Ishonch san’ati: byuti-sanoatini o‘zgartirayotgan Zara Yuldosheva bilan suhbat

Permanent makiyaj va sohaga oid yangi standartlar xususida

13 Avg 2025
foto: Liana Shagitova

Go‘zallik va permanent makiyaj san’ati olamida Zara Yuldasheva professional usta, pedagog va tashabbuskor sifatida alohida o‘rin tutadi. Uning yo‘li salonda emas, balki ijod va hayotiy sinovlarga to‘la bolaligidan boshlangan. Bugungi kunda Zara xalqaro tajribaga ega tan olingan mutaxassis bo‘lib, uning ishlari va murabbiylik faoliyati minglab ayollarga o‘zlarini yanada ishonchli his etishlariga yordam bermoqda.

ELLE O‘zbekiston pardoz ustasi, maktab asoschisi va xalqaro mukofotlar sohibasi bilan sohaning zamonaviy qiyofasi, shaxsiy yo‘li va kasbda chindan ham muhim ahamiyatga ega qadriyatlar to‘g‘risida suhbatlashdi.

fotо: Liana Shagitova

Ildizlar, ijod va yo‘l

Zara Yuldasheva hikoyasi – bu iroda, iste’dod va qat’iyatning yorqin namunasi. 1985-yilda Toshkentda, ko‘p farzandli va ichki tartib hamda an’ana hayotning ajralmas qismi bo‘lgan oilada tug‘ilgan qizaloq bolaligidan ijod va o‘zini ifoda etishga intilish ruhini yuragida olib yurgan.

“Maktab davrida rasm chizishni juda yaxshi ko‘rardim, tasviriy san’at fanidagi ishlarim ko‘pincha eng yuqori baholarga sazovor bo‘lardi”, – deya eslaydi Zara.

Go‘zallik industriyasiga qadam qo‘yishi ham tasodif bo‘lmadi. Otasini erta yo‘qotgan yosh qiz san’at orqali o‘z tuyg‘ulari va ichki kuchini ifodalash yo‘lini izlab, tatuirovka san’atida o‘ziga mos maydon topdi.

“Birinchi tatuirovkam – oyog‘imdagi burj belgisi edi. Bu o‘zimga va kelajagimga tashlagan chaqiriq edi”, – deya tan oladi u.

Hayotidagi burilish nuqtasi – Toshkent markazidagi studiyaga qilgan tashrifi bo‘ldi. U yerning yaratuvchan muhitidan va hamkasblarning professionalligidan ilhomlangan Zara:

“Bir xonani ijaraga olib, avvaliga pirsing va tatuirovka bo‘yicha mahoratimni oshirdim, so‘ngra doimiy make-up san’atiga ham kirishdim. Asta-sekin o‘z mijozlarim bazasini shakllantirdim va angladimki, men faqat ustachi emas, balki o‘z falsafasini yaratib, bilim ulashadigan inson bo‘lishni istayman”, – deya hikoya qiladi.

2009-yildayoq u shogirdlar tayyorlashni boshladi, ish jarayonida bosqichma-bosqich o‘z metodikasini rivojlantirdi. Biotouch, Biotec kabi xalqaro maktablarda o‘qishi, ayniqsa Moskvadagi Goar Avetisyan Beauty School bilan hamkorligi uning pedagoglik faoliyatiga ishonch va keng miqyos olib keldi.

Bugun Zara Yuldasheva – xalqaro miqyosda tan olingan ekspert va Toshkentdagi o‘z studiyasining asoschisi. Bu yerda innovatsion texnikalar hamda yuksak sifat standartlari uyg‘unlashgan. Uning mualliflik metodikasi esa allaqachon turli mamlakatlardan kelgan ustalar orasida e’tibor va mashhurlikka erishgan.

fotо: Liana Shagitova

Permanent makiyajdagi mualliflik yechimlari

Doimiy make-up san’atida Zara har doim uch omil – mustahkamlik, estetika va teriga ehtiyotkor munosabat – o‘rtasida mukammal muvozanat izlab keldi. Ana shu izlanishlar uning mualliflik texnikasiga – “Barchin ta’siri” uslubiga zamin yaratdi. Ustoz yillar davomida mavjud metodlarni chuqur tahlil qildi, texnikasini mukammallashtirdi va deyarli barcha uchun mos keladigan universal usulni yaratdi. Bu na klassik tatuaj, na oddiy “pudra” texnikasi – balki yuzga bosiqlik va chuqurlik bag‘ishlovchi yengil, yarim shaffof vual bo‘lib, qoshga tabiiy hajm va mayinlik beradi. Natijada qoshlar tabiiy ko‘rinadi, og‘ir tuzatishlarga ehtiyoj qolmaydi va 2–3 yil davomida chiroyli ohangini saqlagan holda, asta-sekin nozik shaffoflikka o‘tadi.

Lab ustida ishlashda ham Zara o‘z yo‘lini tanladi. Akvarel texnikasidan ilhomlangan holda u o‘ziga xos metodini ishlab chiqdi.

“Pigmеnt teriga iloji boricha bir tekis yotishi, ortiqcha yuklama bo‘lmasligi uchun ko‘p ishladim. Natijada rang tabiiy chiqadi, keskin chiziqlar yo‘q. Bu – mening tamoyilim: tabiiy go‘zallikni yanada ochish”, – deya tushuntiradi u.

Zaraning eng tez bajariladigan amaliyoti – kiprik oralig‘ini nozik soyali bo‘yoq bilan ishlashdir. U bu texnikani shunday mukammal darajaga yetkazdiki, jarayon atigi 10 daqiqa davom etadi. Shish, og‘riq yoki uzoq reabilitatsiya – yo‘q. Mijoz esa tabiiy ifodali ko‘zlarga ega bo‘ladi.

Zaraning barcha mualliflik texnikalari yagona falsafaga asoslanadi: teriga minimal shikast yetkazish, tez tiklanish, qalin qobiq hosil qilmaslik va eng muhimi – har bir mijozning o‘ziga xosligini saqlab qolish.

foto: Liana Shagitova

Mufassal mukammallik: Zaro Yuldoshevadan o‘rganish

O‘n besh yillik pedagoglik faoliyati davomida Zara Yuldasheva yuzlab ustalarni tayyorladi – ular bugun o‘z yo‘lini topib, muvaffaqiyat sari odimlab bormoqda. Ustoz o‘z amaliyotiga xorijda malaka oshirish chog‘ida o‘zlashtirgan g‘arb standartidagi gigiyena va mijozlar bilan ishlash tamoyillarini faol tatbiq etadi. Bu yondashuv unga jarayonlar sifatini doimiy ravishda yuksak darajada ushlab turish, shuningdek, o‘quvchilarni sanoatdagi xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilishga o‘rgatish imkonini beradi.

Zaraning o‘quv dasturlari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi – bunda texnik mahoratni mukammallashtirish, qo‘lning badiiy qo‘yilishini shakllantirish va tushunarli nazariya uyg‘unlashgan. U darslarga ustaning biznesda o‘z o‘rnini belgilashi, ijtimoiy tarmoqlarda samarali faoliyat yuritishi, kontentni to‘g‘ri suratga olish va shaxsiy brendini rivojlantirish bo‘yicha bo‘limlarni ham qo‘shadi. Chunki Zara ishonch bilan aytadiki, bugungi zamon ustasi faqat yaxshi mutaxassis bo‘lishi kifoya emas – u o‘zini targ‘ib qila oladigan, kuchli shaxs bo‘lishi shart.

fotо: Liana Shagitova

E’tirof va professional muvaffaqiyat

Mening har bir mukofotim – tanlagan yo‘lim to‘g‘riligini tasdiqlovchi belgi – deydi Zara – ammo eng qadrli mukofotlarim – bu kasb rivojiga qo‘shgan hissam va davlat hamda xalqaro miqyosdagi e’tirofni ifodalovchi yutuqlar.

Uning professional muvaffaqiyatlari orasida yurtimiz tibbiy turizmi sohasida 2024-yilning “Eng muvaffaqiyatli mutaxassis”i unvoniga sazovor bo‘lishi alohida o‘rin tutadi. Bu mukofot Zara faoliyatining faqat estetik kosmetologiya sanoatiga emas, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy qiyofasiga qo‘shgan hissasini ham ta’kidlaydi.

Xalqaro sahnalar ham Zara uchun o‘ta muhim:

Beautyworld Middle East (Dubay) va Beautyworld Central Asia (Toshkent) kabi yirik tadbirlarda O‘zbekiston nomidan ishtirok etish — bu men uchun katta faxr. Mutaxassis sifatida chiqish qilish, mualliflik texnikamni ulashish, dunyoning turli burchaklaridan kelgan ustalar bilan muloqot qilish — bu yuksak sharaf. Bu mening o‘z uslubim va xalqaro miqyosdagi hissam tan olinganining isbotidir, — deydi u.

2025-yil iyunida Zara WULOP 2025 Semi Final xalqaro konferensiyasining spikeri bo‘ldi. Tadbir Qozog‘istonning Olmaota shahrida, AQShning Filadelfiya shahrida hamda Armanistonda o‘tkazildi. Olmaotadagi Kazakhstan 2025 Semi Final doirasida u “Haqiqiy usta avval o‘ylaydi. Faqat so‘ng — bajaradi” mavzusida chiqish qilib, doimiy make-updagi falsafasi va professional yondashuvini ulashdi.

Endi esa 27-avgust kuni Zara AQShning Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tadigan WULOP USA 2025 Semi Final tadbirida “non-stop speaker” maqomida qatnashib, qoshga mo‘ljallangan mualliflik “Barchin ta’siri” texnikasini taqdim etadi. Keyingi bosqich — Armaniston: 6-sentabr kuni u WULOP Armenia 2025 Semi Final sahnasida, 7-sentabrda esa Yerevanda bo‘lib o‘tadigan PMU Stars konferensiyasida o‘zining “Barchin” texnikasini namoyish qiladi. Bu uslub allaqachon uning professional imzosiga aylangan.

Pedagoglik faoliyati Zaraning butun ijodiy yo‘lida alohida o‘rin egallaydi. Germaniya va Rossiyada o‘qib, u Yevropa maktablari, jumladan LCN nomidan rasmiy ravishda dars berish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu esa uning xalqaro darajadagi trener sifatida shakllanishida muhim bosqich bo‘ldi va mustahkam poydevor yaratdi.

fotо: Liana Shagitova

2025-yil trendlari: nima qolmoqda va nimadan voz kechish vaqti keldi

Ustaning aytishicha, 2025-yilda doimiy make-up industriyasi anglangan tabiiylik davriga yakuniy qadam qo‘ydi.

“Mijozlar endi o‘zining tabiiy chiroyini ko‘rishni istaydi, baland ovozdek “baqirib” turgan bo‘yoqni emas. Qoshlarda – yengil soyali ishlov, lablarda – akvarel texnikasi, qovoqlarda esa shish va og‘riqsiz kiprik oralig‘ini bo‘yash mashhur”, – deya tushuntiradi Zara.

U, shuningdek, shaxsiylashtirilgan xizmatlarga bo‘lgan qiziqish ortayotganini ta’kidlaydi:

“Endi bir qolip hamma uchun ishlamaydi. Usta mijozning yuz anatomiyasini, teri tuzilishini, hatto xarakterini inobatga olishi zarur. Yana xavfsizlikka, sertifikatlangan material tanlashga va jarayondan keyingi teri parvarish sifati – tobora katta ahamiyat kasb etmoqda”, – deya qo‘shimcha qiladi u.

Xo‘sh, zamon ortda qoldirgan usullar-chi? Avvalo – yuzni og‘irlashtiruvchi, qalin va keskin chizilgan qoshlar. Zara yetarlicha tayyorgarliksiz ishlash va sertifikatsiz materialdan foydalanishga ham mutlaqo qarshi.

Oldinga yurish missiyasi

Zara Yuldasheva qat’iy ishonch bilan aytadiki, doimiy make-up ustasi faqat texnika ustida emas, balki kengroq ko‘ra bilish, strategik fikrlash va kelajak bilan ishlash mahoratini ham rivojlantirishi kerak.

Toshkentdagi o‘z studiyasida u shaxsiy izlanishlari asosida yaratilgan innovatsion metodikalarga alohida urg‘u beradi: “Xna ta’siri”, “Osiyo uslubidagi lablar”, “Havo tolalari”. Bu texnikalarni u shogirdlari bilan birga chuqur o‘rganadi va amalda mukammallashtiradi. Ularning barchasi universal, teriga engil munosabatda bo‘ladi va hatto birinchi seansdayoq barqaror natija ko‘rsatadi.

Zaraning o‘z oldiga qo‘ygan muhim maqsadlaridan biri – professional ta’limni butun dunyo ustalari uchun ochiq va qulay qilish. 2025-yildan boshlab u uch tilda – rus, o‘zbek va ingliz — batafsil videodarslardan iborat onlayn kurs yaratish ustida ishlamoqda. Maqsad – turli hudud va mamlakatlardan mutaxassislarni o‘qitish. Bugun esa u faxr bilan e’lon qiladi: o‘zining “Pro Master-3” nomli doimiy make-up bo‘yicha mualliflik kursiga rasmiy mualliflik huquqini qo‘lga kiritdi va uni xalqaro auditoriyaga taqdim etdi.

“Bilim va ta’lim kuchiga bo‘lgan ishonch – mening ishlarimning kuchli harakatlantiruvchi dvigateli. Men ishonamanki, bitta imkoniyat ham inson taqdirini o‘zgartira oladi. Agar men kim uchundir o‘sha imkoniyat bo‘la olsam, demak, qilayotgan ishlarim bejiz emas”, – deya so‘zini yakunlaydi Zara.

Maqolani baham ko'ring

Related articles