Fransiya ramzi — betakror Mirey Matye
Nafaqat ovozi, balki soch turmagidan ham ko‘zga iliq ayol

Shunday odamlar borki, ularni hech kim bilan adashtirib bo‘lmaydi, hatto juda xohlasang ham. Ular o‘ziga xoslikning timsoli hisoblanadi. Mirey Matye ham, shubhasiz, ana shunday shaxslar qatoriga kiradi.
Butun dunyo bo‘ylab 120 milliondan ortiq kompakt-disklar sotgan Mirey, haqli ravishda Fransiyaning eng taniqli qo‘shiqchilaridan biri sanaladi — u shanson nafosati va har qanday chegarani zabt etuvchi ovozning ramzidir. Uning nomi mamlakatning boshqa madaniy ramzlari –Parijdagi Bibi Maryam ibodatxonasi, Eyfel minorasi, Zafar arkasi bilan chambarchas bog‘liq.

Suratlar: Instagram / mireillemathieuofficiel
Oddiy g‘isht teruvchining qizi Mirey Matye 1946-yil 22-iyulda Fransiya Voklyuzining qoq markazidagi go‘zal Avinyon shahrida tug‘ilgan. O‘n to‘rt farzandning to‘ng‘ichi yoshligidanoq muhtojlik nimaligini bilardi, ammo orzular hatto eng og‘ir kunlarni ham yorita olishini anglab yetdi. Uning o‘yinchoqlari bo‘lmasa-da, zerikmasdi: ukalari va singillari unga qo‘g‘irchoq teatrining o‘rnini bosardi.
Qizning o‘qishi qiyin kechdi va bunga ko‘p jihatdan uning birinchi o‘qituvchisi sababchi edi. Mireyni chap qo‘li bilan emas, o‘ng qo‘li bilan yozishga o‘rgatmoqchi bo‘lib, o‘qituvchi qo‘liga chizg‘ich bilan urishgacha borgan qattiq usullarni qo‘lladi. Bu og‘riqli tajriba uzoq vaqt davomida qizning maktabga bo‘lgan qiziqishini so‘ndirdi.
13 yoshida Mirey o‘qishni istamagani uchun karton fabrikasida ishlay boshladi. Ammo ko‘p o‘tmay korxona yopildi va u yozgi yoshlar oromgohiga joylashdi. Aynan shu davrda uning hayotiga bir lo‘li ayol kirib keldi. U yosh Mireyga shon-shuhrat, sahna va qo‘shiqchilik karyerasini bashorat qildi. O‘shanda qizcha beparvolik bilan jilmayib qo‘ya qoldi, so‘zlarga katta ahamiyat bermadi. Biroq bu bashorat rost bo‘lib chiqdi — uning ovozini haqiqatan ham tez orada butun Fransiya eshitdi.
Mirey 15 yoshga to‘lganida, oilasi besh xonali yangi davlat kvartirasiga ko‘chib o‘tdi — bu avvalgi torlikdan so‘ng tasavvur etib bo‘lmas hashamat edi. Ular hatto vannaxonaga ham ega bo‘lishdi, bu o‘sha paytlarda chinakam yutuq hisoblanardi.
Mireyning taqdirida otasining o‘rni alohida edi. G‘isht teruvchi bo‘lishiga qaramay, u ajoyib ovoz sohibi bo‘lib, bolalarini yoshligidanoq musiqaga oshno qilgan.
Mirey cherkov xorida qo‘shiq ayta boshladi va o‘shandan beri sahnani orzu qilardi. Edit Piafning ovozini ilk bor eshitgach, barcha narsa o‘zgarib ketdi. Shundan so‘ng buyuk xonandaning barcha qo‘shiqlarini yodlab oldi.
Qizining iste’dodiga ishongan ota bir kuni oxirgi jamg‘argan pulini olib, uni musiqa tanloviga yubordi. Birinchisi — muvaffaqiyatsiz. Ikkinchisi ham. Ammo uchinchi urinishda qat’iyatlilik o‘z natijasini berdi: Mirey g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng Avinon merining o‘zi uni televizion ko‘rsatuvda qatnashish uchun Parijga jo‘natdi. Bu chinakam ertakning boshlanishi edi.

Suratlar: Instagram / mireillemathieuofficiel
Tomoshada uni prodyuser Jonni Stark payqab qoldi. U nozikkina qizda kelajak yulduzini darhol ilg‘adi. Uning rahnamoligida, eng sara ustozlar qurshovida Mirey Mate yuksak cho‘qqilar sari shiddatli yo‘lini boshladi. Ko‘p o‘tmay u Fransiyaning vaqt va chegaralar bo‘ysundira olmaydigan ovoziga aylandi. Faoliyatining ilk davrida Mirey o‘zining provansal talaffuzi tomoshabinlarni bezovta qilishidan xavotirda edi. Biroq bunday bo‘lmadi, chunki u juda ko‘p mashq qildi. Qo‘shiq aytganda, u har bir talaffuz etilgan tovushni alohida ta’kidlashga intilardi. Stark Mirey Mateni nafaqat mashhur xonandaga, balki uni jahon miqyosidagi pop-yulduzga ham aylantirdi.