Ichki qahramoningizni toping

Yung arxetiplari

Qadimiy arxetiplar, azaliy namunalar borki, ular asosida bizning ichki dunyomiz va madaniy afsonalarimiz quriladi. Ular yunoncha “arxetip” so‘zidan kelib chiqqan – “arxe” (asos) va “tipos” (nusxa, namuna).

 Arxetiplar haqidagi dastlabki tushuncha Platonning “G‘oyalar”ida – mukammal va o‘zgarmas shakllar sifatida paydo bo‘lgan. Biroq, uning zamonaviy ma’nosini shveysariyalik ruhshunos Karl Gustav Yungga qarzdormiz. Uning nazariyasiga ko‘ra, arxetiplar – bu jamoaviy ongsizlikda yashovchi universal obrazlar va xulq-atvor namunalaridir. Bular go‘yo biz hayotimizni yashayotgan ichki qahramonlar yoki rollardir. Har bir arxetip insonning chuqur intilishlarini – muhabbat, hokimiyat, erkinlik, bilimga bo‘lgan ishtiyoqni aks ettiradi.

Bugungi kunda ko‘pchilik psixologiyaga murojaat qilib, o‘zlaridan javob izlayotgan va an’anaviy rollarni qayta idrok etayotgan bir paytda, arxetiplar o‘zini anglashning kuchli vositasiga aylanmoqda. Ular kuchli tomonlarimizni yaxshiroq bilishga va dunyoga nima uchun aynan shunday munosabatda bo‘lishimizni tushunishga yordam beradi. 

Bolalikdan boshlab biz turli hikoyalar, rollar va misollarni o‘zlashtiramiz, bu esa asta-sekin ichimizda yetakchi arxetipni shakllantiradi. Bu arxetip asosimizga aylanadi: u qanday sevishimiz, karyera qurishimiz, do‘stlashishimiz, dam olishimiz va orzu qilishimizga ta’sir ko‘rsatadi. Har kim o‘zini bitta yoki bir nechta obrazda taniy olishi mumkin, lekin shuni yodda tutish kerakki, arxetiplarni ochish, rivojlantirish va uyg‘otish mumkin hamda zarur - hayot bosqichi, maqsadlar va vaziyatga qarab. Bu har bir ayolga ko‘p qirrali bo‘lish imkonini beradi.

Yung bizning ruhiy voqeligimizni tashkil etuvchi asosiy tuzilmaviy arxetiplarni quyidagicha tasvirlagan:

Soya – bu bizdagi barcha bostirilgan va “noqulay” jihatlar: qo‘rquv, hasad, tajovuzkorlik. Biz ko‘pincha inkor etadigan, ammo bizga nisbatan ulkan ta’sirga ega bo‘lgan narsalardir. 

Anima va Animus ichki ayollik va erkaklik negizlarimizdir. Ayollarda bu ongsiz erkak timsoli (Animus), erkaklarda esa ayol timsoli (Anima) bo‘ladi.

 Shaxsiyat – bu dunyoga “mos kelish” uchun taqib oladigan niqobimizdir. Bu ko‘pincha ichki mohiyatimizga mos kelmaydigan ijtimoiy qiyofadir.

Bundan tashqari, Yung afsonalar, tushlar, san’at va, albatta, xatti-harakatlarimizni shakllantiradigan eng muhim arxetipik obrazlarni ajratib ko‘rsatgan:

  • Ona – shartisiz sevgi, g‘amxo‘rlik, hayot boshlanishi ramzi;
  • Ota – tartib, tuzilma, intizom arxetipi;
  • Qahramon – qiyinchiliklarni yengib, kurashib maqsadga erishish yo‘li;
  • Donishmand – bilim, sezgi va botiniy idrok manbai;
  • Hiylagar – qoidalarni buzib, yangi yo‘llar ochuvchi buzg‘unchi.

O‘zingizdagi faol arxetiplarni anglash uchun kundalik rollaringiz, munosabatlaringiz va istaklaringizga e’tibor bering. Hozirgi paytda sizni nima harakatga undaydi: g‘amxo‘rlik, ilhomlantirish, nazorat qilish yoki isyon ko‘tarish istagi? Hayotning qaysi jabhalarida kuchli, qaysilarida ojiz ekanligingizni his qilasiz? Faol arxetip energiya, ilhom va “o‘z o‘rnimda” degan tuyg‘uni beradi, bosiq arxetip esa qo‘rquv, ichki ziddiyat yoki majburiy rollarda namoyon bo‘ladi. O‘zingizni tinglang, ideallaringizga qarang va hayotiy voqealaringizni tahlil qiling.

Arxetiplar ongsizlik bilan ishlash usuli va metafora sifatida o‘zini anglashning eng samarali vositalaridan biridir. Ular orqali o‘zini chuqurroq tushunish mumkin. Arxetiplar psixoterapiyada, san’at amaliyotida, hikoya qilishda, hatto reklama va brendingda ham qo‘llaniladi. Shuni yodda tutish kerakki, arxetiplar son-sanoqsizdir. Bular ham obrazlar, ham hayotiy ssenariylar, ham vaziyatlardir. Ular dunyoni qanday idrok etishimizni, nimaga e’tibor qaratishimizni va qanday munosabat bildirishimizni belgilaydi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles