi. Turk xalq cholg‘ulari ko‘p qatlamli va jozibali tovush tajribasiga hissa qo‘shib, asrlar, mintaqalar va madaniy merosni aql bovar qilmaydigan tarzda uyg‘unlashtiradi. Asar do‘stlik, kelishuv va tinchlik imkoniyatini ramziy ifodalaydi.
“Motsart musiqasi - bu bashariyat musiqasi. Xuddi Mavlono so‘zlari kabi, din va e’tiqodidan qat’i nazar, odamlarni birlashtiradi”, deyfi Fazil Say.
Ziddiyatlar, urushlar va begunoh insonlarning azob-uqubatlari bilan qorong‘ulashgan bugungi dunyoda, Fazil Say asarlari madaniy qarama-qarshiliklarga norozilik sifatida turli sahnalarda yangramoqda. Uning konsertlari, odatda, g‘ayrioddiy bo‘ladi. Uning ijrosi bevosita va maftunkor, ochiq, ammo sodda tarzda namoyon bo‘ladi.
Fazil Say o‘z kitobida shunday yozadi: "Yarim asrlik umr ko‘rgan inson sifatida oilam, rafiqam, jamoam va sodiq do‘stlarim yonimda ekanligidan chuqur minnatdorman. Bosib o‘tgan yo‘limga nazar tashlab, so‘nggi o‘n yilliklardagi voqealar haqida mulohaza yuritaman. Dastlabki 25 yil o‘qish va o‘zlikni anglashga bag‘ishlangan edi. Ustozlarim va oilamning qo‘llab-quvvatlashini samimiyat bilan xotirlayaman. Keyingi 25 yil esa o‘zimni dunyoga tanitishga, prodyuserlik faoliyatini yuritishga va musiqamning e’tirofiga erishishga intilgan jadal o‘zgarishlar davri bo‘ldi”.