G‘ayrioddiy aql: Virjiniya Vulfni o‘qishning ahamiyati nimada?

Turkiyalik ingliz adabiyoti professori bilan Virjiniya Vulf haqida suhbat

Foto: Instagram / nikoletasekulovic

Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ELLE O‘zbekiston tahririyati XX asrning eng mashhur yozuvchilaridan biri – Virjiniya Vulfni xotirlashga qaror qildi. Uning ijodi ayollar huquqlari va o‘zini namoyon etish uchun kurashning ramziga aylandi, ayolning jamiyat va adabiyotdagi o‘rni haqidagi ilg‘or g‘oyalari esa butun avlodlarni ilhomlantirmoqda. Biz Turkiyada Vulfni o‘rganish sohasining asoschisi, Vulf san’at arxivi (Woolf Arts Archive) tashkilotchisi, uning asarlari tarjimoni, shuningdek, Xalqaro Virjiniya Vulf uyushmasi boshqaruvi a’zosi, ingliz adabiyoti professori Mine Ozyurt Kilich bilan suhbatlashdik.

Foto: Mine Ozyurt Kilich, Turkiyada Vulf ijodini o‘rganish bo‘yicha kashshof

ELLE: Virjiniya Vulf ijodida sizni nima o‘ziga tortadi?

Virjiniya Vulf meni nafaqat janrlar orasida erkin harakat qila oladigan iste’dodli ijodkor sifatida, balki chuqur tarixiylik tuyg‘usi, an’anaga hurmat va o‘z zamonasini teran anglashi tufayli ham o‘ziga jalb etdi. Bu xususiyatlar uni serqirra va ziyrak qiladi. Vulf jamiyatda o‘z o‘rnini aniq anglagan ayol – muayyan davrda yashayotgan yozuvchi va mutafakkir edi. Aynan shu xususiyatlari uni kelajak tendensiyalarini oldindan ko‘ra oladigan, uzoqni ko‘zlay oladigan inson deb hisoblashga asos bo‘ladi.

Yoshligimda an’anaviy jamiyatning cheklovlariga duch kelib, o‘zimni anglashga intilgan paytimda, Virjiniya Vulf asarlaridan nafaqat intellektual ozuqa, balki erkinlikka yo‘l-yo‘riq ham topdim.

Uning asarlarida men, shubhasiz, nafaqat ayol dunyosida, balki butun insoniyat hayotida o‘zlikni va mavjudlikni izlash haqidagi teran savollarni uchratdim. Yillar davomida uning hikoyalari, romanlari, kundaliklari va xatlarini, shuningdek, yoshligidanoq yoza boshlagan esselerini o‘qib, Vulf har safar ongimda yangidan shakllanadigan shaxs sifatida men bilan birga yashashda davom etmoqda.

Urushning halokatli oqibatlarini boshidan kechirgan qahramon ayol yangi urushning muqarrarligini oldindan ko‘rib, unga qarshi tura olmasligiga ishonch hosil qilgandi. Adibaning hayot bilan vidolashishga qaror qilishi menda chuqur taassurot qoldirdi va o‘ylashga undadi.

Ishonchim komilki, maysalardagi mitti shilliqqurtni ham, ko‘zgudagi o‘z aksini ham, global mojarolarni ham sezgirlik va e’tibor bilan idrok eta oladigan inson har bir so‘zida dunyoga, inson borlig‘ining mohiyatiga murojaat qilish istagini mujassam etadi. U o‘z ovozini topa olmagan va eshitilmaydiganlar uchun boshpana bo‘lishi kerak bo‘lgan makonni yaratadi. Bunda uning adabiy va xalqaro madaniy ta’siri namoyon bo‘ladi. Virjiniyani o‘qishdan hech qachon charchamasligimni tushunib yetdim!

Foto: Harvard Theatre Collection, Houghton Library

ELLE: Uning ijodi bilan ilk bor qanday tanishgansiz va u sizda qanday taassurot qoldirgan?

Men Vulf bilan 1987-yilda, yoshligimda, o‘zligimni anglash va hayotiy savollarga javob izlash jarayonida tanishganman. O‘sha yillar so‘qmoqlarda adashgan qalbni izlashga o‘xshardi; men ichki inqirozni boshdan kechirar va ayni paytda o‘z makonimni yaratish uchun kurashardim. “Shaxsiy xona”ni qo‘lga kiritganimda, uning so‘zlari meni xuddi do‘stimday o‘rab oldi: “Ayollik himoyalangan kasb bo‘lishni to‘xtatsa, hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin”.

O‘sha lahzada Vulf menga o‘zi ko‘rsatgan ozodlik yo‘lida mayoq bo‘lib xizmat qilganini angladim.

Uilyam Shekspir singari buyuk insonlarning teatrga qiziqadigan, yozuvchilik kasbini orzu qilgan, ammo uni amalga oshira olmagan singlisi bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylay boshladim. Vulf cheklangan imkoniyatlarning adolatsizligini shunchalik ishonarli tasvirlaganki, u bilan birga men ham o‘ylashga majbur bo‘ldim: nima uchun biz uy yumushlariga – ovqat tayyorlash, kir yuvish, tozalashga, aka-ukalarimiz va otalarimizning ehtiyojlariga xizmat qilishga sarflaydigan vaqtni o‘qishga yoki bizga qoniqish, rivojlanish keltirishi mumkin bo‘lgan boshqa sevimli ishga bag‘ishlay olmaymiz.

Boshqacha aytganda, u men uchun nafaqat ibrat olmoqchi bo‘lgan adabiy siymo, balki o‘zligimni anglash yo‘lidagi ustoz ham edi. Vulf menga shaxsiy va kasbiy yo‘limni chuqurroq tushunishga yordam berdi.

ELLE: Vulf asarlarining qaysi asosiy mavzulari bugungi kunda eng dolzarb deb o‘ylaysiz?

Ayollik, o‘ziga xoslik, ozodlik, ruhiy va ma’naviy salomatlik, xotiralar va biz yashayotgan lahzalarni anglash mavzulari. Xususan, xotin-qizlarning gender stereotiplarga qarshi kurashi va o‘zmakonini yaratish zarurati bugungi kunning eng muhim mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda.

1929-yilda nashr etilgan “Shaxsiy xona” kitobida ilgari surilgan g‘oyalar hamon dolzarbdir. Erkaklar o‘zlarini muvaffaqiyatli va kuchli his qilishlari uchun zaif ayollarni ko‘rishlari osonligi, ayollar o‘zlarining “burchi” hisoblangan ishdan vaqt topgandagina ijodiy qobiliyatlarini ishga solishlari va professional asarlar yaratishlari mumkinligi haqidagi fikrlar bugun ham muhimdir. Ayollarning ta’lim va tajribaga ega bo‘lish imkoniyati xuddi shu ijtimoiy va iqtisodiy qatlamdagi erkaklarga qaraganda pastligicha qolmoqda va bu deyarli 100 yil o‘tgan bo‘lsa-da, biz hali ham o‘ylayotgan, yechim izlayotgan masaladir.  Vulfning bu muammolarni chuqur tushunishi zamonaviy yozuvchilarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Foto Woolf Arts Archive tomonidan taqdim etilgan, Tug‘ba Chanakchi dizayni

ELLE: Vulfning ayollik va feminizm haqidagi qarashlarini qanday tushunasiz?

Men Vulfning feministik nuqtayi nazarini ayollarni ham aqliy, ham moddiy erkinlikka erishishga aniq da’vat sifatida ko‘raman. Bu nafaqat nazariy yondashuv, balki hayotga amaliy qo‘llanma hamdir.

U o‘z asarlarida ayollar mavjud bo‘lishi uchun o‘z makonini yaratishi zarurligini tushuntiradi va romanlarida ayollarning ichki dunyosini, ularning o‘ziga va dunyoga bo‘lgan munosabatini ochib beradi. U buni birinchi “Voyage Out” romanidan boshlab, umrining oxirigacha yozilgan “Orlando”, “Missis Dellouey”, “Mayoqqa qarab”, “Uch gvineya”, shuningdek, “Pardalar orasida” asarlarida amalga oshiradi.

Biz uni bu sohada o‘z fikrlarini chuqurlashtirgan faylasuf deb hisoblashimiz mumkin.

 

ELLE: Vulfning yozuvchilik uslubi haqida qanday fikrdasiz? Uning o‘ziga xosligi nimada?

U juda muhim savolni ko‘taradi! Qoliplangan iboralar, ma’lum shakllar, an’ana bizga buyurgan usullarda yozish zulmdek hayotdan mahrum emasmi? U o‘zining “Zamonaviy fantastika” essesida bu savolga dadillik bilan javob beradi va romannavis, yozuvchi o‘z ongi hamda qalamini ozod qilishi kerakligini ta’kidlaydi. U nafaqat tashqi, balki ichki voqelikka ham e’tibor qaratishi lozim, chunki hayot murakkab, betakror va dinamik, doimo o‘zgarib turadigan, o‘z idrokini kutayotgan tirik organizmdir. Agar biz buni unutsak, yozganlarimiz jonsiz narsadan farq qilmay qoladi.

ELLE: Virjiniya Vulf zamonaviy adabiyotga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Virjiniya Vulf modernistik adabiyotning shakllanishida inqilob qilgan nomdir. Uning ong oqimi texnikasidan foydalanishi, voqelik chegaralarini yorib o‘tishi zamonaviy yozuvchi va san’atkorlar ijodida yangicha qarashlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Vulf asarlari nafaqat rassomlar, olimlar va yozuvchilarni ilhomlantiradi, balki ularning dunyoqarashini ham o‘zgartiradi. Uning ta’siri nafaqat g‘oyalar va uslubda namoyon bo‘ladi; uning ko‘plab asarlari qayta yozilib, boshqa janrlarga moslashtirilgan, shu bois u hamon tirikdek.

Foto: Hulton Archive

ELLE: Zamonaviy yozuvchilar orasida uning asarlaridan ilhomlanganlar bormi?

Virjiniya Vulf ko‘plab zamonaviy yozuvchilarning ijodiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Klarissa Lispektor, Anjela Karter va Janet Uinterson kabi yozuvchilar uning feministik g‘oyalari va psixologik teranligini o‘z asarlarida qayta ko‘rib chiqdilar, rivojlantirdilar.

Turk yozuvchilari Erendiz Atasu, Tomris Uyar, Tezer O‘zlu va Sevgi Soysal ham Virjiniya Vulfning uslubiy usullaridan, shuningdek, uning ayol shaxsiyatini chuqur tahlil qilishidan ilhomlanishgan.

Yozuvchi Ertug‘ Ujar Vulf bolaligi o‘tgan Godrevi mayog‘iga tashrif buyurib, me’mor sifatida mayoqlarni ta’mirlash loyihasi ustida ishlayotganda, o‘zining ijodiy uslubi va dunyoqarashini qayta ko‘rib chiqdi.  Bu tajriba natijasida u “Vulf izidan” kitobini yaratdi.

Voqealar qisman Istanbulda kechgan Vulfning “Orlando” asarining zamonaviy talqini bo‘lgan Meggi Gining “Virjiniya Vulf Manxettenda” romanini ham shu doirada ko‘rib chiqish mumkin.

Bunga Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Amerika kabi turli mamlakatlardan turli janrlarda ko‘plab misollar keltirish mumkin. Men joriy yilning sentyabr oyida nashr etiladigan “Virjiniya Vulf va transmilliy istiqbollar bo‘yicha Edinburg qo‘llanmasi” nomli kitobni nashrga tayyorlayapman.

Vulf matnlari nafaqat adabiyotda, balki zamonaviy rassomlarning asarlarida, shuningdek, san’atning boshqa turlarida ham qayta talqin qilingan. Men asos solgan “Woolf Arts Archive” raqamli arxivida uning g‘oyalari kino, teatr, raqs, tasviriy san’at va musiqa kabi turli san’at turlarida qanday qayta ishlangani kuzatish juda qiziqarli. Uning asarlari va g‘oyalari xalqaro miqyosda qanday katta ta’sir ko‘rsatganini kuzatish, biz haqiqatan ham daho bilan ish ko‘rayotganimizni tasdiqlaydi.

Foto: Vikipediya, Godrevi mayaki

ELLE: Vulf asarlaridan sizga alohida ta’sir ko‘rsatgan sevimli iqtiboslar yoki fikrlar bormi?

“Agar ayol badiiy asar yozmoqchi bo‘lsa, uning moliyaviy erkinligi va o‘z xonasi bo‘lishi kerak”, – bu ibora men uchun yo‘lko‘rsatkich bo‘ldi.

ELLE: Virjiniya Vulf ijodiga qaratilgan tanqidlarga qanday qaraysiz? Siz ularga qo‘shilasizmi?

Vulfga qaratilgan tanqid odatda uning mavhum va murakkab yozish uslubiga tegishli. Biroq bu murakkablik aslida ijodiy tafakkur hamda badiiy erkinlikdan dalolat beradi.

Uning matnlarining teranligiga ichki sayohatni boshlash, o‘quvchini tajribaviy fikrlashga undash, uni yangi ufqlarga yetaklash maqsad qilib qo‘yilgan. Ammo ba’zida bunga tayyor bo‘lmasligimiz mumkin.  Bizga yengilroq, aniqroq, tayyor, boshi va oxiri ma’lum bo‘lgan hikoyalarni o‘qish qulayroq tuyuladi. Boshqa narsalar singari, bu kitobxonlik afzalliklari ham hayotimizni boyroq yoki oddiyroq qiladi. Menimcha, adabiy tanqidchilik Virjiniya Vulf asarlarining murakkab, ko‘p qirrali, o‘quvchini mushohada qilishga undaydigan tuzilishini yetarlicha chuqur tahlil qilmayapti.

Maqolani baham ko'ring

Related articles