Insoniylik hikoyalari: Audrey Hepburn
Dunyoni qutqaradigan go‘zallik
Barchaga sevimli bo‘lgan go‘zallik va uslub timsoli bo‘lmish Audrey Hepburn nafaqat tashqi ko‘rinishi tufayli tarixga kirdi. Balki aktrisa butun umrini xayriya va butun dunyo bo‘ylab bolalarga yordam berishga bag‘ishlagan.
Audrey bolaligida onasi va ukalari bilan Niderlandiyada Ikkinchi Jahon urushini boshdan kechirgan. Aktrisa o‘z xotiralarida ocharchilik paytida kartoshka po‘chog‘ini yeyishga to‘g‘ri kelganini yozgan. O‘z yerto‘lasi aholisi uchun ozgina pul yoki oziq-ovqat ishlab topish uchun esa, bo‘lajak ekran yulduzi balet etyudlari bilan chiqish qildi. Mamlakat ozod qilinganda, UNICEF Niderlandiya aholisiga yordam berdi, muhtoj bolalarni davoladi va boqdi. Bu narsa Audreyning nafaqat hayotini o‘zgartirib yuborgan, balki o‘z hayotini ushbu tashkilotga bag‘ishlashga turtki bo‘lgan burilish nuqtasi edi.
Dastlab, Audrey allaqachon kino karyerasiga ega bo‘lib, UNICEFning xayriya bazmlariga qatnashib va radio eshittirishlarida ishtirok etib, nominal ravishda yaxshi niyat elchisi bo‘lgan. Biroq keyinchalik u bu yetarli emasligini tushundi va missiyalarga muntazam ravishda tashrif buyuradigan bo‘ldi. Quyida ulardan eng muhimlarini ko‘rib chiqamiz.
Audreyning birinchi missiyasi Efiopiyadagi och bolalar muammosiga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish edi. Shu bilan birga, aktrisa hech qachon homiylarning xayriyalaridan foydalanmagan va oziq-ovqat bilan birga harbiy samolyotlarda uchgan. Audrey besh yuzdan ortiq och bolalar bilan yetimxonaga tashrif buyurib, UNICEFdan uning qaytishiga qadar oziq-ovqat va dori-darmon jo‘natilishini ta’minladi. Tashkilot xodimlari Hepburnni yaxshi niyatning boshqa yulduzli elchilari orasida ajratib ko‘rsatishdi: u har doim nutq so‘zlash uchun o‘zi nutq matnini yozgan. Shuningdek, qochoqlar lagerlarida yoki kasalxonalarda uchratgan har bir bolaga chin dildan dard chekar va hamdardlik bildirardi.
80-yillarning oxirida Audreyning Markaziy va Janubiy Amerika davlatlari: Salvador, Meksika, Gonduras va Gvatemalaga sayohatlari bo‘lgan. Ushbu tashriflar chog‘ida Hepburn bolalarga yordam berish dasturlarini muhokama qilish uchun siyosatchilar bilan uchrashdi, shuningdek, suv quvurlarini ishga tushirish va tibbiyot muassasalarini qurish jarayonlarini kuzatib bordi.
Shundan so‘ng missiya bilan Venesuela, Ekvador, Vyetnam, Bangladesh va Sudanga safarlar bo‘ldi. Audrey har safar shunchaki oddiy kuzatuvchi bo‘lmay, xayr-ehsonlar, oziq-ovqatlar va tibbiy yordamning bolalar uylari va kasalxonalarga aniq yetkazilishini ta’minlashga harakat qildi. Oziq-ovqat mahsulotlarini shaxsan o‘zi tashidi va gumanitar yordam bilan kelgan delegatsiyani chegaradan o‘tkazishga ruxsat berishmaganda, qo‘rqmasdan bir necha bor o‘zini garovda ushlab turishlarini taklif qilgan. Hepburn bolalarni kasalliklarga qarshi emlashga, kambag‘allarga bog‘chalar va maktablar qurishga yordam berdi.
Uning Somali va Keniyaga qilgan safari oxirgisi edi. Audrey odamlarning ichimlik suvi yetishmasligidan o‘layotganini ko‘rib hayratga tushdi, chunki ichimlik suvi orqasidan bir necha kilometr yurishga to‘g‘ri kelardi. Hepburn kelgandan keyin uylar yonida ichimlik suvi quvurlari paydo bo‘ldi. Shu tariqa u minglab odamlarning hayotini saqlab qoldi. Aktrisa o‘z kasalligini ham Afrikada qarshi oldi. Mahalliy shifokorlar uzoq vaqtgacha kasallikni aniqlay olmadilar va u AQShga qaytganidan keyingina saratonga chalinganini bildi. Hatto vafotidan keyin ham Audrey Hupbernning xayrli ishlari amalga oshirilishda davom etadi: uning nomidagi jamg‘arma haligacha faoliyat yuritadi va muntazam ravishda muhtoj bolalarga yordam beradi.
Faol xayriya faoliyati uchun UNICEF Audrey Hepburnni vafotidan so‘ng Ozodlik medali bilan taqdirladi va aktrisaning o‘g‘liga insoniyatga ko‘rsatgan yordami uchun tayinlangan Jean Hersholt mukofotini topshirdi.