Hamohanglik va sakinat izlab
Yoga va meditatsiyaning zamonaviy inson hayotidagi o‘rni
Kundalik shovqin-so‘ronli hayotimizda ruhiy uyg‘unlik va tinchlikni istash nafaqat yangi tendensiya, balki eng muhim ehtiyojga aylanmoqda. Tanamizning ana shunday holatga kelishini esa yoga va meditatsiya amaliyotlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Tana va ruh darajasida
Yoga sanskrit tilidan olingan bo‘lib, “birlik, ulanish” deb tarjima qilinadi. U eng qadimgi falsafalardan biri bo‘lib, bugungi kunda ko‘pchilik uchun hayot tarziga aylanmoqda. Amaliyotning farqli jihati shundaki, u insonga o‘zini tashqi va ichki tomondan anglashga yordam beradi.
Amaliyot vaqtida qo‘llaniladigan harakatlar (pozalar) “asanalar” deb nomlanadi. Har bir asana tanani ma’lum bir qismini ishlab chiqishga va tanada ma’lum bir holatga erishishga qaratilgan. Masalan: og‘riqni yengillashtiruvchi, vazn yo‘qotuvchi, organizmni tozalovchi va ayollar salomatligini normal holatda ushlab turishga qaratilgan asanalar bor.
Hozir va shu yerda
Aqliy mashqlar yoki meditatsiya bu – diqqatni jamlashga va fikrlarni tinchlantirishga qaratilgan maxsus mashqlar. Ushbu mashqlar tanani bo‘shashtiradi, ongni tozalaydi va anglash darajasini oshiradi. Meditatsiyaning asosiy maqsadi shuki, shu yerning o‘zida bo‘lish, o‘tmish haqida o‘ylamaslik va kelajak haqida qayg‘urmaslikdir.
Kundalik meditatsiya insonga stress va tashvishlarni yaxshiroq yengishga yordam beradi. Aqliy mashg‘ulotlar paytida nafas olishga yoki tovushga e’tibor qaratish lozim. Shunda diqqat markazi kerakmas xayollardan tanani bo‘shashtirishga olib keladi. Meditatsiyada aniq qoidalar yo‘q, amaliyotni guruhda yoki yolg‘iz, o‘tirgan yoki yotgan holatda, musiqa ostida yoki jimjitlikda o‘tish mumkin.
Nimadan boshlash kerak?
Oson va yengilidan boshlang. Masalan: ertalab bir necha asanalarni bajaring va kechqurun bir necha daqiqalarni meditatsiyaga bag‘ishlang. Tuyg‘ular va ehtiyojlardan kelib chiqib, hajmlarni oshiring. Boshida amaliyotlar qiyin yoki keraksiz tuyulishi mumkin, ammo siz o‘zingizni jarayonga topshiring. Hayotning boshqa sohalarida bo‘lgani kabi, natijaga erishish uchun intizom, sabr-toqat va muntazamlik zarur. Shunda siz o‘zingizni va tanangizni tushunishni boshlaysiz va ichki muvozanat va xotirjamlikka erishasiz.