Individual skincare: teri turiga mos parvarish tanlaymiz

To‘g‘ri tanlangan parvarish — teringiz sog‘lom va tiniq bo‘lishining kafolati

12 Sen 2025
fotо: pexels

Samarali kundalik skincare tartibini tuzish uchun avvalo teri qanday ekanini va uning o‘ziga xosligini inobatga olish lozim. Zero barcha uchun yagona universal yechim bo‘lmaydi - bir kishiga yaxshi taʼsir qilgan vosita boshqasida toshmalar yoki qichishishni yuzaga keltirishi mumkin.

Ushbu maqolada quruq, yog‘li, aralash turdagi va normal terining o‘ziga xosliklari haqida so‘zlab, har bir holatda qanday parvarish zarur ekanini ochib beramiz. 

Quruq teri

Xususiyatlari:

  • yuvgandan so‘ng teri tortishib qolgandek tuyulishi;

  • teri ko‘chishiga moyillik;

  • yuz ranginning xira va bir tekisda emasligi;

  • terining yupqa va sezuvchanligi yuqori bo‘lishi.

Parvarish bo‘yicha tavsiyalar:

  • Tozalash: yumshoq, sulfatlar va agressiv “yuzada faol ishlovchi moddalar”siz (masalan, krem-gellar yoki gidrofil moylari).
  • Namlantirish: tarkibida gialuron kislotasi, skvalan, glitserin yoki seramidlar bo‘lgan vositalar.
  • Oziqlantirish: shi, avokado, makadamiya kabi moylar qo‘shilgan quyuq kremlar .
  • Qo‘shimcha parvarish: namlantiruvchi niqoblar, termal suv.

Nimalardan ehtiyot bo‘lish kerak:

  • agressiv skrablar va spirtli toniklardan;
  • kislota asosidagi pilinglarni tez-tez qo‘llashdan;
  • mentol, spirt yoki evkalipt qo‘shilgan yog‘sizlantiruvchi vositalardan.

Yog‘li teri

Xususiyatlari:

  • kuchli yog‘lanish, ayniqsa T-zonada;
  • teridagi kengaygan teshikchalar;
  • to‘satdan paydo bo‘ladigan toshmalar va aknega moyillik;
  • pardozning kun davomida yaxshi saqlanmasligi.

 

 

Parvarish bo‘yicha tavsiyalar:

  • Tozalash: tarkibida salitsil, glikol yoki sut kislotasi bo‘lgan gellar.
  • Namlantirish: gel ko‘rinishidagi yengil vositalar, teridagi teshikchalarni yopib qo‘ymaydigan flyuidlar.
  • Faol moddalar: niatsinamid, rux, AHA/BHA-kislotalari, ko‘k choy ekstrakti.
  • Qo‘shimcha parvarish: teridagi teshikchalarni ochish va yog‘lanishni kamaytirish uchun haftada 1–2 marta gilli niqoblardan foydalanish.

Nimalardan ehtiyot bo‘lish kerak:

  • terini haddan ziyod quritib yuborishdan (o‘rnini to‘ldirish uchun teri yanada ko‘proq yog‘ ishlab chiqara boshlaydi);
  • quyuq krem va moylardan;
  • parvarish vositalarini tez-tez alishtirish va ustma-ust, ustma-ust surtishdan.

Aralash teri

Xususiyatlari:

  • yog‘li T-zona (peshona, burun, iyak), ammo normal yoki quruq yonoq qismi;
  • ayrim joylarda kengaygan teshikchalar;
  • ham quruqlik, ham toshmalar paydo bo‘lish ehtimoli mavjudligi.

Parvarish bo‘yicha tavsiyalar:

  • Tozalash: terini quritmaydigan balanslovchi gellar.
  • Namlantirish: universal kremlar yoki zonali yondashuv — T-zonani yengil namlantirish, yonoqlarni esa ko‘proq oziqlantirish.
  • Faol moddalar: niatsinamid, allantoin, pantenol.
  • Qo‘shimcha parvarish: multiniqoblash, ya’ni yuzning turli qismlariga turlicha niqoblarni ishlatish.

Nimalardan ehtiyot bo‘lish kerak:

  • o‘ziga xosligini hisobga olmagan holda yuzning barcha qismlariga bir xil vositalarni ishlatishdan;
  • yuzning hamma yeriga kuchli taʼsir qiluvchi kislotalarni surtishdan;
  • aknega moyillik bo‘lgan taqdirda - silikonli mahsulotlardan.

Normal teri

Xususiyatlari:

  • tabiiy gidrolpid muvozanatiga egalik;
  • yog‘lanib, yaltiramasligi yoki qurib ketmasligi;
  • toshmalar va qichishishlarning deyarli yo‘qligi;
  • terining tekis va silliq ko‘rinishi.

 

Parvarish bo‘yicha tavsiyalar:

  • Tozalash: mayin, teri himoya qatlamiga ziyon yetkazmaydigan.
  • Namlantirish: mavsumga qarab yengil emulsiya va kremlar.
  • Faol moddalar: antioksidantlar (masalan, S vitamini), gialuron kislotasi, peptidlar.
  • Qo‘shimcha parvarish: quyoshdan himoya vositasi (SPF 30 yoki undan balandroq bo‘lishi kerak), ehtiyojga ko‘ra tanlangan parvarish vositasi (misol uchun, namlantiruvchi niqob).

Nimadan ehtiyot bo‘lish kerak:

  • kerak bo‘lmagan holatda ham faol moddalarni haddan ziyod ko‘p qo‘llashdan;
  • zarurat tug‘ilmasa-da, ko‘p bosqichli parvarishga mukkasidan ketishdan;
  • parvarishning bazaviy bosqichlarini e’tibordan chetda qoldirishdan (namlantirish, SPF).

Terini turiga qarab parvarishlash shunchaki urf emas, balki teriga oqilona va samarali munosabatda bo‘lishning asosidir. Marketing yoki dugonalaringiz maslahatlariga emas, balki teringizning holatiga, turli vositalar unga qanday ta’sir qilishiga va mavsumiy o‘zgarishlarga e’tibor bering.

Agar teringiz turini aniqlay olmay ikkilanayotgan bo‘lsangiz yoki parvarish vositalarini tanlashda qiyinchiliklarga duch kelsangiz, dermatolog yo bo‘lmasa professional kosmetologga murojaat eting. Zero, individual yondashuv doimo parvarishning universal usullariga qaraganda yaxshiroq natija beradi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles