FRANKO KORELLI – KUYLAYDIGAN SHAHZODA
XX ASRNI TITRATGAN OVOZ

Muhtasham opera olami qahri qattiq sarkardalar, tilla karnayli jarchilar, fusunkor qirolichalar-u go‘zallikda tengi yo‘q malikalarga benihoya boydir. Ammo qirol zoti oliylari bu bepoyon saltanatda bitta! Shu bugunga qadar jahonni kezgan, buyuk Yer kurrasida dunyoga kelgan har bir odam taniydigan har qanday san’atkor – xoh u pop musiqa qiroli Maykl Jekson bo‘lsin yoki tirikligidayoq “ovoz”ning sinonimiga aylangan Uitney Hyuston – hech kim Enriko Karuzo tatigan, his etgan, ko‘zlari bilan ko‘rgan va qo‘llari bilan ushlagan shuhratni bilmaydi. U musiqa osmonidan joy egallagan har qanday yulduzdan ulkandir.
Dunyo aholisining yarmidan ko‘pi hali grammofonlar borligidan bexabar paytlarda, plastinkalarga eng birinchi bo‘lib Karuzo ovozi yozilgan, uni qirol sanashgan.
Kim o‘ylabdi deysiz, Karuzo vafotidan besh oy burun falak yerliklarga yana bir javohirni tuhfa qiladi deb?.. Operaning beshigini tebratgan italyan xalqi buni munosib qabul qilgan bo‘lsa-da, qirol Karuzo chirog‘ini yoqishda davom etdi. Yangi paydo bo‘lgan daho – Franko Korellini esa operaning shahzodasi, valiahdi deb atadi.
Bu bo‘yi tog‘dek keladigan, ikki o‘mizi ikki gumbazdek ulkan, oyoqlari asov otnikidek baquvvat, qaro quyuq sochli, ohu ko‘z yigit avvaliga atletikaning turfa yo‘nalishlarida o‘zini sinab ko‘rdi. Keyinchalik o‘zi tug‘ilib o‘sgan Bolonya shahridagi muhandislar tayyorlaydigan bilim yurtida o‘qiy boshladi. Ammo yuragidagi tug‘yon, musiqaga tashnalik va oshiqlik uni avvaliga o‘qishni tashlashga, keyinchalik esa konservatoriyada o‘qiydigan do‘stidan xususiy darslar olishga undadi.
Biz yuqorida tilga olgan shahanshoh – Karuzoning — “Haqiqiy san’atkorda muxlisi hali uning qulayotganini payqamay, hali hafsalasi pir bo‘lmay sahnadan ketishga undaydigan vijdon bo‘lishi kerak!”, — degan bir gapi bor edi. Korelli benihoya ulkan iste’dod va favqulodda shu iste’dodga mone vijdon va insonparvarlikka ega edi.
Faoliyatining dastlabki uch yilida o‘zining yunon xudolariga xos tashqi ko‘rinishi sabab tanqidchilarning noxolis tamalari bilan olishdi. Hatto fransuz jurnallarining birida “Balet-u baxmal kursilarda o‘tirgan xonimchalar uyurini jinni qilgan tenor…”, kabi so‘zlar bilan boshlanuvchi maqola ham e’lon qilindi. Ovozining keng imkoniyatlari, eng nozik qirralar-u, eng keskin burilishlarigacha mahorat bilan ishlangan texnikasi orqali Radames (J.Verdi “Aida”), Andre Shenye (U.Jordano “Andre Shenye”), Kanio (R.Leonkavalo “Masxarabozlar”) va Don Xose (J.Bize “Karmen”) kabi obrazlarini sahnada yashab bergach, unga nafaqat o‘zi butun umr intilgan teatrlarning eng buyugi – La Skala, balki Angliyaning Kovent Gardeni hamda Amerikaning Metropolitani ham zarrin eshiklarini ochdi.
60-yillar Franko Korelli dekadasi deya atala boshlandi. Korelli dunyoning eng nufuzli sahnalarida eng murakkab partiyalarni ijro etdi. Shunga qaramasdan, u qirolning “vasiyat”iga xiyonat qilgani yo‘q. Ovozidagi juz’iy o‘zgarish va beqarorlikni sezgach Korelli haqiqiy daholarga xos tarzda, san’ati va mehnatiga hech qanday dog‘ tushirmasdan, muxlislarini norizo qilmasdan sahnani tark etdi.
Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam buyuk tenorning tavallud kuni arafasida kamina shunday degan edi:
“Asrlar dardi, qayg‘usi va nafratini o‘zida olib yurgan toshbag‘ir Turandotning gerdaygan tani faqat sening poying ostida taslim bo‘lishi mumkin edi. Hayotning nurga ziqna kunlarida ko‘z yoshlariga cho‘kkan Liu faqat o‘zing uchun kiprik qoqmay jon bergan.
Sen tog‘-toshsan, bo‘ronsan, momaqaldiroqsan… Sening jaranging yetti iqlimni larzaga keltiradi. Sen buyuklardan bizga meros qolgan tojdor shahzodasan. Oliy jamiyatning har bir a’zosi umrining har bir kunida senga atab alqov o‘qiydi. Ming-minglab qalblar sening diydoring orzusida iztirob chekadi, sendan keyin taxtga da’vo qilganlarga la’nat aytadi. Men aytaman!..
Sukut ila sahnani tark etib, shu qadar baland ovozli hikmat qoldirish mumkinmi? Iloji bor ekan-da!.. Bunga shohid bo‘lib seni sevmay bo‘larmidi?
Seni shu sanada bizga tuhfa etgan volidangga shon-sharaflar bo‘lsin!”
Bugun Korelli oramizda yo‘q – hayotning eng achchiq hikmati shu! Lekin uning ovozi muhrlangan tasmalar va vinillar bugungi kunda sahnaga qadam qo‘yganlarga soya solmoqda. “Yangilar”ning hech biri hali quyosh nuri nima ekanligini chindan ham bilmaydi – ular soyadagi iliqlikdan o‘zlariga haykal yasashmoqda.
Qadrli do‘stlar, muhtarama mushtariylar, o‘ylaymizki, siz uchun Korelli ijodi juda qiziqarli bo‘ladi. 8-aprel – Franko Korelli tavalludining 104 yilligiga bag‘ishlab u ijro etgan eng sara asarlardan bir nechtasini sizga havola etmoqchimiz. Marhamat, zavq oling:
Foto: Franco Corelli info center