G‘azablanish uyat emas
Nima uchun “salbiy” emotsiyalarni his qilish muhim?

Ko‘pchiligimiz g‘azablanish yomon degan fikr bilan ulg‘ayganmiz. Bolalikdan bizga “baqirmaslik”, “jahli qilmaslik", “yaxshi bo‘lish” va ichimizda g‘azab qaynasa ham, kulib turish o‘rgatilgan. Natijada, katta bo‘lganimizda g‘azab, ayniqsa, ayollar uchun uyatli va nomaqbul hissiyot sifatida qabul qilina boshlandi. Ammo aslida g‘azab vayron qiluvchi kuch emas, balki e’tiborsiz qoldirish mumkin bo‘lmagan muhim signaldir.
ELLE O‘zbekiston tahririyati “yomon” hissiyotlar yo‘qligi va g‘azabingiz sizga nima demoqchi ekanligi haqida so‘zlab beradi.
Hissiyotlar tabiati
Hissiyotlar zaiflik yoki to‘siq emas, balki qadimdan beri hayvonlar va odamlarga yashab qolish va moslashishga yordam bergan evolyutsion mexanizmdir. Odamlarda hissiyotlar hayvonlardagiga qaraganda murakkab tuzilgan, ammo asosi o‘zgarishsiz qolgan. Masalan, qo‘rquv xavf haqida ogohlantiradi, xavotir noaniqlikka tayyorlanishga undaydi, g‘azab esa chegaralarni himoya qiladi va adolatsizlikni ko‘rsatadi. Hissiyotlarning ahamiyati fiziologik jihatdan ham tasdiqlanadi, chunki inson miyasida hissiyotlar uchun turli tuzilmalar mas’uldir – masalan, qo‘rquv hissi uchun bodomsimon tana javobgar, g‘azab esa gipotalamus, prefrontal po‘stloq va boshqa tuzilmalar tomonidan boshqariladi.
Biz boshdan kechirayotgan har bir hissiyot muhim vazifani bajaradi va hissiyotlarning asosiy vazifasi bizni ehtimoliy tahdid va xavf-xatarlardan himoya qilishdir. Hissiyotlarni bostirib, ularni boshdan kechirishga yo‘l qo‘ymaslik orqali o‘zimiz bilan aloqani yo‘qotamiz. O‘z hissiyotlarini tushunish va qabul qilish tartibsizlikka emas, balki ichki uyg‘unlik va ruhiy barqarorlikka olib boruvchi qadamdir.
G‘azabning ehtimoliy sabablari
Ba’zan g‘azab “noto‘g‘ri” his-tuyg‘u sifatida qabul qilinishi mumkin va biz ko‘pincha sharoitlardan, boshqa odamlardan yoki hatto o‘zimizdan g‘azablanganimizda uyalamiz. Biroq, shuni tushunish muhimki, me’yorida g‘azab sababsiz paydo bo‘lmaydi. G‘azab – organizmimizning xavfsizligimizga tahdid solayotgan hodisa haqidagi signalidir. Biz adolatsizlikka duch kelganimizda, chegaralarimiz buzilganda yoki og‘riq his qilganimizda g‘azablanamiz. Ba’zida g‘azab yanada murakkab his-tuyg‘ularning – g‘amginlik, xafa bo‘lish, ojizlikning belgisi bo‘lishi mumkin.
Masalan, bizga beodoblik bilan savollar berilganda yoki biz so‘ramaganimizda ham xatti-harakatlarimiz va tashqi ko‘rinishimiz haqida izohlar berilganda g‘azablanamiz. Bu shaxsiy hududimizga bostirib kirishga nisbatan to‘la tabiiy reaksiya bo‘lib, bunday vaziyatlarda g‘azab hissi bizga o‘zimizga nisbatan bunday munosabatga chidashga tayyor emasligimizni anglatadi.
G‘azab bizni yomon qilib qo‘ymaydi – aksincha, u nimadir noto‘g‘ri ketayotganini payqashga yordam beradi va o‘zimizni himoya qilish uchun kuch beradi. Muhimi, bu his-tuyg‘uni bostirmasdan, u bizga nima demoqchi ekanligini eshitishni o‘rganishdir.
G‘azablanishni ekologik yashash usullari
Bugungi kunda psixologlar g‘azabni to‘g‘ri ifoda etish muhimligi haqida tobora ko‘proq gapirayotgan bo‘lsa-da, bu masalaning ekologik jihati hali ham ochiq qolmoqda. Bu esa hissiyotlarning buzg‘unchi tarzda namoyon bo‘lishiga olib keladi, chunki odamlar o‘z shaxsiy chegaralarini himoya qilish uchun boshqalarning chegaralarini ongli yoki ongsiz ravishda buzishni boshlaydilar. G‘azabni noto‘g‘ri ifoda etish va o‘zini himoya qilishga urinish ko‘pincha asossiz haqoratlar va atrofdagilarga nisbatan zaharli munosabatda namoyon bo‘ladi. Bunday xatti-harakatlar, albatta, hissiyotlarni ongli ravishda boshqarishdan yiroq bo‘lib, nafaqat boshqalarga, balki bunday yo‘lni tanlagan odamning o‘ziga ham zarar yetkazadi.
Shuni tushunish muhimki, o‘z chegaralarini himoya qilish boshqalarning chegaralarini buzishga sabab bo‘lmasligi kerak. O‘zingizga yoki boshqalarga zarar yetkazmasdan, g‘azabni to‘g‘ri ifoda etishga yordam beradigan bir nechta oddiy qadamlar mavjud:
- G‘azabni tan olish. O‘zingizga “men g‘azablanyapman”, deb aytish zo‘riqishni kamaytirishga yordam beradi. Hissiyotlarni so‘z bilan ifodalash va tushunish miyaning ratsional mexanizmlarini ishga tushiradi.
- O‘zingizni his qilishga ruxsat bering. G‘azab yomon hissiyot emas, u shunchaki signal. G‘azabingizning sababini tushunishga harakat qiling va uning mavjudligiga imkon bering.
- Harakat qiling. Bu oddiy tuyulishi mumkin, ammo sayr qilish, yugurish, raqsga tushish, yostiqqa urish yoki jismoniy mashqlar juda foydali bo‘lishi mumkin. Bunday faollik shakllari tanaga to‘plangan zo‘riqishni yumshatish va g‘azab paytida ajralib chiqqan stress gormonlari hamda adrenalinni qayta ishlash imkonini beradi.
- Chuqur va sekin nafas oling. Sekinlashgan nafas olish asab tizimini tinchlantiradi va reaksiya kuchini pasaytiradi. Yanada kuchliroq ta’sir uchun ongli nafas olish texnikasi bilan tanishish yoki meditatsiya bilan shug‘ullanish mumkin.
- His-tuyg‘ularingizni ifoda eting. “Men g‘azablanyapman, chunki…”, “Men hozir g‘azablanyapman, chunki bu sodir bo‘ldi…” kabi iboralar bilan his-tuyg‘ularingizni ifodalang va buni ovoz chiqarib aytishga harakat qiling. Muhimi, so‘zlaringiz ayblov sifatida emas, balki aynan sizning kechinmalaringizni tasvirlashi kerak (masalan, “ular meni g‘azablantirdi” emas, balki “men g‘azablanyapman, chunki…”).
- Chegaralar haqida gapiring. Aynan sizga nima ta’sir qilganini va kelajakda nimani kutayotganingizni xotirjamlik bilan tushuntirish – tajovuzsiz o‘zingizni himoya qilishning muhim ko‘nikmasidir. Ammo bu holatda suhbatdoshingiz sizni tinglashga tayyor bo‘lishi muhim.
- Baqiring (lekin xavfsiz joyda). Masalan, yostiqqa, mashinada yoki o‘zingizni qulay his qiladigan har qanday kimsasiz joyda. Bu g‘azabni odamlarga yo‘naltirmasdan “bug‘ni chiqarishga” yordam beradi. Vokal bilan shug‘ullanish yoki konsertga borish ham juda yaxshi yordam beradi, u yerda sevimli qo‘shiqlarni baland ovozda kuylash va shu bilan birga to‘plangan his-tuyg‘ularni chiqarib tashlash mumkin.
- Chizing, yasang, ijod qiling. G‘azabni ijodga yo‘naltirish – energiyani o‘zgartirishning kuchli usuli. Psixologiyada bu mexanizm sublimatsiya deb ataladi – bunda jamiyat tomonidan qoralanuvchi his-tuyg‘ular ijodkorlik orqali ifodalanadi.
- Yordam so‘rang. Psixologga murojaat qiling yoki sizni ayblamaydigan odamlar bilan suhbatlashing. Ba’zida yaqinlaringizning qo‘llab-quvvatlovchi so‘zlari g‘azabni boshqa usullarga qaraganda samaraliroq yengishga yordam beradi. Sizni tinglashlari va borligingizcha qabul qilishlari muhim.
- Mutaxassis yordamiga murojaat qiling. Agar g‘azab ustingizdan g‘olib kelayotganini va uni yengishga hech narsa yordam bermayotganini his qilsangiz, tez-tez keyin afsus qiladigan buzg‘unchi xatti-harakatlarni tanlayotgan bo‘lsangiz (masalan, boshqalarga baqirsangiz yoki o‘zingizga zarar yetkazsangiz) – tezroq psixologga murojaat qiling. Buning uyatli joyi yo‘q, chunki ba’zida his-tuyg‘ularni uzoq vaqt davomida bostirganimizda va o‘zimizga yetarli vaqt ajratmaganimizda, qulay holatga qaytish qiyin bo‘ladi. Asosiysi, bu holatda vaqtni cho‘zmasdan tezroq yordam so‘rash kerak.