Ikkinchi darajali afsona?
Mayk Shinoda avlodlarni qanday ilhomlantirgan
![](https://elleuzbekistan.com/wp-content/uploads/2025/02/Dizajn-bez-nazvaniya-98.png)
Ehtimol, kimdir bu ismni eshitib, Mayk Shinodani ikkinchi darajali afsona deb aytishi mumkin. Ochig‘ini aytganda, Linkin Parkda u bilan sahnani baham ko‘rgan Chester Benningtondek yorqin musiqachi oldida Mayk Shinoda ikkinchi darajali qahramonga o‘xshab ko‘rinardi. Asosiy so‘z – ko‘rinardi. Aslida, bu serqirra inson hamma sohada iste’dodli va sustkashlik uning fe’liga yot edi. Aynan u afsonaviy Amerika guruhining asoschisi va qo‘shiqchisi edi. Mayk Shinoda nafaqat musiqachi, balki ko‘plab qo‘shiqlar muallifi, kinolar uchun musiqa yaratuvchisi, rassom, prodyuser va dizayner, shuningdek, ajoyib turmush o‘rtoq va uch farzandning otasi ham edi.
Mayk Shinoda 1977-yil 11-fevralda Los-Anjeles yaqinidagi Agoura Hillsda tug‘ilgan. Otasi yapon, onasi venger bo‘lgan Mayk bolaligidanoq musiqaga qiziqishni boshlagan. Uch yoshli Mayk pianino chalishni yaxshi ko‘rardi va aynan o‘shanda bo‘lajak yulduzning onasi uni pianino sinfiga o‘qishga berishga qaror qiladi. U o‘g‘lining nafaqat mumtoz musiqa tinglashini, balki chalib ham bilishini xohlardi. Uning orzusi ushaladi. Ko‘p o‘tmay, besh yoshli Mayk o‘zining birinchi asarini yozib, yaqinlarini hayratga soladi. O‘n ikki yoshida esa u to‘laqonli asar yaratadi va pianinochilar tanlovida birinchi o‘rinni egallaydi, ular orasida Mayk eng kichigi edi.
Ammo ko‘pincha bo‘lganidek, dunyo faqat klassika bilan esda qolmaydi. Keyinchalik u gitara chalishga qiziqishni boshlaydi, so‘ngra yig‘gan pullariga sintezator sotib oladi va asta-sekin o‘zining birinchi bitlarini yaratadi. Maykning e’tibori blyuz, rep va hip-hopga qaratiladi va u Rakim, Grandmaster Flash, Anthrax va Public Enemy kabi ijrochilardan ilhom oladi. U o‘z bitlariga so‘zlarni qo‘shishni boshlaydi. G‘ayratining cheki yo‘q edi.
Uning onasi qiziqishlarining bunday o‘zgarishidan juda hayratda qoldi, lekin shunga qaramay, uni doimo qo‘llab-quvvatladi. Endi uning uyida boshqacha musiqa yangrardi. Maktabdan tashqarida Mayk Shinoda Bred Delson (Brad Delson) bilan tanishadi va ular birgalikda musiqa yozishni boshlaydilar. Bir oz vaqt o‘tgach, ikki yosh musiqachi bo‘lajak barabanchi Rob Burdon (Rob Bourdon) bilan uchrashadi va birgalikda “Xero” nomli trio tuzadilar, shu bilan kelajakda millionlab muxlislarga ega bo‘ladigan guruhga poydevor qo‘yadilar.
Maktabni tugatgan Mayk Pasadenadagi Art Center College of Design’ga o‘qishga kiradi va u yerda Jo Xan (Joe Hahn) bilan tanishadi. “Xero” guruhi asta-sekin kengayib boradi va bu davrda Bred Shinodani xonadoshi Deyv Farrel (Dave Farrell) bilan tanishtiradi. Yangi do‘stlar tezda “Xero”ga qo‘shiladilar, ular paydo bo‘lgach guruh nomi “Hybrid Theory” deb o‘zgartiriladi. Mayk ham vokal bilan rechitativni, ham rep bilan klassikani aralashtirishni yoqtiradigan taniqli meloman bo‘lgani uchun “Gibrid nazariyasi” variantini taklif qiladi.
Bu vaqtga kelib, jamoaga g‘ayrioddiy shaxs – Chester Bennington qo‘shiladi va guruh nomini “Linkin Park”ga o‘zgartirishni taklif qiladi. “Hybrid Theory” esa albomni nomlash uchun ishlatiladi. “Biz shunchaki ushbu shov-shuvli poyezdni yo‘lga qo‘yish uchun ishladik”, – deydi Mayk suhbatlaridan birida. Bu Mayk Shinodaning o‘z musiqiy guruhini rivojlantirish ustida tinimsiz ishlagan davri edi. Hybrid Theory albomi “Linkin Park” nomi ostida zamonaviy musiqada yangi davrning boshlanishi bo‘ldi.
Warner Records boshqaruvchisi Tom Korsonning fikriga ko‘ra:““Linkin Park” qo‘shiqlari vaqtga bo‘ysunmaydi – ular madaniy to‘qimaning bir qismiga aylandi va biz ularning o‘tmish, hozirgi yoki kelajakdagi musiqasini faol ravishda targ‘ib qilamiz va sotamiz”.
2017-yilda Mayk Shinodaning hayotida musiqachi qalbida o‘chmas iz qoldirgan fojea sodir bo‘ldi. “Linkin Park”ning bosh qo‘shiqchisi, hayotidagi qiyin lahzalar bilan bog‘liq beqaror ruhiyati bilan ajralib turadigan Chester Bennington o‘z joniga qasd qildi. Xonandaning ko‘plab muxlislari, musiqa olami, jumladan, Mayk ham chuqur qayg‘u va tushkunlikka tushdi.
Boshidan kechirgan voqealardan so‘ng Mayk yarim yilga dunyodan uzilib, yo‘qotishni yengib o‘tishga harakat qildi. Ushbu yolg‘izlik davrining natijasi “Post traumatic” nomli yakka albom bo‘ldi.
2003-yilda u Fort Minor loyihasi bilan tinglovchilarga yuzlandi. “Fort musiqaning tajovuzkor tomonini anglatadi, Minor esa bir nechta narsani anglatishi mumkin: agar nazariya haqida gapiradigan bo‘lsak, u “qorong‘i” degan ma’noni bildiradi”. “Muqovadagi ismim bilan faxrlanishdan ko‘ra, albomga nom berishni ko‘proq xohlardim: odamlar menga emas, musiqaga ko‘proq e’tibor qaratishsin!” – degandi u suhbatlaridan birida. Umuman olganda, Mayk o‘zi haqida uchinchi shaxs nomidan gapirishni yoqtirardi.
Xuddi o‘sha yili Mayk Shinoda o‘z taqdirini kollejdan buyon tanish bo‘lgan bolalar yozuvchisi Anna Xilindjer bilan bog‘ladi. O‘sha yillardayoq yigit Annaga faol g‘amxo‘rlik qilgan, bu esa ularning mustahkam ittifoqiga asos bo‘lib xizmat qilgan va ulardan uchta farzand dunyoga kelgan.
Ayni shu yili Shinoda DCshoe kabi taniqli firmalar bilan hamkorlik qila boshlaydi, natijada birinchi MS DC remiksi dunyoga keladi.
2005-yilda musiqachi hamkasblari bilan birgalikda Music For Relief xayriya tashkilotini ta’sis etdi va uning doirasida Osiyodagi sunami qurbonlariga yordam ko‘rsatdi. O‘sha yili u o‘zining Fort Minor yakkaxon loyihasini amalga oshirishga kirishdi va Styles of Beyond, Lupe Fiasco, Common, Black Thought, John Legend, Holly Brook, Jonah Matranga va Jay-Z kabi taniqli ijrochilarning qo‘llab-quvvatlashini oldi. Bu ishning natijasi “The Rising Tied” albomi va “We Major” miksteypi bo‘ldi.
2006-yilda musiqachi “Where’d You Go” qo‘shig‘i uchun Grammy mukofotiga sazovor bo‘ldi. “Remember the Name” kompozitsiyasi 2006-2007-yillarda NBA video o‘yinlari seriyasining saundtrekiga aylandi.
“Linkin Park” guruhining barcha albom muqovalari muallifi Mayk Shinoda musiqiy faoliyatdan tashqari badiiy ijod bilan ham faol shug‘ullanadi. 2006-yilda u o‘zining rassomlik iqtidoriga qaytdi va “G‘ishtin, qarg‘a, toppon va chillik” (Diamonds, Spades, Hearts, and Clubs) nomli birinchi galereyasini ochdi. Fort Minor yakkaxon loyihasini asoslagandan so‘ng, musiqachi tanqidchilar tomonidan e’tirof etilgan o‘z asarlari ko‘rgazmasini uyushtirdi. Ko‘rgazmaning markaziy eksponati “The Rising Tied” albomining mashhur muqovasi bo‘ldi.
Mashhur musiqachi Los-Anjelesdagi Yapon madaniyati muzeyida o‘zining rasmlar to‘plamini namoyish etdi. Uning asarlarida zamonaviy jamiyatdagi huzur-halovatga intilish qadriyatlari mavzusi va mashhurlar hayotiga haddan tashqari qiziqish hodisasi ustunlik qiladi.
Shundan so‘ng, u 2007-yil 15-mayda chiqarilgan “Minutes To Midnight” albomi ustida guruh bilan studiya ishiga butunlay sho‘ng‘ib ketdi.
Bu ajoyib inson o‘zi bitirgan Pasadenadagi Art Center College of Design’da moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash uchun stipendiya ta’sis etdi.